Surxondaryoga borish uchun 10 ta sabab 

10 242

Surxondaryo vohasi dunyo sivilizatsiyasi o’choqlaridan biri sifatida umuminsoniy madaniyat tamadduniga qo’shgan bemisl hissasi bilan mashhur.

Surxondaryo viloyati 1941-yil 6-martda tashkil etilgan. Viloyat markazi Termiz shahri. Viloyatning markazi va janubiy qismi tekislik bo’lib, shimoliy Hisor tog` tizmalarining davomi bo’lgan Boysun tog`, Ko’hitang tog` va Bobotog`lar bilan o’ralgan.

Keyingi yillarda voha tarixi, yodgorliklariga bo’lgan qiziqish tobora oshib, xorijlik arxeolog olimlar e’tiborini  o’ziga tortib kelmoqda. Viloyatda arxeologik qazishmalar olib borilmagan yodgorliklar hali ham ko’p.

Quyida Surxon vohasiga borish uchun 10 sabab bilan tanishing.

1. Zarautsoy rasmlari
        
        
Zarautsoy darasidagi toshlarga ishlangan rasmlar ibtidoiy san’atning nodir namunalaridir. Zarautsoy Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida joylashgan. 1912-yilda I.Fyodorov tomonidan topilgan. 200 dan ortiq rasmlar mezolit, neolit va keyingi davrlarga mansub. Rasmlar chizma tarzida kontur va soya uslubida qizil angob (oxra) bilan chizilgan. Zarautsoyda odamlarning itlar yordamida yovvoyi buqalarni ov qilish manzarasi tasvirlangan. Hayvonlar (yovvoyi buqa, it, tulki, burama shoxli echki, jayron, tog` echkisi, hasharot), turli buyumlar (o’q-yoy, nayza, o’roqsimon qurollar), niqoblangan odamlar o’ziga xos  tarzda hayotiy qilib ishlangan. Zarautsoy  ibtidoiy san’atning noyob yodgorligi sifatida yodgorliklarni muhofaza qilish "qizil kitob"iga kiritilgan. 
        
2. Teshiktosh g`ori
   
     
Teshiktosh - O’zbekistondagi arxeologik qo’riqxonadir. Boysun tog` tizmasidagi g`orda joylashgan. G`or Machaydagi Zovtolosh soy darasida dengiz sathidan 1500-1600 metr balandlikda bo’lib, bo’yi 7, eni 20, uzunligi esa 21 metrni tashkil etadi. G`orning shifti teshik bo’lgani uchun gulxan yoqilsa, tepadagi tuynukdan chiqib ketavergan. G`orda 1,5 m. qalinlikda 5 ta madaniy qatlam bo’lib, har bir qatlamdan bittadan, ba’zilarida ikkitadan diametri 40 santimetr, sathi 2 metrga yetadigan gulxan qoldiqlari topilgan. Shuningdek, Teshiktosh g`oridan arxeolog Okladnikov 8-9 yashar bolaning bosh va skelet suyaklarini topgan. 1949 yili antropolog Gerasimov kalla suyagi asosida Teshiktosh odamining yuz tuzilishini tiklagan. 1973-yili antropolog Alekseev Teshiktosh odamini to’la o’rganib chiqdi. Uning fikricha, skelet ayol kishiniki bo’lib, inson evolyutsiyasining neandertal fazasiga mansub ekan. Shundan so’ng insoniyat tarixi haqida so’z borganda, albatta, Teshiktosh g`ori tilga olinadigan bo’ldi.

Dunyo ahlining Teshiktosh g`origa qiziqishi tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, Machaydaryo qishloqlari bo’ylab dara ichidan tekis yo’l o’tkazilishi g`orga borishga qulaylik yaratdi. Bu yerga ko’plab sayyohlar tashrif buyuradi. 
         
3. Boysundagi Omonxona bulog`i va g`ori
        
        
Boysun - tog`li yurt. Boysun tog`lari bag`rida Omonxona bulog`i joylashgan. Uzoq yillik tarixga ega Omonxona quyuq archazorlar bilan qoplangan. Ushbu manzil geografik muhiti, go’zal manzarasi, bahavoligi bilan inson ruhiyatiga o’zgacha ta’sir etadi. Omonxona buloq suvi tarkibida kremniy kislotasi, temir, alyuminiy va boshqa ko’plab mikroelementlar mavjudligi aniqlangan. Mutaxassislarning fikricha, bunday vitamin va minerallarga boy buloq suvi inson tanasini, ayniqsa, jigar, o’t pufagi yo’llarini davolash xususiyatiga ega. Ayniqsa, tananing ichki organlarini yuvishda qo’llaniladigan zamonaviy gemodez suyuqligi bilan solishtirilsa, foydali va zararsizligiga ko’ra Omonxona buloq suvi bir necha marta undan ustun turadi.

