Muhandis-geografik tadqiqotlar 

10 074

  Muhandislik geografiyasi inson bilan tabiat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni baho­lash va bashorat qilish hamda ularning oldini olish muammolari bilan shug‘ullanadi.
 Muhandis-geografik tadqiqotlar qurilish loyihalarini amalga oshirishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Muhandis-geografik tadqiqot­lar asosan sanoat korxonalarini joylashtirishda, gidrotexnik inshootlarni (kanallar, to‘g‘onlar, suv omborlari va h.k.), yo‘llarni loyihalashda, foydali qazilma konlarini qidirishda olib boriladi.
 Sanoat korxonalarini joylashtirishda muhandis-geografik tadqiqotlar ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda korxona qanday xomashyo asosida mahsulot ishlab chiqarishi va atrof-muhitga qanday chiqindilar tashlashi aniqlanadi. Ikkinchi bosqich­da korxona uchun joy tanlanadi va mazkur joyning tabiiy-geografik sharoitining asosiy xususiyatlari aniqlanadi geologik tuzilishi, relyefi, iqlimi, suvlari, tuprog‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi, aholisi, xo‘jaligi). Sanoat korxonasi zararli chiqindilarni ko‘proq chiqaradigan bo‘lsa (ko‘mir asosida ishlaydigan issiqlik elektrostansiyalari, sement, kimyo zavodlari), ularni aholi manzilgohlaridan olisda, shamol yo‘nalishiga teskari bo‘lgan hududlarga joylashtirish zarur. Masalan, Buxoro viloyatidagi Qorovulbozor neftni qayta ishlash zavodi, Qashqadaryo viloyatidagi Sho‘rtang gazni qayta ilshash zavodi cho‘lda, ya’ni aholi zich yashaydigan hududlardan ancha olisda joylashgan, shuning uchun ularning tabiat va insonga ta’siri kam.
  Gidrotexnik inshootlarni loyihalashda muhandis-geografik tadqiqotlar olib borishda quyidagilarga e’tibor beriladi: suv inshooti va tabiiy muhit o‘zaro ta’sirining asosiy qirralari, suvning kirish-chiqishi, sho‘rlanganlik darajasi, loyqaligi, bug‘lanishi, to‘lqinlar ta’sirida qirg‘oqlarning yemirilishi, suvning shimilishi va suv inshootining samaradorligi, botqoqlanish, tuz to‘planishi, o‘simlik va tuproq qoplamining o‘zgarishi kabilar aniqlanadi, ayrim noxush hodisalarning oldini olish bo‘yicha choralar ishlab chiqiladi. Masalan, Amudaryo suvi loyqa bo‘lganligi (1 kub m da 3500 g loyqa bor) sababli, undan suv oladigan Amu-Buxoro, Qarshi, Shovot, Toshsoqa, Qizketken va boshqa kanallarda «o‘tirib» qoladigan loyqa nasoslar yordamida qirg‘oqqa chiqarib tashlanadi.
 Yo‘l qurilishini loyihalashda muhandis-geografik tadqiqotlar asosan relyefning tahliliga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Chunki ko‘p hollarda loyihalanayotgan yo‘lning yo‘nalishini, uzunligini, kengligini, arzon-qimmatligini relyef sharoiti belgilab beradi. Shuning uchun yo‘llarni loyihalashda relyefning qiyaligi, qanday tog‘ jinslaridan tashkil topganligi, mutlaq balandligi birinchi navbatda tahlil qili­nadi. Avtomobil yo‘llarining qiyaligi 12-15° dan oshmasligi lozim.
  Baland va qiyaligi yuqori bo‘lgan joylarda yo‘llar yer osti tunnellari orqali o‘tkaziladi. Masalan, Toshkent-Andijon avtomobil yo‘lining qamchiq dovonida uzunligi 2,5 km li tunnel qazilgan.
 Bundan tashqari, yo‘llarni loyihalashda surilmalar, sellar, qor ko‘chkilari, daryo toshqinlari ham hisobda olinadi.
  Foydali qazilma konlarini qidirish davomida muhandis-geografik tadqiqotlar ikki yo‘nalishda olib boriladi. Birinchi yo‘nalishda kon joylashgan hududning tabiiy va iqtisodiy-geografik sharoiti o‘rganiladi va baholanadi. Ikkinchi yo‘nalishda foydali qazilma konini qazib olish jarayonida atrof-muhitda ro‘y beradigan o‘zgarishlar bashorat qilinadi (relyef, tuproq, o‘simlik, iqlim, ichki suvlari, qishloq xo‘jaligi, sanoati, transporti, aholisi va h.k.).
Eslab qoling!
  Muhandislik geografiyasi inson bilan tabiat o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir natijasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni baho­lash va bashorat qilish hamda ularning oldini olish muammolari bilan shug‘ullanadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.