Qo`ltiqdagi katta to`lqin 

4 710

Tabiatda to'satdan ro'y beradigan eng dahshatli hodisalardan biri — sunamidir. Sunami, asosan, kuchli zilzilalar vaqtida dengiz tubining birdaniga ko'tarilishi yoki pasayishidan, shuningdek suv osti va sohil vulqoni otilishidan, suvga ulkan massali jinslar qulashidan, ba'zan esa tayfunlar dastidan vujudga keladigan bahaybat to'lqinlardir. 

Yer sharida sunamilarning 95 foizi materik yon bag'rida va okean chuqurliklaridagi zilzila oqibatida sodir bo'ladi. «Sunami» yaponcha so'z bo'lib «qo'ltiqdagi ulkan to'lqin» degan ma'noni bildiradi. Sunami juda halokatli bo'lib, katta ko'lamdagi vayronalarga, ko'plab qurbonlarga sabab bo'ladi. Sunami qirg'oqdan uzoqdagi, okean o'rtasidagi kemalarga xavf tug'dirmaydi; ammo sohilga yaqinlashgan sari to'lqinning balandligi ortib, kemalar turishi uchun qulay bo'lgan qo'ltiqlarda juda dahshatli, vayron etuvchi kuchga aylanadi. Sunami to'lqinlari atrofga soatiga 750-1000 kilometrgacha tezlikda tarqaladi, to'lqinlar qo'ltiqda 15 metrdan 30 metrgacha balandlikka ko'tariladi.
 
Sunami insoniyatga juda qadimdan ma'lum. Sunami haqidagi dastlabki ma'lumotlar eramizdan avvalgi ikki minginchi yillarga oid. 

869 yil iyulda Yaponiyaning Sanrika rayoniga sunami to'lqinlari bostirib kelgan. Mingdan ortiq odamning bir qismi xarobalar ostida qolib nobud bo'lgan, bir qismini to'lqinlar okeanga olib ketgan. 

Sunami sohildagi yuzlab qishloqni yuvib ketgan. 1692-yil 7-iyulda Karib dengizidagi Yamayka orolida kuchli zilzila bo'lgan. Zilzila va sunami to'lqinlari Port Royyalni batamom vayron qilgan, shaharning uchdan bir qismi suv ostida qolgan; juda ko'p odamni yer va suv o'z qa'riga olgan, ko'plab kemalar g'arq bo'lgan.
 
1755-yil 1-noyabr kuni Portugaliya poytaxti Lisabon shahridagi aholi barcha avliyolarni katta bayram bilan nishonlayotgan ekan. Shahar fuqarosining ko'pchiliga butxonalarda ibodatga to'plangan paytda qattiq zilzila bo'lgan. Qulagan shamlardan yong'in chiqqan. Zilzilaning dastlabki zarbidayoq shahar vayronaga aylangan. Yigirma daqiqadan so'ng zilzila dastlabki kuch bilan yana takrorlangan, ayni vaqtda balandligi 20-30 metr keladigan bahaybat dengiz to'lqini shaharga yopirilgan, ayrim joylarda suv shaharning 15 kilometr ichkarisigacha kirib borgan va yo'lida duch kelgan barcha narsani xarob etgan. Shahardagi 32 ibodatxona va 52 saroy yer bilan bitta bo'lgan, yangi prichal (kema to'xtaydigan joy) suv ostida qolgan, ko'p kemalar pachaqlanib suvga cho'kkan, 50 mingdan ko'prok odam halok bo'lgan.
 
Zilzila natijasida ro`y beradigan sunamilarning 85 foizi Tinch okean havzasiga to'g'ri keladi. 684-yildan buyon 355 ta halokatli sunami ro'y bergani ma'lum, shularning 308 tasi Tinch okeanda bo'lgan. Tinch okean sohillarida 800 marta sunami bo'lgani ma'lum. Zilzila va sunami dastidan, asosan, Yapon orollari, Janubiy Amerika, Gavay orollari, Kamchatka, Kuril orollari axolisi zarar kuradi. Zilzila oqibati bo`lgan sunamilardan eng talafotlisi 1896-yil 15-iyunda Yaponiyaning sharqiy sohilida Sanrin rayonida ro`y bergan. Zilzila uchogi Yaponiya orollaridai 200-240 kilometr sharqda joylashgan. Yer qimirlab 20 daqiqagacha o'tgach, dengiz bir oz chekingan, taxminan bir soatlardan keyin qirg'oqqa balandligi 25 metr keladigan to'lqin yopirilib, 320 kilometr uzoqlikdagi qirg'oqni qoplagan. Sunami 2466 ta uyni vayron etgan, 10 167 ta uyni yuvib ketgan; 27 122 kishi halok bulgan va 9427 kishi jarohatlangan. Shu paytda sohildan uzoqda — dengizda baliq ovlab yurgan baliqchilarning bu voqeadan xabarlari ham bo'lmagan, ertasiga uylariga qaytib, fojiadan hang-mang bo'lib kolganlar.
 
1946-yildan buyon Tinch okeanda 20 ga yaqin yirik tsunami bo'lib, Alyaska, Gavay orollaridagi portlar shikastlandi. 1960 yil may oyi oxirida Chilida bo`lgan zilzila vaqtida ham dengiz tubi tik yo'nalishda harakatlanib, kuchli tsunami vujudga keldi va Chili sohilidagi yuzlab odamning yostig'ini quritdi. Sunami to'lqinlari reaktiv samolyot tezligida harakatlanib, Kaliforniya, Gavay orollari, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Filippin, Yaponiya, Kuril orollari va Kamchatka sohillarigacha borib etdi. Natijada Yangi Zelandiya sohillaridagi kemalar ag'darildi, Filippin sohillaridagi bir necha shaharni suv bosdi. Balandligi 10 metr keladigan to'lqin Chilidan 16 ming kilometr uzoqda joylashgan Yaponiya qirg'oklariga 21 soatda kelib etgan va 36 ming uy suv ostida qolgan. Baliq ovlaydigan 900 ta kema ag'darilib, yuzlab odam halok bo'lgan. Sunami insoniyatga katta zararlar etkazgan. Lekin tabiatda uning ham o'ziga xos vazifasi bor.

2011-yil Yaponiyaning Xonsyu orolidagi sunami oqibati

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.