G‘arbiy va Sharqiy Sibir
G‘arbiy
Sibir. G‘arbiy Sibirga shu nomdagi pasttekislik va Kara dengizidagi bir qancha kichikroq orollar kiradi. U shimoldan janubga 2 500 km ga, g‘arbdan sharqqa 1 900 km ga cho‘zilgan.
G‘arbiy
Sibirning zamini paleozoy erasida vujudga kelgan plitadan iborat. Uning usti
mezozoy va kaynozoy eralarining turli xil qalinlikdagi yotqiziqlari bilan
qoplangan. Paleozoy davri yotqiziqlari G‘arbiy Sibir pasttekisligining chekka
qismlarida ko‘zga yaqqol tashlanadi. Neft va ko‘mir hududning asosiy foydali
qazilmalarini tashkil qiladi.
G‘arbiy
Sibir hududi janubdan shimolga tomon salgina nishab. G‘arbiy Sibir hududida
uzunchoq, cho‘ziq do‘ngliklar ko‘p. Umuman, o‘lka hududining mutlaq balandligi
300 m dan oshmaydi.
G‘arbiy
Sibir hududida qishda arktika, yozda esa mo‘tadil mintaqaning havo massalari
hukmronlik qiladi. Shu sababdan o‘rtacha yillik havo harorati qishda –25 –30 °C
ni, yozda +22°C ni tashkil etadi. Yillik o‘rtacha yog‘in miqdori 480-550 mm ga
yetadi.
Ob, Irtish,
Taz va Pur kabi daryolar G‘arbiy Sibirning eng yirik daryolaridir. Umuman,
hududdagi deyarli barcha daryolar Shimoliy Muz okeani havzasiga kiradi.
G‘arbiy
Sibirning shimolida tundra-gleyli,
podzol va botqoq tuproqlar, janubiy qismida esa unumdor qora tuproqlar
tarqalgan. Pasttekislik hududida pakana qayin, qutb tollari, kedr, pixta, tilog‘och,
kaklik o‘ti kabi o‘simliklar o‘sadi. Hayvonlardan oq ayiq,
oq kaklik, shimol bug‘usi, lemming,
qutb tulkisi, rosomaxa kabilar yashaydi.
Sharqiy
Sibir. U Sibirning markaziy qismini egallab, g‘arbda G‘arbiy Sibir pasttekisligidan sharqda Kolima daryosining vodiysigacha davom etadi.
Sharqiy
Sibirning markaziy qismini egallagan qattiq va mustahkam Sibir platformasi
arxey erasida vujudga kelgan. Uning g‘arbiy qismi paleozoy, sharqiy qismi esa
mezozoy eralarida ko‘tarilgan.
O‘lkaning
relyefi, asosan, yassi tog‘liklardan iborat. Sharqiy Sibirning markaziy qismida
O‘rta Sibir yassi tog‘ligi joylashgan. Uning yuzasi dengiz sathidan o‘rtacha
400-600 m baland. Putorana tog‘larida balandlik 1 701 m ga yetadi.
Sharqiy
Sibir uchta — arktika, subarktika va mo‘tadil iqlim mintaqalarida joylashgan.
O‘lka iqlimining G‘arbiy Sibir iqlimidan farqli jihati uning keskin
kontinentalligidir. Bu yerda yillik havo harorati tafovuti juda katta (qishda
–20 –40 °C, yozda +16 +18 °C). Oymyakonda qishda harorat –71 °C ga, yozda esa
+36 °C ga yetganligi qayd etilgan.
Sharqiy
Sibir daryolarga boy. Yevrosiyoning yirik daryolaridan Yenisey, Lena, Aldan,
Kolima, Taymir, Xatanga, Vilyuy, Anabar shular jumlasidandir.
O‘lka
hududida arktika sahrolari, tundra va
o‘rmon-tundra zonalarining landshaftlari tarkib topgan. Asosiy tuproqlari tundra-gleyli
va torfli gleyli, botqoq va podzol
tuproqlardir. O‘lkaning shimoliy qismida ko‘p yillik muzloq yerlar katta maydonni
egallaydi.
Sharqiy
Sibirda o‘simliklardan mox va lishayniklar,
oq va qora qarag‘ay,
tilog‘och, Sibir yeli, kedr,
zirk kabilar o‘sadi. Hayvonlardan
oq ayiq, qutb tulkisi, bo‘ri,
o‘rmon suvsari, oq kaklik, shimol itsichqoni, yerqazir va boshqalar yashaydi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.