Yuklanmoqda...

Antarktida qanday paydo bo`lgan?


 
 
Sayyoramiz janubidagi oltinchi qit`a – Antarktida kashf etilganiga 190 yildan oshdi. Biroq uning yuzasini qoplagan muz qatlamlari tagidagi sirlar hanuzgacha ochilgani yo`q. Ba`zilar "muz po`stin” sirli hayot manzaralarini yashirib yotibdi deb hisoblasa, boshqalar Yerning paydo bo`lishiga bilan bog`liq savollarga shu joydan javob olish mumkin, deydi. O`zuvchi va tarixchi Keystut Zakoretsskiy taxminiga ko`ra, Antarktida koinot miqyosida ro`y bergan ulkan halokat natijasida yuzaga kelgan.

– Antarktidaning vujudga kelishi favqulodda sirli va ajoyib hodisadir, – deydi K. Zakoretsskiy. – Olimlarning qachonlardir Yerda Gondvana degan yagona superkontitent bo`lganiga doir taxminni ilgari surganiga ancha bo`ldi. Bu yagona qit`a amalda Janubiy yarim shardagi barcha quruqlikni birlashtirgan. U 750-530 mln. yil muqaddam mavjud bo`lgan. Xo`sh, bu qit`a qayoqqa g`oyib bo`lgan? Yagona superkontitentning parchalanib ketishini faqat koinot miqyosidagi yirik falokatlargina keltirib chiqarishi mumkinmi? Geologlar ko`p ming yillar avval ummonlar sathi bir necha metrga ko`tarilgan, degan fikrni aytib kelishadi. Sayyoraga buncha ko`p miqdordagi suv qayoqdan kelgan? Koinotdan. Ba`zan bir necha kub kilometr hajmdagi muz kometa – "uchuvchi aysberg”lar Yer orbitasini kesib o`tib qoladi. Ular sayyora yuzasini o`yib kirgach, eriy boshlaydi va hosil bo`lgan suv ummonlar sathini ko`taradi. Taxmin qilish mumkinki, shunday "aysberg”lardan biri Yerga kelib urilib, inson tomonidan o`zlashtirilgan Qora dengiz bo`yi, Alyaskadagi Berengiya, Chukotka va boshqa joylarning sohillarini suv ostida qoldirgan.

Astronomiya fani yulduzlar "tug`iladi”, "yashaydi” va "o`ladi”, deya ta`rif beradi. Agar "o`lgan” yulduzning biror sayyorasi bo`lsa, u koinot uzra o`ziga yangi yulduz tizimlarini axtaradi. Taqdir hukmiga havola etilgan bu sayyora yangi yulduz turkumini topsa ham darhol uning orbitasida aylana olmaydi, balki uni bir necha bor kesib o`tishiga to`g`ri keladi. Tasavvur qilingki, Yer kurrasi yonidan mana shunday "taqdiri noaniq” sayyora, deylik Neptun (uning massasi Yernikidan 17,2 barobar katta) uchib o`tayapti. Bu Yerga ta`sir ko`rsatadimi? Ko`rsatganda ham qanday! Aslo uni yaxshilikka yo`yib bo`lmaydi. Olimlar taxminicha, Neptun sayyorasi 12 500 yil muqaddam Mars va Yupiter orasidan o`tayotib, yo`lidagi butun bir planetani parchalab (o`sha planeta parchalari "uchuvchi aysberg”larga aylangan) yuborgan. Neptun Mars sayyorasi yonidan uchib o`tayotganda Marsning yuzasida uzunligi ming kilometrli dara (kanon) hosil bo`lgan (ya`ni o`zaro tortishish oqibatida Neptun Marsning shuncha qismini "yulib” ketgan). Neptun Yerga yaqinlashganda ham shunday hol ro`y bergan. Ya`ni u hozirgi Tinch okeani o`rnidan Yerning butun bir qobig`ini qo`porib ketgan bo`lishi kerak. Oy ana shu Neptun "qo`porgan” qobiqdan hosil bo`lgan, degan nazariya mavjud. Biroq Yerdan qo`porilgan qobiqning hammasi koinot qa`riga uchib ketmagan, uning bir qismi Yerning ichki qayishqoq qobig`i ta`sirida "aylanib, buralib qolgan”. Buning oqibatida Godvana superkontinenti bo`laklarga bo`linib, Janubiy qutb kengliklarida Antarktida hosil bo`lgan.

Asta-sekin Antarktidani muz qatlamlari qoplagan. Tadqiqotchilarning dalillashlaricha, uning yuzasida hayot mavjud bo`lgan. Aynan Janubiy qutbdan 520 kilometr masofada sovuqqa bardoshsiz bo`lgan qadimgi timsohning bosh suyagi topilgani ham bejiz emas. Ba`zi manbalarda insoniyat ayrim bilimlarni tayyor holda olgan, degan ishoralar mavjud. Xo`sh, qaerdan olgan bo`lishi mumkin? Ehtimol, qachonlardir mavjud bo`lgan rivojlangan tamaddunlardandir. Ular qaerda? Ehtimol, Antarktida hududida bir vaqtlar shunday tamaddun bo`lganmikan? Hozircha buni yuz foiz tasdiqlash qiyin. Negaki, barcha dalillar muz ostida yotibdi. Ularni qazib olish esa oson emas, boz ustiga juda qimmat. Antarktida Yerning jannatmakon burchagi – sobiq Atlantida ekanligiga doir gap-so`zlar tarqaganiga ancha bo`ldi. Bu g`oyani dastlab Platon aytgan: yo`qolgan jannatmakon hududning hajmi (30 000 ga 20 000 bosqich – bir bosqich 185 kilometrga teng) Antarktida o`lchamlariga muvofiq kelarkan. Binobarin, ikki asr muqaddam turk admirali Piri Reynsning 1513-yili tuzilgan xaritasi topilgan edi. Unda Antarktida yuzasi muz qoplamisiz ko`rinishda tasvirlangan. Reyns bu xaritani tuzishda qadimgi yunon manbalariga tayanib ish ko`rganini ta`kidlagan.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash