Geografiya ta’limida suhbat usulidan foydalanish 

6 949

 O‘qituvchi suhbat davomida xarita va boshqa ko‘rgazmali qurollardan hamda o‘quvchilarni ilgari olgan bilimlaridan foydalanadi.
  Mazkur usulda o‘quvchilar bilimlarini boshqa metodlarga nisbatan yaxshiroq o‘zlashtira olishadi.  Ushbu metodning afzal tomonlari shundaki, dars davomida o‘quvchilarni bilimlari tekshirib boriladi. Shuning uchun suhbatni geografiya ta’limidagi yetakchi metodlardan biri deyish mumkin. Lekin hamma darslarda ham ushbu metodni qo‘llab bo‘lmaydi. Masalan, Quyosh tizimidagi sayyoralar, Yerning Quyosh atrofidagi harakati, Beruniyning geografiya faniga qo‘shgan hissasi kabi bilimlarni suhbat metodi yordamida o‘tib bo‘lmaydi. Suhbat metodini umumiy bilimlarni berib bo‘lgandan so‘ng, ayrim materiklar geografiyasini o‘rganayotganda qo‘llash mumkin. Masalan, Afrikaning iqlimi, Osiyoning relyefi, Janubiy Amirika daryolari  va  h.k. Ya’ni o‘quvchilar zarur bilimlarni egallab bo‘lgandagina ushbu metodni  qo‘llash mumkin.  Ushbu metod ikki turga  bo‘linadi: katexezik (savol-javob); evristik (keng ko‘lamdagi) suhbat.
  Katexezik suhbat - Katexezik suhbatda o‘qituvchining  savoliga o‘quvchilar qisqa va aniq  javob beradi. Savol-javob orqali geografik ma’lumotlar va  hodisalarning joylanishi haqidagi  bilimlar aniqlanadi. Masalan, Afrika bilan Yevrosiyoning chegarasi qayerdan o‘tadi, qaysi kanal Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alarini ajratib turadi, faqat bitta yarim sharda joylashgan materik qaysi,  maktabga 1800  azimutda borsangiz qaysi azimutda qaytib kelasiz va  h.k.
  Katexezik suhbat eng oddiy suhbat turi bo‘lib xisoblanadi. Bunda o‘qituvchining savollariga  o‘quvchi qisqa va aniq javob berishi shart. Katexezik suhbatda o‘qituvchining savollari mantiqiy jihatdan  bir-biri bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin va ular o‘quvchini qaysidir muammoni yechishga  undamaydi. Masalan, Volga daryosi qaysi ko‘lga (dengizga) quyiladi, Mariana  cho‘kmasi qaysi okeanda joylashgan, O‘zbekistonning eng past  nuqtasi qaerda joylashgan va  h. k. Mazkur  suhbat o‘quvchilarni  bilim va ko‘nikmalarini tekshirish, o‘quv materialini mustahkamlash va qisman takrorlash uchun qo‘llaniladi.
  Evristik suhbat - Mazkur metod qo‘llanganda o‘qituvchi o‘quvchilar oldiga ma’lum bir muammoli masalani qo‘yadi. So‘ngra o‘qituvchi yordamchi savollar va  ayrim ma’lumotlarni eslatish yo‘li bilan  o‘quvchilarni ilgari olgan bilimlariga tayanib muammoni mustaqil hal etishga undaydi.  Bu yerda o‘qituvchi o‘quvchilarni  bilish faolligi ustidan nazorat qiladi,  savollar shunday qo‘yilishi kerakki, berilgan javob asosiy fikrni  isbotlashi va  shu fikrni davom ettirishi zarur. Masalan, Markaziy va Sharqiy Osiyoda  havo haroratining yillik farqi qanday?, Markaziy va Sharqiy Osiyo yillik harorati farqining sababi nima?, Iqlim diagrammasiga qarab Sharqiy Osiyoda yil davomida yog‘inning taqsimlanishini aniqlang?, Yog‘in nima uchun ko‘p yog‘adi? Mazkur savollarga o‘quvchilar javob berganlaridan so‘ng Markaziy va Sharqiy Osiyo iqlimlarining turi aniqlanadi. Markaziy Osiyo iqlimi  quruq va o‘zgaruvchan, Sharqiy Osiyoniki esa nam.
  Evristik suhbat katexezik suhbatga nisbatan murakkabroq.  Evristik suhbat o‘tkazganda o‘quvchilarga  keng ma’noda gapirishga imkon beriladi, bunda ular hayotiy tajribaga, qiyoslashga va fikrlashga asoslanishadi. Evristik suhbat asosan  yangi o‘quv materialini o‘tishda  va umumlashtiruvchi  takrorlashda qo‘llaniladi.
  Tabiiy geografiyaning boshlang‘ich kursida  Evristik suhbat barcha mavzularni o‘rganishda qo‘llanishi mumkin. Materiklar va okeanlar geografiyasida  va jaxon iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasida Evristik suhbat quyidagi mavzularni o‘rganishda qo‘llanishi mumkin: materikni yoki mamlakatni geografik  joylashishini  aniqlashda; turli o‘lkalar va mamlakatlar tabiiy sharoitining  asosiy xususiyatlarini o‘rganishda. 
  Har qanday  suhbatning samarasi o‘qituvchining savoliga bog‘liq. Shuning uchun darsga tayyorgarlik davomida o‘qituvchi beriladigan savollarni o‘ylab ko‘rishi lozim.
