Beruniyning geografik qarashlari 

16 990

Abu Rayhon Beruniy (973-1048) astronomiya, geodeziya, fizika, geografiya  mineralogiya, kartografiya, iqlimshunoslik, tarix va ko’plab ijtimoiy fanlarga oid 150 dan ortiq ilmiy asarlar yozgan. U 973-yil Xorazmning qadimiy poytaxti Kot shahrida tug’ilgan, 17 yoshidan astronomiya bilan shug’ullana boshlagan. 20-21 yoshida matematik geografiyaga oid kashfiyotlar qilgan (masalan, ekliptika tekisligining ekvatorga nisbatan qiyaligini aniqlagan). 22 yoshida globus yasagan, unga Abu Nasr ibn Iroq Mansur ustozlik qilgan. Lekin Xorazmda turli noxush siyosiy vaziyatlar tufayli u yurtidan ketishga majbur bo’ladi. 998-yil Kaspiy dengizi janubidagi Jurjon shahriga keladi va bu yerda o’zining ikkinchi ustozi Abu Sahl Masixiy bilan uchrashadi. 1000-yilda uni mashhur qilgan "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarini yozadi. Bu asar xronologik asar bo’lib, unda turli tildagi turli xalqlarning  bayramlari, calendar sistemalari hamda madaniy-ma’rifiy  hayoti haqida ko’plab ma’lumotlarni o’z ichiga olgan. 1017-yil Mahmud G’aznaviy Xorazmni egallagach, boshqalar qatori Beruniyni ham G’azn shahriga olib ketadi.Shoh G’aznaviyning Hindistonga qilgan safarlarida maslahatchi va diplomat vazifasini bajargan , 1030-yil "Hindiston” nomli fundamental asar yozadi. Asarda juda qimmatli ma’lumotlar bo’lganligi bilan nafaqat o’rta asr davridagi olimlar, bugungi olimlarning ham e’tiborida bo’lib kelmoqda. Akademik V.P.Rozen "G’arb va Sharqning qadimgi va o’rta asrdagi butun ilmiy adabiyoti orasida bunga teng keladigan asar yo’q” deb ta’kidlagan edi. Hajmi juda katta, rang-barang mavzu va mazmundagi bu asarda hindlarning falsafasi, geografiyasi, etnografik merosi, urf-odatlari, yozuvi kabi jihatlarga katta e’tibor berilgan. Mahmud G’aznaviyning o’g’li Ma’sud humronligi davrida erkin ijod qilish huquqiga ega bo’lgan Beruniy uning sharafiga "Qonuni Ma’sudiy” ya’ni "Ma’sud qonuni” nomli astronomik asar yozgan. Ajoyib  ensiklopedist olim 1048-yil G’aznada vafot etgan. 

Ma’lumki, olim bu davrgacha ko’p ishlarni amalga oshirdi, uning qarashlari, fikrlari faqat O’rta Osiyo haqidagina emas, balki butun geografiyaga bag’ishlangan edi. Shuning uchun ham XI–XII asrlarni "Beruniy asri”  deb atashadi. Uning  geografiyaga oid asarlari 20 dan ortadi, shundan 16 tasi bizgacha yetib kelmagan. Masalan, faqat nomigina yetib kelgan asarlari quyidagilar: 
1. "Yerning obod qismlaridagi kenglik va uzoqlikni aniqlash haqida bir maqola”
2. "Tog’ tepasida turib ufq pastligini kuzatish orqali atrofdagi yerlarning kattaligini aniqlash haqida maqola”
3. "Olamdagi mavjud isitish sabablarining sifati va yil fasllarining turlichaligi haqida”
4. " Toshlar haqida kitob”
5. " Iqlimlarning taqsimlanishi haqida kitob” va boshqalar…

Olimning bizgacha yetib kelgan va ilmiy geografik ahamiyatini hanuzgacha yo’qotmagan asarlari: "Osori boqiya”, "Kartografiya”, "Geodeziya”, "Hindiston”, "At-Tahfim”, "Qonuni Ma’sudiy”, "Mineralogiya” va "Saydana” dan iborat.

"Osori boqiya” asarida asosan iqlim va ob-havo haqida tasavvurni oshiradi. Ob-havo elementlari va hattoki iqlimning o’ziga ham to’la to’kis ta’rif beradi. "Aniqki, yog’in qishda ko’proq yog’adi, yozda kamroq, tog’larda ko’proq, tekisliklarda kamroq”deb yozadi shu asarning 287-sahifasida mavjud. Ob-havo haqidagi bunday real fikrlar "At-Tahfim”da ham ko’p uchraydi. 

Beruniyning ikkinchi yirik geografik asari "Kitobu fi tasxih as-suvor va tabtix al-quvor” ya’ni "Kartalar va yer yuzasini bilish  kitobi” ni biz "Kartografiya” deb ataymiz. Aslida bu asarda bir necha fanlar birgalikda bir-biri bilan uyg’unlashib ketadi.  U dastlab bu bilimlarning ilmiy va nazariy tomonlarini asoslaydi va gradus to’ri, kartografik proyeksiyalar, astronomic asboblar va ulardan foydalanish bo’yicha ko’plab fikrlarni bildirib o’tgan.

