Yuklanmoqda...

Amaliy geografiyaning tadqiqot usullari 

2580

  Amaliy geografiya tabiiy va ijtimoiy muhitni o‘rganishda turli tadqiqot usullaridan foydalanadi. Mazkur tadqiqot usullariga quyidagilar kiradi: sistemali, ekologik, landshaft va iqtisodiy. Ushbu usullarni yondashuv deb atash ham mumkin.
  Sistemali usul (yondashuv). Mazkur usulda o‘rganilayotgan hudud ma’lum bir sistema sifatida qaraladi. Bu sistema esa bir-biri bilan bog‘langan qator kichik sistemalardan iborat bo‘ladi. Masalan, Chirchiq vodiysini ma’lum bir yaxlit sistema sifatida oladigan bo‘lsak, u bir-biri bilan bog‘langan quyidagi sistemalar­dan iborat: geologik tuzilishi; relyefi; suvlari (daryolari, ko‘llari, muzliklari, botqoqliklari, yerosti suvlari); iqlimi; tuproqlari; o‘simlik va hayvonot dunyosi; qishloq xo‘jaligi; sanoati; transporti; aholi manzilgohlari (shahar va qishloqlar); gidrotexnik inshootlar va h.k. Ushbu sistemalar bir-biri bilan chambarchas bog‘langan. Bu sistemalarning biri o‘zgarsa boshqalari ham o‘zgaradi. Masalan, iqlim yoki suv sistemasi o‘zgaradigan bo‘lsa, tuproq, o‘simlik va hayvo­not dunyosi ham o‘zgaradi.
 Ekologik usul (yondashuv). Ushbu usulda ma’lum bir hudud yoki muammo o‘rganilayotganda, unga tirik mavjudotlarning (o‘simlik va hayvonot dunyosi), insonning atrof-muhit bilan bo‘ladigan o‘zaro aloqalari nuqtayi nazaridan qaraladi. Masalan, Chorbog‘ suv ombori qurilishi munosabati bilan vodiyning ancha qismi suv ostida qoldi, yerosti suvlari sathi ko‘tarildi, tuproq va havoda namlik miqdori oshdi. Buning oqibatida tuproq, o‘simlik va hayvonot dunyosi o‘zgarishga uchradi. Suv ostida qolgan qishloqlar aholisi ko‘chirildi, yangi, shinam va go‘zal Chorbog‘ shaharchasi, dam olish zonalari vujudga keldi. Demak, ekologik yondashuvda tabiatda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarning tirik ogranizmga ta’siri oldindan o‘rganilar va bashorat qilinar ekan.
  Landshaft usuli (yondashuvi).Mazkur usul qo‘llanganda, hudud ma’lum bir landshaft turlariga bo‘lib o‘rganiladi. Masalan, biror tuman hududini o‘rganadigan bo‘lsak, mazkur tuman hududi avval tabiiy va antropogen landshaftlarga ajratiladi. Tabiiy landshaftlar o‘rmonlardan, yaylovlardan, pichanzorlardan, toshloq va qumlardan, botqoqlardan, sho‘rxoklardan, soy vodiylaridan, yonbag‘irlardan va boshqa landshaft turlaridan iborat bo‘lishi mumkin. Antropogen landshaftlar esa qishloq xo‘jalik yerlaridan, sanoat korxonalaridan, yo‘llardan, shahar va qishloqlardan iborat bo‘lishi mumkin. Har bir landshaft turi alohida-alohida tahlil qilinadi.
  Iqtisodiy usul (yondashuv).Bu usulda aniq matematik-statistik hisoblashlar orqali tabiiy sharoitga, tabiiy resurslarga, aholi va xo‘jalik korxonalariga baho beriladi hamda ularning o‘zgarishi basho­rat qilinadi. Masalan, aholi sonining o‘sishi yoki kamayish va h.k.
 Amaliy geografiya muhandislik geologiyasi, muhandislik geografiyasi, amaliy landshaftshunoslik fanlariga yaqin turadi, ularning tajriba va ilmiy yutuqlaridan foydalanadi. Shu bilan birgalikda, bu fan tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy usullardan tabiatni muhofaza qilishda, atrof-muhitning tabiiy va sun’iy omillar ta’sirida o‘zgarishini bashorat qilishda boshqa fanlar ham keng foydalanadi.
Eslab qoling!
Amaliy geografiyada sistemali, ekologik, landshaft va iqtisodiy Ф tadqiqot usullari qo‘llaniladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash