Shimoliy Amerikaning tabiat zonalari va balandlik mintaqalari 

11 808

Tabiat zonalari. Materik iqlimi va relyefidagi farqlar tabiat zonalarining turlicha bo‘lishiga zamin yaratadi. Buyuk ko‘llardan shimoldagi tabiat zonalari kenglik bo‘yicha tarkib topgan bo‘lsa, janubdagi tabiat zonalari deyarli meridian yo‘nalishida joylashgan.
Arktika cho‘llari zonasi Grenlandiya oroli va Kanada-Arktika arxiрelagini egallaydi. Qishi juda sovuq (–35 °C dan past), yozi salqin (+5°C dan past). Asosiy o‘simliklari mox va lishayniklar. Hayvonot olami oq ayiq, morj, qo‘yho‘kiz (ular faqat shu zonada yashaydi), oq yapaloqqush va boshqalardan tashkil topgan.

Tundra va o‘rmon-tundra zonasining janubiy chegarasi sharqda 53° sh.k.dan, g‘arbda 62° sh.k. yo‘nalishigacha boradi. Botqoq va tundra — gleyli tuproqlarda buta va o‘t o‘simliklar, pakana qayin va tol, toshyorar, mox va lishayniklar o‘sadi. O‘rmon-tundrada qora  va oq qarag‘ay, balzam pixtasi (qarag‘ayi), tilog‘ochlar o‘sadi. Tundrada  shimol bug‘usi, qo‘yho‘kiz, lemming, qutb tulkisi, qutb bo‘risi, oq kaklik, oq quyon,  Alyaskada tog‘ qo‘yi, qor echkisi ko‘p uchraydi. 
 
Tayga zonasi 45° sh.k.gacha tarqalgan. Zona botqoq, podzol va muzloq tuproqlardan tarkib topgan. Asosiy o‘simligi qora  va oq qarag‘ay, Amerika tilog‘ochi, balzam pixtasi, qarag‘ay kabi igna bargli daraxtlar o‘rmonlarni hosil qiladi. Labrador yarimorolidagi daraxtlarning 90% i qora qarag‘ayga to‘g‘ri keladi. Hayvonlardan  qora va qo‘ng‘ir ayiq, Amerika losi, kiyik, o‘rmon bizoni, bug‘u, Kanada silovsini, yenot, bo‘ri, skuns, ondatra, qizil tulki kabilar yashaydi. Tinch okean sohillarida duglas qarag‘ayi, oq va qora qarag‘ay,  kedr ko‘p o‘sadi. Daraxtlarning bo‘yi 80-100 m ga boradi. 
 
Aralash va keng bargli o‘rmonlar zonasining sur o‘rmon tuproqlarida qarag‘ay, qayin, terak, tol, kashtan, eman, buk, Amerika yong‘og‘i, marvaridgul, yertut kabi o‘simliklar o‘sadi. Virgins bug‘usi, kalamush, puma, bobr (suv qunduzi), qizil olmaxon, yenot, burunduq asosiy hayvonlaridir.

O‘rmon-dasht va dasht zonalarining kashtan va qora tuproqlarida chalov, betaga, bizon o‘ti eng ko‘p uchraydi. Zonalarning shimoliy va sharqiy qismlarida qalin o‘tlarning bo‘yi 1,5 m ga yetadi. Buyuk tekisliklarda o‘t o‘simliklar ancha siyraklashadi, tikanli butalar, janubda, hatto, dub, akatsiya kabi daraxtlar uchraydi. Asosiy hayvonlari bizon, bo‘ri, tulki, kiyik, skuns (badbo‘y), opossum, oqboshli burgut va boshqalardan iborat.

Chalacho‘l va cho‘l zonalarining asosiy o‘simligi qora shuvoq, kaktus (bo‘yi 4-9 m), yukka (daraxtsimon doimiy yashil o‘simlik) qo‘ng‘ir-jigarrang tuproqlarda o‘sadi. Sudralib yuruvchilar (qora ilon) va kemiruvchilar, qalqondorlar yashaydi.

Savannalar va siyrak o‘rmonlar zonasida qizil va qizil-qo‘ng‘ir tuproqlar hosil bo‘lgan. Baland o‘t o‘simlikli, kaktus-akatsiyali savannalar va eman-qarag‘ayli siyrak o‘rmonlar xos.

Fasliy nam (musson) o‘rmonlar zonasi uchun ferralit tuproqlar,  eman, Karib qarag‘ayi, palma, kiрaris kabi o‘simliklar xos. Hayvonlardan alligator (timsohning bir turi),  qora ilon, kurka, Nikaragua sohillarida anakonda ilonlari yashaydi. 

Balandlik mintaqalari Kordilyera va Appalachi tog‘lari hududini qamrab olgan. Tog‘larda oq qarag‘ay, kedr, sekvoyya, qora qarag‘ay o‘sadi. Hayvonlardan tog‘ qo‘yi, qizil ayiq, yaguar, puma, qor echkisi, kondor va boshqalar yashaydi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.