"Geodeziya” (to’liq nomi "Kitobu tahdidi nihoyat ul-amokin li tashihi masofot ul-masokin” ya’ni "Turar joylarning oralaridagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash haqida kitob”) da geodezik bilimlardan tashqari, Xorazm geografiyasiga, xususan gidrologiyasiga e’tibor bergan.

Olimning Amudaryo etaklari, Qizilqum, Qoraqum haqidagi ilmiy mulohazalaridan quyidagi xulosalar kelib chiqqan: 1) butun yer yuzi tabiati singari, Amudaryo, Qizilqum va Qoraqum vohasi geologiyasi ham davrlar davomida o’zgarib kelgan. Quruqlik suv bilan, suvlik quruqlik bilan almanishib turgan 2) quruqlikda dengiz hayvonlari qoldiqlarini uchratish, bu yer avval suvlik bo’lganidan dalolat. Bu o’zgarishlarni ikki asosiy manbai bor - bir tomondan, yerni ichki kuchlari ta’sirida tog’larni ko’tarilishi, cho’kishi yoki yorilishi. Ikkinchidan, oqar suv va ko’llarning errozion ishi. Bu ikki kuch relief hosil bo’lishida muhim rol o’ynaydi 3) Qoraqumning katta qismi qadimgi Amudaryo oqizib keltirgan yumshoq jinslardan iborat alluvial tekislikdir  4) daryolar migratsiyasi, ya’ni o’zani yo’nalishini o’zgartirib turishini Amudaryo misolida ko’rish mumkin 5) daryo o’zanini yo’nalishini o’zgarishi juda katta ahamiyatga ega.

Tabiiy geografiya va paleogeografiyaga oid bunday fikrlar "Hindiston” asarida ham uchraydi. U shu asarida XI asrdayoq o’zan oqimida jinslarning o’ziga xos tarqalish va to’planish qonuniyatlarini topadi. Bu qonuniyatga ko’ra,  suv oqimi bo’ylab yotqizilgan cho’kindi jinslarning katta-kichikligi suv oqimining kuchiga to’g’ri proporsionaldir ya’ni oqim qancha kuchli bo’lsa, shuncha katta jinslar oqadi yoki aksincha. U Hind-Gang pasttekisligi avval dengiz ostida bo’lgani va keyinchalik quruqlikka aylangani haqida fikr yuritadi.

Uning oqar suvlar keltirgan cho’kindilar to’planishidagi uch bosqich haqidagi ta’limotini O’zFA akademigi Popovning fatsial-paragenitik mintaqalar to’g’risidagi xulosalari ham tasdiqlaydi. Beruniyning geologic va paleogeografik ta’limotlarida metodologik ahamiyatga molik g’oyalar ham mavjud. U ilk bor tabiat rivojidagi aktualizm g’oyasini ilgari surdi. Vaholangki bu g’oya mustaqil ravishda XVIII asrda rus olimi Lomonosov tomonidan amalga oshirildi va XIXasrda Lyayel tomonidan asoslab berildi.

"Mineralogiya” asari ham ahamiyatga molik.  Unda o’sha davrgacha bo’lgan foydali qazilmalar haqida fikr yuritilganligi bilan ahamiyatli hisoblanadi. Muallif foydali qazilmalar koni joylashgan hudud haqida ma’lumot berish bilan cheklanmay o’sha hududlar geologiyasi va geografiyasiga ham to’xtalib o’tgan. Asarning birinchi qismida 40dan ortiq qazilma va organik moddalarni aniqlash haqida gapirib o’tilgan. Ularni aniqlashda qattiqligi, siniqligiga katta e’tibor bergan. U fanda birinchi bo’lib minerallarning solishtirma og’irligini aniqlashga harakat qilgan, uni aniqlashda sof oltinni etalon qilib olgan.

Biz Beruniyning faqat geografiya va tabiiy fanlarga qo’shgan hissasi haqida gapirdik xolos. Aslida bu olim fanning turli sohalarida faoliyat yuritib ko’plab yutuqlarga erishgan. Fransuz Sarton XI asrni "Beruniy asri” deb atashi bejiz emas, chunki u barcha fanlarda turli yangiliklar, tekshiruvlar olib brogan. Shuning uchun ham sharqda uyg’onish davrining yirik namoyondalaridan biri bo’lgan alloma nomiga turli mukofotlar, oliy o’quv yurtlari, ko’chalar, maktablar nomi qo’yilgan. Zero, buyuklar nomi mangulikka dahldordir.
Normurod LATIPOV 
                                      Navoiy davlat pedagogika instituti
tabiiy fanlar fakulteti Geografiya o`qitish metodikasi yo’nalishi
                                                         2-A guruh talabasi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.