Berlin devori 

8 509

Bu devor deyarli qirq yil dunyoning ikki xil siyosati orasidagi chegara, sovuq urush ramzi bo‘lib keldi. Berlin devorining qulatilishi bo‘yicha barcha hujjatlar imzolangan kuzning iliq kunlarida minglab odamlar oddiy bolg‘alar yordamida devorni qulatayotgan texnika vositalariga ko‘zlarida yosh bilan yordam bergan edilar. Bugun mashhurligi jihatidan o‘z vaqtida Buyuk Xitoy Devoridan hech ham qolishmagan bu devorning ma’lum qismlari tarixiy yodgorlik sifatida saqlanib qolgan, xolos.

Berlin devori qurilgan 1961-yilning avgustiga qadar Sharqiy va G‘arbiy Berlin o‘rtasidagi 45 kilometrlik chegara faqat oddiy chiziq shaklida bo‘lib, u ko‘chalar, uylar, kanallar orqali o‘tardi. Rasman 81 ta nazorat punktlari ishlab turar, bundan tashqari yuzlab noqonuniy o‘tish yo‘llari mavjud edi. 1948-yildagi kelishuv asosida belgilangan bu chegaradan kuniga uch yuz mingdan besh yuz ming nafargacha odam o‘tib qaytardi. Berlin devori qurilishiga bu shahar atrofidagi siyosiy vaziyatning keskinlashuvi sabab bo‘ldi. Ikki harbiy-siyosiy blok – NATO va Varshava shartnomasi uyushmasi o‘rtasidagi ziddiyat qaltis vaziyatni keltirib chiqarayotgandi.

1945-yilda Ikkinchi Jahon urushi yakuni va Germaniya kapitulyatsiyasidan so‘ng Potsdamda imzolangan kelishuvga ko‘ra Germaniya hududi yirik davlatlar nazoratida bo‘ladigan bir necha sektorga bo‘lib tashlangandi. Germaniyaning sharqiy qismi Germaniya Demokratik Respublikasi (GDR), G‘arbiy qismi esa Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) deb yuritila boshlandi. Lekin bu ikki davlatni, ayniqsa GDRni ko‘pchilik tan olmadi. 1957-yilda Konrad Adenauer boshliq GFR hukumati «Xalshteyn doktrinasi»ni amalga kiritdi. Bu doktrina GDRni tan olgan har qanday davlat bilan diplomatik aloqalarni avtomatik ravishda uzishni nazarda tutar, Sharqiy Germaniyaning Sharqiy va G‘arbiy Germaniya o‘rtasida nemis davlatlari konfederatsiya tuzish taklifiga keskin qarshi chiqardi. 1958-yilda o‘z navbatida GDR hukumati ham GFR suverenitetini shubha ostiga olib, aslida GFR ham GDR hududida joylashganini «eslatib» qo‘ydi. Sobiq ittifoq rahbari Nikita Xrushev butun Berlinni (jumladan? G‘arbiy Berlinni ham) GDR poytaxti deb e’lon qildi. Bu davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatning yanada keskinlashuviga sabab bo‘ldi. 1959-yilda bo‘lib o‘tgan tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida Berlin masalasini hal qilishga mo‘ljallangan uchrashuv hech qanday ijobiy natija bermadi.

1960-yilda GDR hukumati «G‘arb popagandasining oldini olish» shiori ostida Sharqiy Berlinga o‘tishda cheklovlar joriy qildi. Bunga javoban G‘arbiy Germaniya Sharqiy Germaniya tomonidan «iqtisodiy urush» deya baholangan chorani qo‘lladi – tomonlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini bekor qildi.

Bu ikki tomon va ularning ortidan qo‘llab turgan ikki blok harbiy salohiyatni kuchaytirishga va qarshi tomonni kamsitishga qaratilgan propagandaga zo‘r berdilar. GDR hukumati GFRni chegaralarni provakatsion ravishda buzish (1961-yilning may-iyul oylarida 137 marta) va GFR agentlarini GDRda o‘nlab ish tashlash va tartibsizliklarni uyushtirishda aybladi. Vaziyat 1961-yilning yozida yanada keskinlashdi. GDR yetakchisi Valter Ulbrixt tomonidan qo‘llangan, «GFR iqtisodiga yetib olish va ortda qoldirish»ni ko‘zlagan iqtisodiy siyosat majburiy jamoa tizimiga o‘tishga, ish vaqti va rejalar hajmining ortishiga sabab bo‘ldi. GFRdagi qulay iqtisodiy ahvol, ish haqlarining balandligi minglab sharqliklarni o‘ziga ohanrabodek tortardi.

