Soha kompleks dasturlarini amalga oshirishda geografiyaning ahamiyati 

5 754

  Tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va atrof-muhit holatini yaxshilash uchun mamlakat miqyosida bir necha sohalar bo‘yicha ilmiy-amaliy dasturlar ishlab chiqilgan. Mazkur dasturlar bir necha yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uni bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi. Quyida ba’zi asosiy dasturlar mazmuni bilan tanishasiz.
  Suv muammolari dasturi. O‘rta Osiyoda suv resurslari taqchilligi va unga nisbatan talabning tobora ortib borayotganligi tufayli, shuningdek, joylarda suvning sifati davlat andozalariga to‘la javob bermayotganligini e’tiborga olib, mamlakatda suv muammolari dasturi qabul qilingan. Dasturning asosiy mazmuni suv resurslari­dan oqilona va tejab foydalanish, korxonalarda suvdan aylanma (berk) texnologiyani joriy qilgan holda foydalanishni yo‘lga qo‘yish va boshqa jarayonlarga qaratilgan.
  Dasturni amalga oshirishda geografiyaning vazifasi avvalo suv resursining ma’lum sohalar bo‘yicha taqsimlanishini hisob-kitob qilish, qor va yomg‘irlardan vujudga keladigan suv oqimini, yerosti suvlari hisobiga yer usti suvlarining (va aksincha) to‘yinishini asoslash, muzliklarning, ko‘llar, suv omborlarining balansini hisoblab chiqish, suvning yerga singishi, bug‘lanishi va boshqalarni o‘rganishdan iborat.
  O‘rta Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda suvdan to‘g‘ri va ilmiy asosda foydalanishni yanada takomillashtirish, suvni iqtisod qilish ko‘p hollarda sug‘oriladigan dehqonchilikda uning oqilona ishlatilishiga bog‘liq. Shuning uchun sug‘orishda eng zamonaviy usullarni qo‘llash zarur. Hozirda qishloq xo‘jaligida samarali hisoblangan yomg‘irlatib, tuproq ostidan va tomchilatib sug‘orish usullari tatbiq qilina boshlandi, lekin ular juda kichik maydonlarda amalga oshirilmoqda.
  Suv muammolari murakkab, ko‘p qirrali va ko‘p sohalidir. Ular uzoq muddatli mashaqqatli tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.
  Sug‘oriladigan yerlar dasturi. O‘zlashtirilgan yerlar quruq iqlim sharoitida eng mahsuldor yer hisoblanadi. Bir yil mobaynida bunday yerlardan uch martagacha ekin ekib, hosil olish mumkin. Lekin respublikada sug‘oriladigan yerlardan oqilona foydalanilmoqda deb bo‘lmaydi. Ularning katta qismi sho‘rlangan, eroziya va shamol katta maydonlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Har yili jala yog‘ishi va sel hodisalari natijasida yerdan unumli foy­dalanish darajasi pasayib ketadi. Demak, sug‘oriladigan yerlardan foydalanish ko‘rsatkichlarini oshirish uchun ularning unumdorligini va meliorativ sharoitlarini yaxshilash zarur bo‘ladi.
  Geograflarning yerlar mahsuldorligini oshirishdagi asosiy vazifasi - mahalliy tabiiy sharoitni chuqur o‘rgangan holda ularning shamol va suv eroziyalariga berilishini iloji boricha kamaytirish yo‘llarini asoslash hamda meliorativ holati og‘ir bo‘lgan yerlarning aniq chegaralarini belgilab, ularning meliorativ sharoitlarini tubdan yaxshilashning litologik-geomorfologik va gidrogeologik asoslarini ishlab chiqishdan iboratdir.
  Tabiat muhofazasi va ekologik muammolar yechimi. Tabiat muhofazasi sohasida geograflarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Geografiyaning barcha ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy ishlanmalari tub mohiyati bilan tabiat muhofazasiga bag‘ishlangan.
  O‘zbekistonda tabiat muhofazasi zarur bo‘lgan va ekologik vaziyatning jiddiylashuvi kuchayib borayotgan hududlar mavjud. Chunonchi, Orolbo‘yi, Zarafshon vodiysi, Chirchiq-Ohangaron vohasi ekologik sharoitning murakkabligi bilan ajralib turadi. Fanning vazifasi bu holda atmosfera havosiga va suv havzalariga chiqarilayotgan chiqindilarning tabiiy muhitga va insonga keltiradigan zararlarining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini tahlil qilish, chiqindilarning atrof-muhitga ta’sir radiusini va uning mintaqalarini bilish, ularning ta’siri natijasida tabiatda yuz beradigan turli ekologik o‘zgarishlarni hozirda va istiqbolda vujudga kelishini asoslashdan iborat. Barcha ma’lumotlar asosida xaritalar tayyorlanadi va ularni tegishli rahbar tashkilotlar diqqatiga havola qilinadi.
  Tabiatni muhofaza qilishda eng samarali faoliyatlardan biri ma’lumotlami va vaziyatni xaritalarga tushirish yo‘li bilan tadqiqot natijalarini mutaxasislarga va keng jamoatchilikka ko‘rsata bilishdir. Tabiatni muhofaza qilish va ekologik vaziyatlarni xaritalarda aks ettirish bilan mazkur muammo to‘g‘risida ko‘plab ma’lumot­lami qisqa, ixcham va aniq holda tegishli mutaxassislarga yetkaziladi. Xaritalar muammoning tarkib topishi, hozirgi holati va kela­jakda yanada o‘zgarishini tadrijiy holda ko‘rsata oladi. Bu jihatdan xaritalar ushbu muammoni tezroq hal etishga yaqindan yordam berishi mumkin.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.