Baykaldagi sirli hodisalar 

6 473

Rossiyaning Sibir deb atalmish sovuq va yovvoyi janubiy qismida Yer yuzidagi birorta boshqa ko’lga o’xshamaydigan, sayyoramizda eng chuqur va eng qadimiy, o’zining maftunkor mavjlari, xushmanzara tabiati bilan dunyoga mashhur Baykal ko’li bor. U nafaqat o’zining ana shu sifatlari, balki azaldan sirli g’ayritabiiy hodisalar markaziligi bilan ham dong taratgan.

Baykal paydo bo’lishi jihatidan tektonik ko’l hisoblanadi. Ya’ni yer qobig’i yorilishi natijasida vujudga kelgan. Dunyodagi eng chuqur ushbu ko’lning chuqurligi – 1642 metr, sathi maydoni – 31722 kv. kilometr. Ko’l shunchalik ulug’vor va chuqurki, Yer yuzidagi ichimlik suvning 20 foizini o’z qa’rida jamlagan. Yoshi 25 million yil bo’lgan Baykal ko’li dunyoda mavjud ko’llarning eng keksasi hisoblanadi. U nafaqat ulkan suv havzasi, hayratomuz zilol suvi, go’zal tabiati, biologik xilma-xilligi, balki Yer yuzining boshqa joylarida uchramaydigan juda ko’p mavjudot turlarining yashash makoni ekanligi bilan ham tilga tushgan.

Baykal ko’li bilan juda ko’p sirlar va jumboqlar, g’aroyibotlar bog’langan. Afsona va rivoyatlar tildan tilga o’tib kelgan. Ulardan birida ko’lda yashovchi dahshatli mahluq haqida hikoya qilinadi. Mahalliy aholi hozirgacha undan qo’rqishadi. Ushbu hududda yashovchi buryatlar bu mavjudotni Lusudxon deb atashadi. Bu «Suv Ajdahosi egasi» degan ma’noni bildirar ekan. Hikoya qilishlaricha, mavjudot ulkan osetr balig’i ko’rinishida g’ayrioddiy tumshuqli, butun bel bo’ylab bron suzgichlarga ega qo’rqinchli mahluq emish. Baliqchilar hozirgacha sokin suvni junbushga keltiruvchi bu g’alati mavjudot haqida xabar qilishda davom etishmoqda. Yana zilol suvda ohista suzib borayotgan ulkan qora sharpa haqida ham ma’lumotlar kelib turadi. Qadimgi Xitoy ko’l tadqiqotchilari uni Shimoliy dengiz deb atashgan, «Ko’l xudolari» va «Ajdaho baliqlar» deb atalgan ko’z ko’rib, quloq eshitmagan jonzotlar haqida ma’lum qilishgan.

Baykaldagi maxluq haqida ko’l bo’yida yuksalgan qoyalarda aniqlangan qadimgi petroglif yozuvlar ham guvohlik beradi. Yenisey – Enasoy daryosi qirg’og’ida joylashgan Askiz posyolkasi hududida o’ziga xos yodgorlik – ulkan tosh plita mavjud. Ekspertlarning aniqlashlaricha, u eramizgacha uchinchi va to’qqizinchi asrlar oralig’ida o’rnatilgan bo’lib, allaqanday sirli suv maxluqi tasviri aks ettirilgan. Plitaga o’yilgan tasvirda ikki ayri tilli hamlaga shay turgan bahaybat kaltakesakka o’xshash, tirnoqlari katta, beli bo’ylab o’simta tangalar qoplangan g’alati maxluq aks etgan.

Baykal ko’lida sirli maxluqotlardan tashqari, ko’p yillardan buyon suv ostidagi olov, shuningdek, ko’l ustida o’zga sayyoraliklarning kosmik kemalari tez-tez paydo bo’lib turishi haqida son-sanoqsiz xabarlar tarqalib turibdi. Ulardan nisbatan qiziqroq voqyea sovet davridagi maxfiy hujjatlar oshkor etilgandan so’ng ma’lum bo’ldi. Hujjatlar Rossiya flotiga qo’mondonlik qilgan Harbiy-Dengiz floti bosh qo’mondonining o’rinbosari admiral Nikolay Smirnov g’ayritabiiy hodisa – Baykal ko’li atrofida NUJlar juda ko’p marta kuzatilganini yozib qoldirgan. Ana shunday hisobotlardan birida noma’lum uchuvchi jism – NUJni ta’qib etgan TU-154 samolyoti Baykalga qulab tushgani aytiladi. Boshqa hisobotlarda esa ko’l ustida goh kelib chiqishi noma’lum olov, goh suv qa’ridan suzib chiqib, aql bovar qilmas tezlikda osmonga ko’tarilib ketgan jism haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Ayrim hujjatlashtirilgan kuzatuvlar NUJ osmondan tushib suvga qo’ngani va oddiy qayiqdek suzib ketganidan guvohlik beradi.

1982-yilda Baykal ustida o’zga sayyoraliklar bilan bog’liq voqyea yanada hayratomuz va o’ta g’alati. Ko’lda ishlayotgan Harbiy dengiz Floti akvalingisti 50 metr chuqurlikda kumush kostyum kiygan odamsimon mavjudot haqida xabar qiladi. Hisobotda ta’kidlanishicha, mavjudotni ta’qib qilish chog’ida uch akvalanchi o’ldirilgan, yana to’rt g’avvos jiddiy jarohatlangan.

Baykal ko’lida tushunib bo’lmaydigan yana bir hodisa kemalarning izsiz yo’qolishidir. Ko’lda bunday zonalar ko’p. Ulardan biri ko’lning g’arbiy qirg’og’iga tegishli Ritiy burunidir. Ushbu joyda juda ko’p kemalarning izsiz yo’qolishi tufayli mahalliy aholi uni qarg’ish tekkan yer deb ataydi. Baykalda kemalar g’oyib bo’lganda ko’l ustida g’alati obyektlarning paydo bo’lishi yanada sirli. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, ko’lda ko’z ko’rib, quloq eshitmagan shunday hodisalar bo’ladiki, kishi beixtiyor yoqa ushlaydi: ko’l ustida chinakam poyezdlar, qasrlar paydo bo’ladi, oradan biroz vaqt o’tgach, ular havoga singib izsiz g’oyib bo’ladi. Olimlar ushbu hodisani Baykal ko’lining o’ziga xos noyob xususiyati – yozda issiq havoning sovuq suv yuzasiga urilishi natijasida hosil bo’ladigan sarob deb izohlaydilar. Ko’lning zilol suvi sokin jimirlab, musaffo osmonni ko’zgudek aks ettirib turganida ko’z o’ngingizda namoyon bo’ladigan sarob manzaralar chinakamga o’xshab tuyuladi. Bunday saroblar kemalar halokatiga sabab bo’lishi mumkin: rulni boshqaruvchi va ekipajni chalg’itib kemani qoyalarga olib borib uradi. Kim biladi, bu saroblar tabiat kuchlarining fitnasimi yoki tabiiy kuchlardan yuqori turuvchi bizga noma’lum o’ta rivojlangan aql-zakovat egalarining mahsulimi?

Baykal ko’li Yer yuzida aql bovar qilmas g’aroyibotlarga haddan tashqari boy maskan. Tabiat qonuniyatlariga zid sirli hodisalar, jumboqlar bu ulkan ko’lning ulug’vor go’zalligi qa’riga shunchalik chuqur singib ketganki, ular bizning tafakkur va tasavvurimiz kengliklariga sig’maydi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.