Yengil sanoat 

10 383

  Ma`lumki, yengil sanoat oziq-ovqat sanoati bilan birga O`zbekiston agrosanoatning uchinchi guruhini tashkil etadi. U, asosan, paxtachilik va pillachilik negizida tarkib topdi. Paxta tozalash, to`qimachilik, trikotaj, poyafzal, ko`nchilik, ipak ishlab chiqarish yengil sanoatning muhim tarmoqlari hisoblanadi. 
 Paxta tozalash sanoati ishlab chiqarish jarayoni bir-biriga bog`liq bo`lgan paxta tozalash korxonasi, paxta quritish sexlari va transport xo`jaligidan tarkib topadi. U qishloq xo`jalik mahsulotlarini dastlabki ishlovchi tarmoq bo`lganligi sababli uning ko`rxonalari paxtakor tumanlarida joylashtiriladi. Shuningdek, temiryo`l yoki avtomobil yo`llaridan foydalanish qulayligi ham e`tiborga olinadi.
  Paxta tozalash zavodlari ko`proq mashinasozlik, yoqilg`i-energetika-kimyo majmualari hamda to`qimachilik, yog`, kiyim-kechak kabi sanoat korxonalari bilan ishlab chiqarish aloqasida bo`ladi. 
  Birinchi paxta tozalash zavodi Toshkentda 1874-yilda qurilgan. O'sha davr zavodi bir mavsumda ko'pi bilan 3 ming tonna paxta tozalay olgan. Dastgohlarni esa suv kuchi harakatga keltirgan. Shu tufayli dastlabki vaqtlarda paxta tozalash korxonalari shaharlarda ham joylashgan. Zamonaviy paxta tozalash zavodi yil davomida 100 ming tonnagacha paxta tozalamoqda. 
  XX asr boshidagi mayda, yarim hunarmandchilik (210 ta) korxonalar o'rnida endilikda mexanizatsiyalashgan 120 dan ortiq qudratli korxonalar ishlab turibdi. Mustaqillikdan keyin Janubiy Koreya, Turkiya va boshqa xorijiy mamlakatlarning firmalari bilan hamkorlikda Qoraqalpog'iston Respublikasi hamda Xorazm, Qashqadaryo va Farg'ona viloyatlarida paxtani qayta ishlashdan tayyor to'qimachilik mahsuloti ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonlarni qamrab olgan korxonalar barpo etildi. 
  O'zbekistonda lub ekinlari yetishtirila boshlangach, XX asrning 30-yillarida kanop zavodlari yuzaga keldi. Ular hozirda yiliga 20 ming tonna kanop poyasini qayta ishlash quvvatiga ega bo'lgan «Toshkent kanop sanoat sotish» aksiyadorlik birlashmasiga uyushgan. Birlashma kanopdan qop-qanor, arqon, brezent va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. 
  Ipak gazlama to'qish uchun dastlab pilla chuvilib, xom ipak tayyorlanadi. Pilla yetishtirilgan joyida chuvilgani ma'qul. Uni uzoqqa tashish qimmatga tushadi (50 tonna yuk ko'taradigan vagonga ko'pi bilan 4 tonna pilla joylash mumkin). 
Pillachilik fabrikalarida asosan ayollar mehnat qiladi. Har bir fabrikada mingtacha odam ishlashi mumkin. Shunga ko'ra, pillakashlik fabrikalari ipak qurti boqiladigan mintaqalardagi kichik va o'rta shaharlarda joylashtiriladi. 
  Ko'n-poyabzal ishlab chiqarish ham yengil sanoat tarmog'idir. Toshkent va Samarqand shaharlarida charm ishlab chiqariladi. Poyabzal fabrikalari Toshkent, Farg'ona, Chirchiq, Yangiyo'l va boshqa shaharlarda joylashgan. 1995-yil «Farg'ona poyabzal» aksiyadorlik jamiyati Germaniyaning «Salamander» firmasi bilan birlashib «O'zsalaman» qo'shma korxonasiga aylandi. 
  G'ijduvon, Buxoro, Rishton, Urgut, Shahrisabz kabi shahar va tuman markazlari badiiy hunarmandchilik hamda kulolchilik, Xiva esa gilam to'qish markazlari hisoblanadi.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.