1961-yilda 207 ming nafar, shu yil iyul oyining o‘zidayoq 30 ming nafar Sharqiy Berlin aholisi G‘arbga qochib o‘tib ketdi. Bular asosan yosh va malakali mutaxxassisilar edi. Sharq G‘arbni «odam savdosi»da aybladi va har yili mutaxassislarni yo‘qotish tufayli 2,5 mld. marka zarar ko‘rilayotganini ta’kidladi.

1961-yilning 3 avgustida Moskvada bo‘lib o‘tgan Varshava shartnomasi uyushmasi a’zolari yig‘ilishida chegarani yopishga kelishildi.

1961-yilning 13-avgusti, tungi soat birda «Xitoy devori II» operatsiyasi boshlandi. 25 ming kishidan iborat harbiylashgan guruh chegara chizig‘ini egalladi. Ularning harakatlarini Sharqiy Germaniya qo‘shinlari himoyalab turishdi. Sovet armiyasi jangovar holatga kirdi. Tungi soat 1 dan 11 daqiqa o‘tganida GDR axborot agentligi chegarani yopish to‘g‘risidagi qarorni e’lon qildi. Ertalab chegaraga borganlar o‘tolmay to‘plana boshladilar.

15-avgustda operatsiyaning ikkinchi bosqichi boshlandi. Askarlar va quruvchilar chegarachilar nazorat ostida oldindan tayyorlab qo‘yilgan beton bloklarni olib kelib, chegara chizig‘i ustidan tiklashga kirishdilar – Berlin devori qurilishiga start berildi. Ayni shu daqiqalarda 19 yoshli chegarachi Konrad Shumann bloklar ustidan sakrab o‘tdi va rasman Berlin devoridan oshib o‘tgan birinchi qochoq sifatida tarixda qoldi. Devorning balandligi 6 metrni tashkil qildi va u o‘ta pishiq beton qorishmasidan qurildi. Devor yonida o‘ziga xos «o‘lim chegarasi» belgilandi va kimki unga yaqinlashsa chegarachilar tomonidan otib tashlanishi e’lon qilindi. 17-avgustda 18 yoshli quruvchi Peter Fexter devordan oshishga urinayotganda otib tashlandi va bu harakat chog‘ida halok bo‘lgan birinchi qurbonga aylandi. Berlin devori qulatilganiga qadar shu tarzda devordan oshishga uringan 92 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab kishilar yaralandilar. Keyinchalik, devor qulab, ikki Germaniya birlashganidan so‘ng odamlar tomonidan yaratilgan devordan o‘tishning antiqa vositalaridan iborat muzey ham tashkil qilindi. Devor sovuq urushning sovuq ramzi bo‘lish bilan birgalikda Berlinning eng diqqatga sazovor joyi bo‘lib qoldi. Berlinga kelgan sayohatchi borki, bu devorni ko‘rmay ketmasdi. G‘arbiy qismda esa «Devor qulatishishi shart» degan millionlab otkritkalar sotilardi.

1961-yilning 28-oktyabrida Berlindagi AQSh harbiylari devorni buzish rejasini ishlab chiqishdi. Sobiq Ittifoq razvedkasi o‘z vaqtida bu rejadan xabar topdi.

O‘sha kuni Brandenburg darvozalaridagi nazorat punktiga amerika zirxli harbiy texnikasidan iborat kolonna yaqinlasha boshladi. Dastlab uchta «Jip», ularning ortidan buldozerlar, eng orqada o‘nta tank kelardi. «Jip»lar o‘tishi bilan yon atrofdan sovet tanklari chiqib keldi va buldozerlar yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Sovet va AQSh tanklari tuni bilan bir-birlarini mo‘ljalga olib turdi. Bu holat keyinchalik ikki davlat o‘tasidagi sovuq urushning ko‘rinishlaridan biri bo‘lib qoldi. Ertalab Moskvadan o‘t ochmaslik va ortga qaytish haqida buyruq keldi va har ikki tomon ortga chekindi. Deyarli 40 yil Berlin devor atrofida tinimsiz muzokaralar bo‘lib turdi. 1989-yilning 9-noyabriga kelibgina bu devor qulatildi va GDR va GFR yagona Germaniya davlatiga birlashdi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.