Bu yerda Omonxona g`ori ham mavjud bo’lib, uning balandligi 3,5 metr, umumiy maydoni esa 60 kvadrat metrni tashkil etadi. Bu g`orda g`aroyib hodisani kuzatish mumkin . Ya’ni saratonning chillasida g`or ichidagi harorat 5-6 daraja sovuq, qishda esa 20-22 daraja iliq bo’lib turarkan.

Boysunliklar orasida Omonxona tarixi haqida turli rivoyatlar yuradi. Aytishlaricha, Sohibqiron Amir Temurning lashkari shu vodiyga kelganda holdan toyib qoladi. Buning ustiga askarlar birin-ketin kasallikka chalinadi. So’ngra ular Omonxona suvidan ichib, ana shu g`or salqinida tin olib, yana asl holiga kelgan. Rivoyatdan shunday xulosaga kelishimiz mumkinki, ushbu manzil qadimdan elu xalqning sihat-salomatligini ta’minlashga xizmat qilgan.



      
4. Chanqovuz 
   
   
Chanqovuz – Surxon vohasining qadimiy va an’anaviy musiqa asbobi. U miloddan avvalgi I asrda paydo bo’lgan. Unda ajdodlarimiz, xususan, momolarimiz betakror kuylar yaratgan. Bugungi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax viloyatlarida ham ko’plab mohir ijrochilar bor. Azaldan chanqovuzni ko’p ayollar nag`ma qilib kelishgan. Suhbat–gurunglarda ham jo’rlikda jonlantirishgan. Go’yoki chanqovuz qadim momolarimiz, cho’pon cho’liqlarimiz, bobo dehqonlarimiz bilan birga mehnatda bo’lgan. Yurtimizda ayni paytgacha chanqovuzning ikki turi bo’lgan. Suyakdan chanqovuz yasashda asosan echki suyagidan foydalanishgan. Hozirgi kunda chanqovuzlar asosan temirdan yasalmoqda. Bundan tashqari, Surxon vohasida an’anaviy musiqa cholg`ularidan sivizg`a, g`ajir nay, chanqovuz, baxshilarga jo’r bo’lgan do’mbira, qo’biz keng tarqalgan. 

   
5. Termiz arxeologiya muzeyi 
   
  
Termiz arxeologiya muzeyi O’rta Osiyodagi yagona arxeologiyaga ixtisoslashtirilgan muzey hisoblanadi. Muzey 8 mingga yaqin eksponat bilan faoliyat boshlagan. Ayni paytda bu yerda Vatanimizning miloddan avvalgi yuz ming yillik o’tmishidan boshlab bugungi kunga qadar bo’lgan hayoti keng yoritilgan 80 mingdan ortiq noyob topilma va osori-atiqalar saqlanmoqda. Muzey fondi yildan-yilga turli davrlarga oid yangi topilmalar bilan boyib bormoqda. O’tgan yili muzeyga 30 mingdan ziyod mahalliy va xorijlik tomoshabinlar kelib, eksponatlar bilan tanishdi.   
      
6. Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohi    
     
     
Al-Hakim At-Termiziy madrasasi Termizdagi qadimiy me’moriy majmuadir. Unda Hakim at-Termiziy maqbarasi dastlab XI asr oxirida boshlanib, 1091-1095 yillarda Qoraxoniylar sultoni Ahmad ibn Hizrning ko’rsatmasiga muvofiq, at-Termiziy qabri ustida qurilgan. Majmua mustaqillik yillarida, ayniqsa, 2009-2011yillarda mukammal qayta ta’mirlandi. Bugungi kunda ko’plab sayyohlar tomonidan ziyorat qilinadigan joyga aylangan.
 



Al-Hakim at-Termiziy tasavvufning "Hakimiya” maktabi asoschisi sanaladi. Taxminlarga ko’ra, buyuk mutasavvif olim o’zining uzoq hayoti davomida (ba’zi manbalarga ko’ra 120 yil umr ko’rgan) 400 dan ortiq qimmatli asarlar qoldirgan, lekin bizgacha ularning 60 ga yaqini yetib kelgan xolos. Ushbu qo’lyozmalar hozirgi kunda Parij, Qohira, Damashq, London, Iskandariya va Istambul kutubxonalarida saqlanib, o’rganilib kelinmoqda. 
  
             At-Termiziy ziyoratgohi (videolavha) 
      

7. Sulton Saodat 
  
  
Sulton Saodat (yoki ba’zi manbalarga ko’ra Sulton Sodat) majmuasi – sayyidlar sulolasining maqbarasi bo’lib, uning hozirgi ko’rinishi 7 asr (X-XVII) davomida shakllangan. Dastlabki maqbara X asrda Xasan al-Amirning vafotidan so’ng barpo qilingan. Keyinchalik bu yerda 20 ta maqbara paydo bo’lgan. Ko’plab urush va vayronagarchiliklarni boshidan kechirgan bu majmuada 2002-yil katta hajmdagi ta’mirlash ishlari olib borildi. Sulton Saodatni ko’pchilik Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasiga qiyoslaydi. Ikkala majmua ham nekropol hisoblanib, ikkalasida ham Muhammad payg`ambarning (s.a.v) qarindoshlari va avlodlari dafn qilingan degan ma’lumotlar bor. 
         
