Tibbiy-geografik tadqiqotlar 

12 561

  Tibbiy geografiya geografik muhitning, ya’ni tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy omillarning aholi salomatligiga ta’sirini, kasalliklarning vujudga kelishi va geografik tarqalishini o‘rganadi.

  Hozirgi paytda tibbiy-geografik tadqiqotlar ikkita yirik yo‘nalishda olib borilmoqda. Birinchi yo‘nalishda atrof-muhitning inson salomatligiga ta’siri baholanadi va bashorat qilinadi. Ikkinchi yo‘nalishda kasalliklarning mahalliy tabiiy o‘choqlari aniqlanadi.

  Atrof-muhitning tozaligi ko‘p jihatdan inson salomatligini belgilab beradi. U tabiiy va sun’iy omillar ta’sirida ifloslanadi. Atrof-muhitni ifloslovchi tabiiy omillarga shamol (havodagi chang miqdorining ortib ketishiga olib keladi), vulkan otilishi (atmosferaning vulkan tutunlari va kullari bilan ifloslanishi), sellar, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, zilzilalar, chigirtka bosishi, surilmalar va h.k. kiradi.

  Aholi zich joylashgan sanoat hududlarida sun’iy omillar ta’siri­da atrof-muhit (zavodlar, fabrikalar, metallurgiya, kimyo zavodlari, konlar, issiqlik elektrostansiyalari, trnasport kabilar) ko‘proq ifloslanadi.

  Atrof-muhitning og‘ir metallar bilan ifloslanishi inson salo­matligiga kuchli salbiy ta’sir etadi. Masalan, qo‘rg‘oshin asab tizimi, jigar va buyraklarni zaharlaydi. Simob ko‘proq jigar va buyrakda to‘planadi, modda almashinuvini buzadi, kadmiy bolalar nutqining buzilishiga olib keladi, mishyak o‘pka va teri rakini keltirib chiqaradi. Qishloq xo‘jaligida qo‘llanadigan pestitsidlardan har yili jahonda 1 mln kishi zaharlanadi, ulardan taxminan 15—20 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi. Avtomobillardan chiqadigan benzopiren moddasi, radioaktiv moddalar o‘pka rakini keltirib chiqaradi. Uglerod oksidining havodagi miqdori ortib ketishi organizmda kislorod yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi hamda asab va yurak-qon tomir tizimlarini ishdan chiqaradi.

  Har bir hududning mahalliy tabiiy-geografik sharoiti inson salomatligiga turlicha ta’sir etishi mumkin. Havodagi kislorod miq­dori, havo bosimi, harorat va namlikning o‘zgarishi qon bosimi kasalligi bor bemorlarda miya va yurak faoliyati bilan bog‘liq turli asoratlar paydo qiladi.

  Atmosferadagi kislorod miqdorining ortishi gipertoniya krizlari va miya insultlarining ko‘payishiga olib keladi. Kislorod miqdori­ning ortishi asosan qishda kuzatiladi. Tog‘larda balandga chiqqan sari har 10 m da bosim 1 mm simob ustuniga kamayadi va inson organizmiga tushadigan og‘irlik (bosim) ortadi.

  Havoda namlik qanchalik yuqori bo‘lsa, issiq harorat insonga shunchalik kuchli ta’sir etadi. Nisbiy namlik 50 foiz, havo harorati 16-18°C bo‘lishi organizm uchun qulay sharoit hisoblanadi. Havo harorati 24°C, nisbiy namlik 44-60 foiz, shamol tezligi sekundiga 0,7-1 m bo‘lganda inson organizmi uchun juda qulay sharoit vujudga keladi.

 Suvda, tuproqda va ba’zi mahsulotlarda yod elementining yetishmasligi buqoq kasalligini keltirib chiqaradi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.