Yuklanmoqda...

Suv qayerda issiqroq? 

336

   Suv qayerda issiqroq bo‘ladi – daryodami, dengizdami yoki okeanlardami? Suv sirtining harorati havzaning geografik joylashuvi, iqlim sharoiti va havo oqimlariga bog‘liq. Okean va dengiz suvlari haroratiga havza osti relefi va chuchuk suvlarning quyilishi ham ta’sir etadi. Chuqur joylarga nisbatan sohillar va sayoz joylarda suv issiqroq bo‘ladi.
  Okean va dengizlar suvining harorati Shimoliy yarimsharda balandroq. Suv sirtining nisbatan yuqori harorati Meksika ko‘rfazi, Florida bo‘g‘ozi va Qizil dengizning janubiy qismida kuzatiladi. Bu yerlarda suv harorati avgust oyida 32,8 °C gacha ko‘tariladi. Bu oyda Qizil dengiz suvining harorati boshqa joylardagiga qaraganda eng ko‘p davr mobaynida saqlanib qoladi.
   Kaspiy dengizida eng issiq harorat 37,2 °C bo‘lsa, Orol dengizida bu ko‘rsatkich 32,4 °C ga yetadi. Azov dengizida suv sirti 32 °C, Qora dengiz va Yapon dengizida 31,2 °C, Oxota dengizida 25,9 °C, Bering dengizida esa 22,2 °C gacha isishi mumkin.
   Daryolar, ayniqsa kichik daryolar suvining haroratiga ular oqib o‘tadigan joylarning iqlimi katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli daryolar suvining harorati okean va dengizlarnikidan yuqoriroq bo‘ladi. Amudaryo irmoqlarida suv sathi harorati 45,2 °C ga yetishi mumkin. Eng baland harorat bir kundagina kuzatiladi, biroq yuqori harorat uzoq vaqt saqlanib qoladi. Amudaryo havzasida baland harorat ellik-oltmish kungacha o‘zgarmay turishi mumkin.
Suv sirti va ostidagi haroratning har xilligidan foydalanib, suvlardan issiqlik chiqarish va ularni elektr stansiyalarida elektr energiyasiga aylantirish mumkin. Shu xildagi ilk elektr stansiyasi Afrikada, Kot d’Ivuarning Abidjan shahrida qurilgan. U o‘n to‘rt ming kilovatt quvvat bilan ishlaydi. Stansiya sovuq suvni besh yuz metr chuqurlikdan oladi. Bu yerda sirtqi va ostki suv haroratining farqi 10-15 daraja atrofida.
   Ochiq suv havzalarida harorat uncha baland emas, ularda suv pastroq haroratda ham bug‘lanaveradi. Bunday tez qaynaydigan suvni maxsus katta qozonlarda siqib, bug‘lantirish mumkin. Birinchi jahon urushi paytida Shveytsariyaga ko‘mir olib kelinishi to‘xtatiladi. Shunda mana shu usulda bug‘ hosil qilinib, shahar isitish tizimi ishga tushiriladi. 
Orifjon Madvaliyev 

 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash