Xorazmga borish uchun 10 ta sabab 

11 599


1. Xorazmning arxitektura yodgorliklari. 
Xiva "Ochiq osmon ostidagi muzey shahar”. 
Islomxo’ja minorasi.
 Yer yuzida muzeylar ko’p ammo muzey shaharlar barmoq bilan sanarlidir. Shunday shaharlar borki, ularning o’zi muzeydir. Sobiq Ittifoq davridayoq ikkita shaharga shunday maqom berilgan. Shuning birinchisi Xivadir. Ichon qal’a ichidagi arxitektura yodgorliklari hali hanuz bus butunligicha saqlanmoqda va butun jahon sayyohlarini o’ziga jalb qilmoqda. Samarqand, Buxoro, Shaxrisabz, Qo’qon arxitektura yodgorliklariga tan bergan holda, ulardan Xivaning farqi, balki ustunligi barcha yodgorliklar, muzeylar, madrasa va minorlar, maqbaralar va masjidlar barchasi kompleks birjoyda, ya’ni Ichon qal’aning ichida joylashganligidadir.

Shoh va shoir Muhammad Rahimxon Feruz II ning bosh vaziri Islomxo’ja qurdirgan minora va madrasa nafaqat Xivaning, Xorazmning balki O’zbekistonning ko’rkidir.  Vazir juda donoligi va faylasufligi bilan hatto o’sha paytdagi Rus hokimiyatini ham lol qoldirgan. Uning oqilona siyosati tufayli ruslar Xiva xonligida birinchi kasalxona qurdirgan va doktorlarni olib kelgan. Xonlikning 2 yillik o’lponini to’lashdan ozod qildirgan. U juda kuchli diplomat bo’lgan va shuning uchun ham uni Vaziri Akbar Islomxo’ja deb atashgan. U Muhammad Rahimxon Feruz II ning vorisi Isfandiyorxonning qaynotasi bo’lgan. Voqealar rivojining qanday kechgani va  qolgan qismini Xivaga sayohatga kelsangiz bilib olasiz. 

Xiva. Kalta minor.  

Xiva xoni Muhammad Aminxon qurdirgan qurilishi tugallanmay qolgan bu minor Xorazm va butun olamga "Kalta minor” deb tanilgan. Agar shu minora oxirigacha tugallanganida eng katta va eng baland minora bo’lardi. Minora yonida Muhammad Aminxon (Madaminxon) madrasasi joylashgan. Madrasa  qurib bitkazilgan. 

Xalq ichida shunday bitiklar tildan tilga o’tib kelgan
   "Madrasa bitdi-yu minor bitmadi,
    Madaminxon hech murodo yetmadi.”

Minoraning nega tugallanmaganini bilmoqchi bo’lsangiz keling ko’ring va bilib oling, bu haqda turli rivoyatlar saqlanib qolgan.  
                                           

2.Turizm resurslari. "Avesto” bog`i.   

 Istiqlol yillarida mamlakatimizda milliy-madaniy merosimizni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, bu davrda Urganchdagi "Avesto” bog`-majmuasini asrab-avaylash, eksponatlar fondini yanada boyitish yo’lida olib borilgan ishlar ham e’tirofga arziydi. Ayni paytda ushbu maskanlardan joy olgan qadimiy buyum va ashyolar nafaqat  yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyoh va mehmonlarning ham hayratiga sazovor bo’lmoqda. Xususan, "Avesto” bog`-majmuasida 18 metrli mahobatli yodgorlik qad rostlagan. Bu yerda joylashgan muzey mehmonlar, sayyohlar, yoshlar uchun o’ziga xos ziyoratgohga aylangan. Majmuadan insoniyat ibtidosidan darak beruvchi to’rt unsur – tuproq, suv, havo, olovni ifodalovchi noyob ashyoviy dalillar, arxeologik topilmalar, tosh, sopolga o’yib yozilgan Xorazm xati namunalari. "Avesto”, "Qur’oni karim”ning kiyik terisiga bitilgan parcha-oyatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa” qo’lyozmasi, IV-V asrlarga doir ostadonlar, sopol idishlar joy olgan. 

Yoshlar ko’li.
  2014-yilda Urganch shahrini qayta qurish va obodonlashtirish uchun 1.6 trillion so’mdan ortiqroq mablag` yo’naltiriladi. Ushbu mablag` hisobidan viloyatda bir qator o’quvyurtlari, sport majmualari hamda yoshlar uchun dam olish maskanlari barpo etiladi.

2013-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali hamda talabalar uyining yangi binolari qurilgan edi. "Yoshlar ko’li”, ikkita sport majmuasi, ikkita musiqa san’at maktabi qayta ta’mirlangan edi. 21 ta umumta’limmaktablarining sport zallari, 7 ta kasb-hunar kollejlari hamda 5 ta umumta’limmaktablarida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 

Shovot kanali qirg`og`ida yoshlarning madaniy dam olishi va ularni sog`lomlashtirishga mo’ljallangan turli sport maydonchalari va boshqa turli ob’ektlari bunyod etildi. Ayni paytda shaharning"Yoshlik” dahasida yopiq mashg`ulotlar kompleksi, zimnastika zali, 2 ta sport zali va basseyn, basketbol va badminton markazlarini qurish ishlari davom etmoqda, deya xabar beradi UzA.  

"Jaloliddin Manguberdi” hiyoboni.  

Tuxum barak, qadimiy Xorazm taomi.
Masalliqlar:
Xamiriga:
Yuqori sifatli un – 500 – 600 g; 
Tuxum – 1 dona; Suv – 250 ml; 
Qiymasiga:
Tuxum – 8 dona; 
O‘simlik moyi – 150 ml; 
Sut – 200 – 250 ml; 
Tuz – tabga ko‘ra;

250 gramm sovuq suvga tuxum chaqiladi, bir choy qoshiq tuz va keraklicha un aralashtirgan holda qattiq xamir qoriladi. Dumaloq xolga keltirib 10-15 daqiqa tindiramiz. Bu vaqtda qiymasini tayyorlaymiz, laganchaga tuxumlarni chaqib aralashtiramiz. Alohida laganchada sut va o‘simlik moyini aralashtiramiz. 

Aralashtirilgan tuxumga yog‘ va sutni qo‘shamiz, tuz va tabga ko‘ra ziravorlarni qo‘shib ma’lum muddatgacha aralashtiramiz. Qozonga suv to‘ldirib olovga qo‘yamiz, suv qaynagandan so‘ng tuz solinadi.

Xamirga qaytamiz, uni 1,5-2 mm qalinlikda katta qilib yoyamiz va kerakl shaklda kesamiz. So‘ng bizga sovuq, sho‘r suv kerak bo‘ladi. Sho‘r suv yordamida xamirni ikki cheti mahkam qotirilib konvertlar yasaladi. Qolgan barcha xarakatlar suv qaynayotgan qozon yoniga ko‘chiriladi. 

Osh qoshiq yordamida qiymani konvert ichiga solamiz ochiq qismini xam biriktirib konvertni qaynab turgan suvga solamiz. Qaynoq suvda tuxum darxol qota boshlaydi 3-4 daqiqa qaynatilgandan so‘ng laganga olamiz va bir-biriga yopishib qolmasligi uchun oldindan tayyorlangan yog‘ni quyamiz. 

Bahorda va yozda turli xil ko‘katlar aralashtirishimiz mumkin ya’ni, ismaloqdan tortib ko‘k piyozgacha.  
Mazkur taom parhez taom hisoblanib inson organizmi hazm qilish organlari kasalliklarida juda foydali. 

4. Muqaddas qadamjolari.
Pahlavon Maxmud ziyoratgohi. (1246-1327).
 Xiva shahrida "Ichon qal’ada” joylashgan. Polvonlar piri. shoir, tengsiz pahlavon, po’stindo’z, hunarmand va faylauf. Xivada tug`ilgan. Eron Hindiston va Pokiston xalqlari ham pirni kurash tushuvchi polvonlarning piri deb tan olishgan.Islom dinining tasavvuf oqimining yetakchi namoyondasi bo’lgan. "Piryovali”,  "Qit’ali” taxalluslari bilan o’z she’rlarida  Juvonmardiylikni keng tarannum etgan. Uning "Kang – ul haqoniy” masnaviy asari bo’lgan. Hindistonga borib kurash tushgan, Eron shohining bosh polvonini kurash tushib yengib asirlikdagi Xorazmlik yurtdoshlarini qullikdan ozod etib yurtiga qaytara olgan faylasuf polvondur. Xorazmga kelib Xivani ko’rmaslik va Xivaga kelib Polvon pirni ziyorat qilmaslik daryo bo’yiga kelib suvsiz qaytmoq kabidir. 

Vayangan bobo ziyoratgohi.
  Xorazm viloyati Shovot tumanining Monoq mahallasida joylashgan. Miloddan oldingi II – IV asrlarga mansub ziyoratgohdur. Bu xudud o’sha kezlarda  gullab yashnagan katta Vayangan qal’asi(shahri) bo’lgan. Vayangan bobo shaharni mudofaa qilgan avliyo bo’lgan. Keyinchalik bu shahar dushmanlar tomonidan bosib olinib aholisi yoppasiga qilichdan o’tirilgan. Shahar o’rnini tekshirgan arxeyolog olimlar har qatlamda odam suyaklariga uchrayvergan va qazish ishlarini to’xtatishga majbur bo’lishgan. Muqaddas dinimizda marhumlarni bezovta qilmaslik buyurilgani bunga sabab bo’lgan va bu joy bugun ulkan qabriston bo’lib, Vayangan bobo ruhini shod qilmoq maqsadida maqbara qurilgan. Maqbara yonida shifobaxsh tuzli kichik ko’l bo’lib odamlar ming dardga davo deb shifo izlab ham keladilar bu dargohga. Vayangan shahri juda qadimiy bo’lib, "Go’ro’g`li” dostonida shu qal’a nomi tilga olingani buni yaqqol misolidur. "Vayangandan kelgan Avazim” jumlasi ishlatilgan. Siz dostonni o’qigan bo’lsangiz bilasizki Go’ro’g`libekning( yolg`iz ) tutingan o’g`li Avazbekdur. Avazbek shu shahardan Go’ro’g`li tomonidan olib kelingan. Ming marta eshitgandan bir bora ko’rgan afzal deganlaridek keling, ko’ring va tanishing hamda o’zingiz baho bering. 

 "Ulli Pir” yohud Yusuf Hamadoniy ziyoratgohi.
Muqaddas dinimiz targ`ibot va tashviqotchisi bo’lgan 7 avliyo yohud 7 pirdan biridur. Tarixiy manbalarda kelishicha ulardan yana biri, Hozirgi To’rtko’l (Qadimgi Xorazm zamini) hududidagi Xazrati Sulton Uvays pirimiz va yana biri Buxorodagi Xazrati Bahouddin Naqshbandiy, Samarqandda Imom Ismoil al-Buxoriy va boshqalardur. Shu avliyolarni, qadamjolarni borib ziyorat qilishning o’ziyoq muborak Hazrati Kaba (Makka shahridagi Ibrohim S.A.V qurgan uy) ni ziyorat qilish bilan tenglashtirilar ekan.
 
5. Madaniyati va san’ati. 
Siz Xorazm deganda Xorazm lazgisi, Surnay lazgisi, Lazgi raqsini ko’z oldingizga keltirganingizga aminman. Xorazm lazgisi Alloh Odam Atoga jon baxshida etilayotganda tarannum etilgan degan ma’lumotlar bor. Shuning uchun bu kuy chalinganda raqsga tushib ketmaydigan odam bo’lmasa kerak. Siz lazgi raqsini bilmasangiz ham baribir kuyni eshitiboq beixtiyoriy ravishda o’yinga tushishga harakatga qilsangiz ajablanmang, bu kuy sehrilidir. Ayniqsa, Xorazmliklar shu kuyga raqsga tushganda kuy va raqs bir butun bo’lib xohlagan kishini lol qoldiradi, kuyni tinglab, raqsni tomosha qilib kishi huzurlanadi, ma’naviy ozuqa oladi, xordiq chiqaradi – bu Xorazm lazgisi, lazgi raqsidir. Xorazm milliy liboslari, umuman madaniyati va  urf odatlari bilan ham ajralib turadi.

  Xorazmlik buyuk san’atkor Komiljon Otaniyozovni eslamaslik mumkin emas, uning ovozi dunyoda tengsiz bo’lgan. Hatto Hindistonga safari chog`ida uning og`zini ochib tamog`ini  tekshirib ko’rishni so’rashgan. U esa kulib og`zini ochib ko’rsatgan ekan, chunki bunday yuqori ovoz bo’lishi mumkinligi haqida ularda tasavvur bo’lmagan. Go’yoki u og`ziga yoki tamog`iga mikrofon joylashtirgan deb o’ylaganlar. Toshkent shahrida Komiljon Otaniyozov O’zbekistonda yagona "Lazgi ansambli” ni tashkil etgan.  Bu ansambl bugungi kunda ham faoliyat ko’rsatmoqda. Xorazm Suvoralari bilan mashhur. Suvoralar o’z ichiga nasihatlarni ham olgan bo’lib, Asosan qardosh xalq shoirlari nasihatlari (turkman shoiri Maxtimquli) va o’zbek shoirlari, Alisher Navoiy, Mashrab g`azallari, Umar Hayyom, Ogahiy va shoh va shoir Muhammad Rahimxon Feruz II kabi shoirlar so’zlaridan foydalanib aytiladi. San`atkoru hofizlar, barcha ashula aytuvchilar suvoraga kelganda bir sapchib tushadi. Chunki Suvorani hamma ham maromiga yetkazib aytolmaydi-da. Suvoralar og`ir qo’shiqlardir. Ayniqsa Feruz I, Feruz II, Feruz III kabi ashulalar, shular jumlasidandur. Xorazmlik, Xivalik shoh va shoir, bastakor Muhammad Rahimxon Feruz II bastalagan kuylar uning nomi orqali aytilgan. So’zi esa Ogahiy va Feruzshohning o’ziga tegishli.

    Mushking qoshingni hay’ati – ul chashmi jallod ustina,
    Qatlim uchun nas keltirur  yora- nun eltibon sod ustina,
    Qilg`il tomosho qomatin  - zebosi birla orazin,
    Gar ko’rmasang gul bo’lg`onin -  payvandi shamshod ustina
(Ogahiy so’zi, Feruz musiqasi, Feruz 1 qo’shig`idan parcha)

Feruzshox yaratgan "Sohibi Sulton” ashulasini yurtimizda faqat 2 yoki 3 ta xofizgina ayta olagan. Ular quyidagilar: Olmaхon Haitova (marhuma), Og`abek Sobirov, Rahmatjon Qurbonovlardir. 

Baxshichilikda Qalandar baxshi Nurmatovning oldiga chiqadigani bo’lmasa kerak, unga "O`zbekiston Xalq baxshisi” unvoni berilgan. 

6. Xorazm - buyuk  allomalar yurti. Ma’mun Akademiyasi.
VIII oxiri IX asr boshlarida xalifalikning markazi Bag`dodda ilm-fan rivojlandi. Xalifa Xorun ar-Rashidning o’limidan so’ng (813-yil), uning o’g`li al-Ma`mun xalifa etib tayinlandi. U xalifa sifatida Bag`dodga ko’chgach (819-yil), u yerda Ilmiy markaz tashkil etib, unda barcha musulmon o’lkalardan olimlarni to’pladi. Bu Ilmiy markaz tarixda «Bayt ul-hikma» («Donishmandlar uyi») nomi bilan mashhurdir.

Bu yerda asosan riyoziyot, tibbiyot, ilmi-nujum, jo’g`rofiya, astrologiya, handasa va shunga o’xshash boshqa fanlar o’rgatilgan.

Xorazmshoh Ma`munning o’g`li Ali ibn Ma`mun taklifi bilan 1004-yilda Gurganchda (Qo’hna Urganch) «Dor ul-hikma va maorif» nomli ilmiy muassasa shakllanadi. Bu yerga ibn Iroq va Beruniyning takliflari bilan har tarafdan olimlar kela boshlaganlar. Bu yerda ilmning barcha sohalari bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borilgan. Yunon tillaridan tarjimalar ham qilingan.

XVIII asr fransuz ensiklopedistlari al-Ma`mun faoliyatini va Bag`doddagi «Bayt ul-hikma»ning faoliyatini o’rganib chiqib, uni Afinadagi Platon Akademiyasiga juda o’xshatganlar va «Bayt ul-hikma»ni «al-Ma`mun Akademiyasi» deb ataganlar. Gurganchdagi «Dorul-hikma» esa «Ikkinchi Akademiya» bo’lib qoldi.

Ma`mun Akademiyasining faoliyati 1017-yilda Mahmud G`aznaviy bosqini tufayli tugatiladi.

  Mustaqilligimiz sharofati tufayli Prezidentimizning tashabbusi bilan bu Akademiya qayta tiklandi. Prezidentimizning Xiva shahrining 2500 yillik tantanalarida so’zlagan nutqlarida Xorazm Ma`mun Akademiyasini qayta tiklash haqidagi taklifi va 1997-yil 11-noyabrdagi Farmoni bilan Xiva shahrida Xorazm Ma`mun Akademiyasi qaytadan tashkil qilindi.

Respublika va xalqaro miqyosda yirik anjumanlar bo’lib o’tmoqda. «Ekosan»- Ekologiya va salomatlik xalqaro jamg`armasi, Xorazm viloyati hokimligi, Ma`mun Akademiyasi va «Ekosan» Toshkent klubi bilan hamkorlikda «Xorazm vohasi ijtimoiy ekologik taraqqiyotidagi muammolar va uning istiqbollari», shuningdek nufuzli tashkilotlar va o’quv yurtlari bilan hamkorlikda Xorazmda ilk davlatchilikning vujudga kelishi va bu borada olib borilayotgan tadqiqotlar, buyuk vatandoshlarimizJaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi, Ogahiy tavalludining 190 yilligini, «Avesto» asari yaratilganligining 2700 yilligi, «Jahon madaniyati xalqaro tinchlik uchun» mavzularidagi ilmiy-amaliy anjumanlarni alohida ta`kidlab o’tishni istardim. Mamlakatimiz taraqqiyotiga, tinchlikni mustahkamlashga oid bunday anjumanlar o’tkazish bundan buyon ham diqqat markazimizda bo’ladi.

Akademiyaning «Nashriyot va matbaa birlashmasi» da olimlarimizning ilmiy izlanishlari, monografiyalar, ilmiy to’plamlar, aspirantlarning dissertatsiya ishlari, akademiyaning muhim hujjatlari endilikda o’zida chop etiladi. Shuningdek, o’n bosma taboqqacha bo’lgan mualliflar asarlarini ham chop qilinishi mumkin. Turli hisob-kitob varaqalari, taklifnomalar, bukletlar tayyorlanadi. Akademiya xodimlarining xalq xo’jaligini rivojlantirish, turmush farovonligini oshirish, ma`naviy kamolotga xizmat qiladigan ilmiy ishlari imtiyozli ravishda chop etib berilyapti. Shu paytgacha 16 ta risola va ilmiy-ommabop ishlar chop etilib, bir yarim million so’mlik ish bajarildi. 

Hozirgi davrdagi muammolar: zarur manbalar, adabiyotlar «Arxeologiya, tarix va falsafa», «Til va adabiyot» bo’limlari ish samaradorligini oshirish uchun shu fanlarga oid kitoblar, qo’lyozmа manbalarini Rossiya, Angliya, Turkiya, Misr, Eron, Pokiston, Ozarbayjon kabi mamlakatlardan keltirish masalasini hal qilish zarur. Internet tizimiga ulanib, sohalar bo’yicha yetakchi ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashni davr taqozo etyapti. Tajriba ishlab chiqarish bazasini mustahkamlash maqsadida texnika vositalari kerak. Bozor iqtisodiyoti sharoiti davrida Xorazm viloyatida qishloq xo’jaligini keskin rivojlantirish, ekologik muhitni yaxshilash, aholi salomatligini tiklash va mustahkamlash o’ta hayotiy, kechiktirib bo’lmas vazifa ekanligini nazarda tutib, Xorazm Ma`mun Akademiyasi tarkibida «Qishloq va suv xo’jaligi», «Ekologiya va tibbiyot» bo’limlarini tashkil etish nihoyatda zarur. (Xorazm Ma`mun Akademiyasi raisi muovini, biologiya fanlari doktori, professor K.S.Safarovning jurnalistlarga bergan intervyusidan olingan).

7. "Xorazm tili” yoxud shirin shevasi.
"Assolommolakim og`ala, jo’rolo, qorindosh-do’g`g`onlo, chiqonlo! Jollimisilo? Galingla, oxir Xorazma meymon bo’lib. Mozoli yumurto barak, qo’tir barak, bulomiq, iijon kurduk pishirib baramiz, galado’g`in bo’songizlo. Biza qodimnon meymondo’smiz. Qopiidon meymon gasa uyni to’ri shuniki. Novvi so’rosongizlo qo’ldon galyancha "xovvo” dab topib baramiz, xizmat atamiz. Ulli gujumni teyinda yo eyvonchog`o joy do’shab ros ajoyib gurung qizdiromiz, tashkil atamiz, dog`in olib o’tiring daganni bir marta oytomiz-qo’yomiz alashtirmisila, oyniqso Toshkent va vodiyli meymonlo. Aldingiza qo’yilg`on vajlani bemolol olib yivarasila. Galish siladan – xizmat atish bizadan. Sila ishonavaringla, Xorazmlilani gappi bir bo’lodi. Boshshimiz osmono yetincha so’vinamiz do’g`risi, sila gasangizla. Tortinmonglo shevasina tushunimman dab, har holdo bizaram adabiy tilni jolli bilamiz, so’llasharmiz amallab, qoni galingla asa, o’ylonmin!”

Yuqoridagi jumlalar bugungi Xorazm shevasidan foydalanib qilingan Xorazmga taklif edi. Asl Xorazm tilini bilmoqchi bo’lsangiz 2700 yillik tarixga ega "Avesto” kitobini o’qing. Shu kitob 12000 ho’kiz terisiga oltin harflar bilan bitilgan bo’lib, sof Xorazm tilida yozilgan 21 ta kitobdan iborat bo’lgan. Afsuski Aleksandr Makedonskiy bosqinidan keyin uning yong`indan qolgan, olib qochilgan ayrim parchalarigina saqlab qolingan. Unda Yulduzlar ilmi, Tibbiyot, Siyosat, Madaniyat, Jinlar bilan suxbat kabi boblar bo’lgan. Bugun "Avesto” xaqida ko’proq bilmoqchi bo’lsangiz Xorazmning yuragi Urganch shahriga keling va Shovot kanali bo’yida joylashgan ko’rkam "Avesto” bog`i kompleksiga tashrif buyuring! 

8. Shirin qovunlar vohasi.
 Qadimda Xorazm qovunlari qo’rg`oshin qoliplar yordamida Ispaniyaga olib borilgan va bir qovunning bahosi Ispaniya qirolining bir kanizagiga teng baholangan. Agar Xorazm qovunlarini istemol qilsangiz lablairingiz qovun shirasidan bir-biriga yopishib qoladi. Ishonch hosil qilay desangiz keling va yeb ko’ring. Har yili Xivada "Qovun sayli” o’tkaziladi. Bu saylda Xorazm qovunlarining barcha turlari namoish etiladi. Chunki Xorazmning o’z qovunlari bor-da. 

9. Xorazm guruchi.
  O’zbekistonning qayeriga bormay salom alik va sog`lik so’rashdan so’ng albatta qancha sholi yetishtirasiz, oilangizda qanday guruch iste’mol qilasiz? Guruchli taomlar yeyishda Xitoyliklar bilan bemalol raqobatlasha olar ekansizlar deyishadi. Bu gapda jon bor albatta. O’zbekiston sholisining 80% ini Quyi Amudaryo xududi ayniqsa, Xorazm vohasi yetishtiradi. Toshkent savdo rastalarida sotilayotgan va iste’mol qilinayotgan guruchning 60% dan ortig`ini Xorazm guruchlari tashkil etadi. Yurtimizning boshqa xududlarida ham guruch yetishtiriladi biroq, mazasi va to’yimliligi jihatdan Xorazm guruchlari bilan raqobatlasha olmaydi.

Ko’pchiligimiz guruchni sevib iste’mol qilamiz. Guruch oqilona ovqatlanuvchi hamda faol hayot kechiruvchilar uchun ajoyib ozuqa hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko’ra, guruchni jahon aholisining deyarli yarmi har kuni iste’mol qiladi.

Odatda,"guruch bozorlari”da ko’pchilik uni xarid qilayotganda tanlovda adashadi. Shu bois e’tiboringizga turli xususiyatlarga boy ushbu ozuqa haqida mutaxassislar tomonidan tavsiya etilgan kengroq va foydali ma’lumotlarni berishga harakat qildik...

Ma’lumotlarga ko’ra, guruch Yer yuzida taxminan o’n ming yillar ilgari bahaybat muzliklar erigandan keyin hozirgi Hindiston, Tailand va Xitoy mamlakatlari joylashgan yerlarda paydo bo’lgan. Shundan beri dunyo aholisining to’rtdan uch qismi uchun guruch doni oziq-ovqat sifatida ishlatib kelinmoqda.

Manbalarga ko’ra, O’zbekistonda sholi miloddan avval III asrlarda ekilgan. Dunyoda 7000 dan ortiq guruch turlari mavjud.

TIBBIY XULOSA. Guruchning tarkibidagi foydali moddalarni sanab o’tsak Mendeleev jadvalining naq o’zini takrorlagan bo’lamiz. Mutaxassislarning fikricha, guruchning tarkibida 78 foizgacha uglevodlar mavjud. Uglevodlar inson organizmidagi energiyani saqlagan holda ortiqcha yog` va qand moddasini hamda asab tizimi faoliyatini me’yorlashtirishga yordam beradi. Kaliy moddasiga boyligi bois organizmga boshqa mahsulotlar bilan tushadigan tuz miqdorini me’yorlashtiradi. 

10. Xorazm bakra balig`ini bilasizmi?   
 Xorazm vohasidagi baliqlar ta’mi o’ziga hos va takrorlanmasdir. Siz agar Sirdaryo balig`ini yeb ko’rgan bo’lsangiz endi Amudaryo suvidagi baliqlardan tatib ko’ring. Shirasi shu qadarki barmog`ingizni ham yeb qo’yay deysiz. Nafaqat Amudaryo balki vohasidagi kollektor, zahkash va kanallar suvidagi baliqlar ham juda shirin. Sazan baliq, karas, ilon baliq, moybosh, leshch kabi baliqlar boshqa hududdagi shunday baliqlardan juda shirali tamga ega. Bunday o’zgacha tam voha tuproq va suvlari tarkibidagi o’ziga hos minerallarga bog`liq. Shirinligidan bakra baliq shu darajada ko’p iste’mol qilinganki, bugungi kunda u qizil kitobga kiritilgan. Ming marta eshitgandan, bir marta tatib ko’rgan afzal deganday, o’zingiz kelib baliqlarni iste’mol qiling va mazasiga baho bering.
Tohirjon Matjonov
Xorazm viloyati Shovot tumani 
20-umumiy o`rta ta`lim maktabi
geografiya fani o`qituvchisi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.