8. Jarqo’rg`on minorasi 
          
Surxon vohasidagi qadimiy minoralardan biri bu — Jarqo’rg`on minorasidir. Jarqo’rg`ondagi Minor qishlog`ida joylashgan bu minora peshtoqida saqlanib qolgan yozuvlar inshootning 1108—1109 yillar oralig`ida qurilganligidan dalolat beradi. San’atshunos-me’morlarning ta’kidlashicha, uning umumiy balandligi 50 metrga yaqin bo’lib, hozir minoraning omon qolgan qismi 21,6 metrni tashkil etadi. Jarqo’rg`on minorasi qurilishida oddiy g`isht, ravoqlar va epigrafik hoshiyalar juda ustalik bilan qo’llanilgan, minoraning asosi baland 8 qirrali kursiga o’rnatilgan. Har bir qirraning markazida ravoqli taxmonchalar ishlangan, ana shunday taxmonchalardan birida joylashgan eshik orqali minora ichki qismidagi aylanma zinaga chiqilgan. Barcha minoralar kabi Jarqo’rg`on minorasi ham gumbazsimon muazzinxona bilan yakunlangan. Jarqo’rg`on minorasi memoriy-badiiy yechimiga ko’ra, Shimoliy Hindiston va Xuroson minoralariga yaqin turadi.
  

9. Sangardak sharsharasi 
         
Sariosiyo tumanida Sangardak deb ataluvchi qishloq bor. Bu yerdagi eng diqqatga sazovor obida, shubhasiz, qoyalardagi buloqdan hosil bo’lgan Sangardak sharsharasidir. Dengiz sathidan 3 ming metr balandlikdan otilib chiquvchi sharshara tabiatning noyob mo’’jizasi. Sharshara suvi 150 metrdan ortiq balandlikdan, atrofdagi qoyalarga urilib oqadi. Atrof hududlarda anjir, na’matak, uzum kabi bir qancha daraxt va butalar o’sadi. Bu hududda tabiat yovvoyi holda saqlangan bo’lib, inson tomonidan zarar yetkazilmagan. Ma’lumotlarga qaraganda, Sangardak sharsharasini hosil qiluvchi buloqning manbai qoyalar ichidagi ko’lda joylashgan.  Bu sharshara "Sharsharamozor” nomi bilan ham mashhur bo’lib, har yili mavsum boshlandi deguncha ziyoratchilar bilan gavjum bo’ladi. Uning atrofida kishini hayratga soladigan darajada serjilo kamalak hosil etadi. Sharsharaning o’ng tomonida, undan  200 metr balandlikda bir yilda bir marta, faqat javzo oyida tog` bag`ridan suv oqa boshlaydi. Bu oy tugashi bilan tog` bag`ridan oqayotgan suv ham to’xtaydi. Doim barchani hayratga soluvchi bu jumboqli holat haligacha o’rganilmagan. Buloqni mahalliy aholi "Javzo suvi” deb ham nomlashgan. Bundan tashqari, Sangardak tog`larida yana ko’plab buloqlar mavjud bo’lib, ular sangardak bulog`i, qora buloq, sirsoy buloq, shirin buloq kabi nomlar bilan atalib kelinadi. Buloq  suvi tog` yon-bag`irlaridagi turli giyoh ildizlarini yuvib chiqadi va u inson organizmi uchun foydali xususiyatga ham egadir.
         
10. Sayrobdagi chinor 
          
Umrboqiy daraxt deya e’zozlanib kelinayotgan «Chinor bobo» ming yoshga to’lgan. Vohaning Sayrob qishlog`idagi ana shunday ikki tup ko’hna chinor tanasidagi kattakon kovakdan ilgari askarlar qarorgohi, qishloq kengashi idorasi, kutubxona, maktab, choyxona, sartaroshxona sifatida foydalanilgan. Hozir esa uning ichida mo`jazgina muzey tashkil etilgan.
  
Chinor tabiiy yodgorlik sifatida muhofazaga olingan. Yana bir e’tiborli jihati, mazkur chinorlar ostida asrlar davomida jilolanib oqib turgan buloq va undagi qora tusli baliqlarni boshqa joyda uchratmaysiz. Buloq suvi oqib chiqadigan tuynuklar bo’lsa-da, yuzlab baliqlarning birortasi bu yerni tark etmagan. Boysunliklar ushbu azim chinorlar ostida ulug` shoir va davlat arbobi Bobur tin olib o’tganini faxrlanib gapirishadi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.