Jizzaxlik o’qituvchi relyefli globus yaratdi 

3 990

Jizzax tumanidagi 11-maktab geografiya fani o’qituvchisi Dildora Jo’rayeva o’zi o’tadigan darslar samaradorligini oshirish maqsadida innovatsion pedagogik loyihaga qo’l urdi. U bir yarim oy davomida yerning kichik modelini bo’rtma, ya’ni rel’yefli ko’rinishda yasashga muvaffaq bo’ldi.
 
 
Globus — yer sharining kichik masshtabdagi sharsimon nusxasi bo’lib, unda yerning geometrik konturlari va maydonlar nisbatini saqlagan holda butun yer yuzasidagi geografik obyektlar (quruqlik va suv havzalari, tog’, tekislik va boshqalar) qiyofasi muayyan nisbatda juda kichraytirilgan holda tasvirlanadi. Globus yasash tarixi uzoq o’tmishdan boshlangan. Qadimda sanoqligina olimlarning olam haqidagi ilmiy to’g’ri tasavvurlari dastlabki globuslarda o’z aksini topgan. Sharqda dastlabki ilmiy globusni Xorazmda Abu Rayhon Beruniy 1016-yilda yasagan. U faqat shimoliy yarim shardan iborat eng birinchi bo’rtma (relyefli) globus bo’lib, aholi yashaydigan joylar aniq ko’rsatilgan.

Dildora yaratgan globus uchun dastlab eng maqbul bo’lgan 1:38 000 000 (1 smda — 380 km) masshtabli globus maketi va unga namuna sifatida masshtabi 1: 40 000 000 (1 sm.da 400 km.) sm  bo’lgan tabiiy globus tanlab olindi. 
— Dastlab  globusning ikki o’qiga ingichka ip orqali har 15 daraja meridianlar va  har 20 daraja o’lchamda parallellar o’tkazildi, deydi geografiya o’qituvchisi D.Jo’rayeva. — Natijada, tayyor daraja to’ri hosil bo’ldi. Shundan so’ng ikki globus taqqoslab ko’rildi, ularning masshtabi ikki xil bo’lgani bois oradagi farqni aniqlab,  rel’yefli globus maketining har bir meridian va parellellar orasiga 2,5 mm dan qo’shib chiqildi. Eng  qiyin jarayon ana shu paytda kuzatildi. Chunki birgina xato loyihaning muvaffaqiyatini yo’qqa chiqarishi hech gap emas edi.

Mutaxassis hosil bo’lgan daraja to’riga masshtabi 1:40 000 000 (1 sm da  400 km) bo’lgan tabiiy   globusdan foydalanib barcha quruqlik va okeanlarni o’ta aniqlik bilan chizib chiqdi.
Ta’limda geografiya darslari samaradorligini oshirish uchun turli masshtabli globuslardan foydalaniladi. Dars davomida globusdan faqat ko’rgazma sifatida foydalanmasdan, u orqali o’rganilayotgan hududning iqtisodiy hamda ijtimoiy hayotini ham tushuntirib borish maqsadga muvofiq. Globuslar foydalanish maqsadlariga ko’ra bir-biridan farq qiladi. Dars jarayonini yanada ko’rgazmali qilish uchun, ko’pincha relyefli (bo’rtma) globusdan foydalaniladi.

— Relyefli globus yaratishdan asosiy maqsad, yer yuzasida mavjud bo’lgan turli rel’yef shakllari, ko’rinishlarini globusda aynan ko’rsatish hamda geografik axborotlardan samarali foydalanishdan iborat, deydi Dildora Jo’rayeva.
Yana bir muhim jihat shundaki, relyefli globusni afzalligi, rel’yef ranglar orqali emas, aksincha yerning haqiqiy ko’rinishi, uning yuzasining tuzilishi, tanlab olingan ma’lum bir masshtabda kichraytirilgan holda ko’rgazmali tasvirlanadi. yer yuzasidagi barcha relyef shakllarining haqiqiy o’lchamlarini aniqlash mumkin bo’ladi.

Maketga "Megamax” qurilish xomashyosi va qog’oz yelimidan hosil bo’lgan qorishmadan foydalanib, kerakli shakl berib chiqildi. Ishning keyingi bosqichida barcha qit’alar hududlari qalam  bilan chizib chiqilib, tayyor qorishma yotqizildi. Shu tariqa globus yer shari shaklini egallab bordi.
 
 
 
Ayni paytda o’qituvchi dars jarayonida ushbu modeldan samarali foydalanib, o’z o’quvchilariga yerning haqiqiy shakli haqida tushuncha bermoqda.
H.Fozilov

 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.