Qashqadaryoga borish uchun 10 ta sabab 

12 250

O’zbekistonning yana bir go’zal hududlaridan biri Qashqadaryo viloyatidir. Viloyatning o’ziga xos xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishing.

1. Oqsaroy ziyoratgohi
 Shahrisabz tumanidagi Sohibqiron Amir Temur davrida qurilgan me’moriy yodgorlik (1380-1404). Shahar bosh maydonida joylashgan. Uning old tarafida Amir Temur haykali bunyod etilgan. Bir zamonlar muhtasham, xashamatli bo’lgan bu saroyning bizgacha yemirilib, xaroba holga kelgan ulkan peshtoqi, ikki chekkasidagi minorasi, saroy poydevorining bir qismigina saqlangan. Oqsaroyning hozirgi ko’rinishi ham salobatli va go’zaldir. Peshtoq ravog`ining eni 22,5 metr, balandligi 40 metr, umumiy balandligi 50 metrdan oshadi. Peshtoq minorasi ichidagi aylanma zina orqali yuqoriga chiqilgan. Devonxona peshtog`ida arslon va quyosh tasviri va Temur davlatining uch halqa shaklidagi nishoni bo’lgan. Oqsaroy devorlaridagi ranglar jilosi, tarixiy, falsafiy va diniy mavzudagi, kufiy, suls yozuvlari, koshinkori bezaklar, naqshlarning o’zaro uyg`unligi binoga ajoyib va sehrli mazmun bag`ishlagan. Ranglarning oy yorug`ida jilolanib oqarib ko’rinishidan bino "Oqsaroy” deb nomlangan. Saroyning o’ziga xos xususiyatlaridan biri-tom tepasiga ishlangan hovuzdir. Bu yodgorlikni ko’rish uchun har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlar keladi.

2. Mirzo Ulug`bek nomidagi xalqaro kenglik stansiyasi 
 Kitob tumani Xalqaro parallelda (39 gradus 08 minut) o’tuvchi yagona aholi yashaydigan joy. Bu hududda jahonda sanoqli kenglik rasadxonalaridan biri qurilgan. Ushbu rasadxonada ko’plab yangi sayyoralar kashf etib kelinmoqda.

3. Langar ota ziyoratgohi
 Istiqlol yillarida ta’mirlanib, ziyoratchilar bilan gavjumlashgan Hazrati Langar ota ziyoratgohi Langar ota qishlog`ida joylashgan. Dengiz sathidan salkam 1000 metr balandlikda, XVI asrning oxiri XVII asrning boshlarida Ashtarxoniylar davlati hukmdorlari tomonidan barpo etilgan qo’sh maqbara Shayx Abul Hasan Ishqiya avlodlari Langar ota shayxlari maqbarasidir.
 Shiftdagi rangdor naqshlarda Sohibqiron Amir Temur bayrog`idagi "Abadiy hayot" ramzi shakllari naqshlangan. Shuningdek, Sulton Vayisdan qolgan ming yillik chinor va ul zotga daxldor Hukaktosh-Teshiktoshga chiqib, shifobaxsh Boshmanbuloq suvidan ichish mumkin.

4. Dinozavr izi
 Hisor qo’riqxonasi yaqinidagi Qal’ai Sheron soyining tugash qismida baland ko’kimtir tosh qoyada Yura davriga oid 190-195 million yil avval yashagan 31 ta dinozavr izi mavjud.

5. Amir Temur g`ori 
 Markaziy Osiyoda chuqurligi va uzunligi jihatidan yagona bo’lgan g`or. Rivoyatlarga ko’ra, Sohibqiron Amir Temur o’zining otliq lashkari bilan ushbu g`orda bir muddat dushman xavfidan saqlangan. Uzunligi 870 metr, kengligi 7-10 ba’zi joylarda 100 metrgacha yetadi. G`orning shiftlarida uzunligi 1,5-2 metr keladigan tabiat mo’jizasi - stallaktit (sumalak) lar mash’ala yorug`ida kamalak ranglarida jilolanadi. 

6. Tandir go’sht
 Qashqadaryoning eng mashhur va mazali taomi. Chapani va mehmondo’st qashqadaryoliklar kelgan mehmonni albatta, tandir go’sht bilan siylashadi. Haqiqiy tan madori bo’lmish bu taomning lazzatli ta’mi bir umrga og`zinggizda qolishi turgan gap. 

7. Suvtushar mo’jizaviy sharsharasi 
 Tabiatning go’zal in’omi hisoblanmish bu sharsharaning balandligi 84 metr. Dengiz sathidan 2 ming 100 metr yuqoridagi ulkan tosh qoyadan tushadigan suv parchalari go’zal qizni eslatadi. Shiddatli oqimdagi suv ko’pirib oppoq tusga kiradi. Shuning uchun mahalliy aholi uni "Sutshari" deb ham ataydi.

8. Tohir-Zuhra maqbarasi 
G`uzor tumanida joylashgan ushbu maqbara buyuk muhabbat egalari Tohir va Zuhraga tegishli. Bu ikki sevishganning muhabbat afsonasi tillarda doston bo’lgan. Ziyoratgohda nafaqat shu hududda yashovchi yigit-qizlar, balki diyorimizning turli burchaklaridan, hattoki, qo’shni respublikalardan tashrif buyurganlarni, kelin-kuyovlarni uchratish mumkin. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh-yalanglar ko’nglida chin muhabbat timsoli bo’lmish Tohir va Zuhraga nisbatan ehtirom tuyg`ulari jo’sh urishi tabiiy. Chunki chin muhabbat qissasiga nisbatan qiziqish hech qachon so’nmaydi.

9. "Lochin" oromgohi
 Dunyo mo’jizalarini tomosha qilish uchun, davlatlar bo’ylab sayohatga otlanish shart emas. Shahrisabzdagi "Lochin" dam olish maskanida ularning barchasini ko’rish mumkin. Parijdagi Eyfel minorasi, Rimdagi Kolizey binosi, yunonlarning Artemida ibodatxonasi, Hindistondagi Tojmahal, Samarqanddagi Registon va boshqa shu singari obidalarning nusxasi oromgohda bunyod etilgan. Ularning haqiqiylaridan yagona farqi o’lchamida xolos.



10. Chiyali bozori 

 Chiroqchi tumani o’zining Chiyali (Payshanba) bozori hamda "yaxna" taomi bilan mashhur. Chiyali bozori haqda eshitmagan kishi bo’lmasa kerak. Hatto asarlarda ham uning dovrug`i tilga olingan. Har yakshanba kuni bo’ladigan bozor o’z davrida kamyob tovarlarning mo’l-ko’lligi bilan mashhur bo’lgan. Barcha viloyatlardan xaridorlar kelib, bozordan o’zlari uchun kerakli narsalarni xarid qilishgan. 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.