  Birinchi navbatda  bir-biri bilan mantiqan bog‘langan va bir-birini to‘ldiradigan, o‘quvchilar bilimiga  tayanadigan va o‘quvchilarni  xulosalar chiqarishga undaydigan savollar tuzish lozim. Didaktik maqsadlarga ko‘ra suhbat 3 turga bo‘linadi: Kirish, yangi bilimlarni o‘rganish, umumlashtiruvchi yoki yakuniy suhbat. 
  - kirish suhbati: maqsadi yangi bilimni puxtaroq o‘zlashtirish uchun zarur  bo‘lgan (ilgari o‘zlashtirilgan) bilim va ko‘nikmalarni  o‘quvchilar xotirasida qayta tiklashdan iborat. O‘quvchilar geografik borliq va hodisalar o‘rtasidagi aloqalarni mustaqil aniqlashdan iborat bo‘lgan vazifalarni  bajaradi. O‘quvchilar  karta va boshqa qo‘llanmalar  vositasida yangi bilimlar eski bilimlar bilan bog‘lanadi. Masalan,  Afrika iqlimini o‘tishda V sinfda va yil boshida o‘zlashtirishgan iqlim tushunchasi esga solinib, iqlimga ta’sir etuvchi omillar aniqlanadi:
  - yangi o‘quv materiallarini o‘rganish suhbati. Bunda  yangi mavzu o‘quvchilarni ilgari olgan  bilimlariga tayangan holda  o‘rganiladi. Mazkur suhbatning eng asosiy qismlari o‘quvchilar tomonidan bajarilishi lozim. Masalan, O‘zbekiston tabiiy geografiyasini o‘rganayotganda tabiiy geografik rayonlarni  ajratish tamoillariga e’tibor beriladi. Bayon qilingan metodlar  o‘qituvchi tomonidan xulosalanishi va  mazkur materialni o‘zlashtirilganligi  tekshirib ko‘rilishi lozim. Shundan so‘ng o‘quvchilarni mustaqil ishlarini tashkil qilish lozim;
  -yakunlovchi suhbat. Mazkur takrorlash va bilimlarni  muayyan bir tartibga solish, shuningdek o‘rganilgan  bilimlarni umumlashtirish  va chuqurlashtirish hamda kengaytirishda tatbiq etiladi. Bunda o‘quvchilar xulosalar chiqrishga  o‘rgatiladi. Bu suhbat yirik mavzular, qismlarni o‘tgandan keyin qo‘llaniladi.
Suhbat davomida  beriladigan  savollar quyidagi talablarga javob berishi kerak:
1. Savol va javoblar aniq va ravshan bo‘lishi kerak.
2. Qo‘shaloq savol bermaslik kerak. Masalan, Hisor tog‘larida qanday relyef shakllari tarqalgan va ular qanday paydo bo‘lgan? Jomolungma cho‘qqisini kim, qachon zabt etgan?
3. Savollarda keraksiz so‘zlar bo‘lmasligi, javobi sezilib turadigan  savollar ham bermasligi lozim. Masalan, kuzatuvchi yuqoriga ko‘tarilgan sari ufq chizig‘i kengayadimi?
4. Murakkab yoki «Ha», «Yo‘q» javobini talab qiladigan savollar bo‘lmasligi lozim. Masalan,  Volga daryosi Kaspiyga quyiladimi?
5. Savollar o‘quvchini o‘ylab ko‘rishni,  muhokama qilishni talab etadigan shaklda tuzilishi kerak.
 Savollarning murakkabligi sinflarga qarab ortib boradi.
V sinfda beriladigan savollar  murakaab javoblarni talab qilmaydi. Masalan, daryo qayerdan boshlanadi? Daryo qaerga quyiladi? U qaysi yo‘nalishda oqadi?
VI sinfda  o‘rganiladigan «Materiklar va Okeanlar tabiiy geografiyasi»da savollar biroz murakkablashadi. Berilgan savollar o‘quvchilarning o‘ylab ko‘rishga va  ma’lum bir aqliy faoliyatni amalga oshirishga majbur etiladi. Masalan, Anxel sharsharasini geografik joylashishini aniqlang.
  VII sinfda savollar yanada murakkablashadi, bunda savolga javob berish uchun o‘quvchilar katta aqliy faoliyatni amalga oshirishlari lozim. Masalan, O‘zbekiston tabiiy kartasi qanday  proeksiyada tuzilgan? O‘zbekistonda  Tyan-Shan tog‘  tizmasining qaysi qisimlari joylashgan?
  Yuqori sinflarda o‘rganiladigan iqtisodiy va ijtimsoiy geografiya kurslarida o‘quvchilarga keng va to‘liq javobni talab qiladigan savollar beriladi.  Masalan, jahon davlatlari qanday guruhlarga bo‘linadi? Yoqilg‘i - energetika sanoati O‘zbekistonning qaysi iqtisodiy rayonlarida yaxshi rivojlangan?
  Geografiya ta’limida suhbat metodi  ko‘p hollarda  karta va ko‘rgazmali qurollar bilan  ishlash metodlari bilan  birga qo‘llaniladi. Ayrim hollarda suhbat metodi hikoya va  tushuntirish elementlarini ham o‘z ichiga oladi. Shunday qilib suhbat metodi geografiya ta’limida asosiy metod sifatida ham, yoki qo‘shimcha  usul sifatida ham qo‘llaniladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.