Noan`anaviy darslar qanday tashkil etiladi? 

28 081

 MUNOZARALI DARSLAR
Munozarali darslar ham muammoli ta’lim texnologiyalariga asoslanadi. Munozarali darslar mazmuni va mohiyatiga ko’ra: 
1. Ilmiy munozara darslari;
2. Erkin fikrlash darslariga ajratiladi.
Ilmiy  munozara darslari dasturdagi muayyan bir mavzuni o’rganishga bag`ishlanadi. Mazkur dars oldida qo’yidagi vazifalar turadi:
1. O’quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish orqali tahsil olishga va fanga qiziqishlarini orttirish, bilimlarini kengaytirish. 
2. O’quvchilarning avval o’zlashtirgan bilim, ko’nikma va malakalarini odatiy, tanish va kutilmagan yangi vaziyatlarda qo’llanishi orqali yangi bilimlarni egallashlariga erishish.
3. O’quvchilarning bilimidagi mavhum tushunchalarni aniqlash va ularga barham berish, bilim olishga bo’lgan intilishlarini rivojlantirish.
4. O’quvchilarni nutq madaniyatini o’stirish, o’z fikrlarini lo’nda va mantiqan to’g`ri bayon etish, ularda dalillash ko’nikmalarini hosil qilish.
Masalan: Geografiya fanidan munozarali darslar «Atrof muhitning ifloslanishi», «Yerda hayot paydo bo’lishi va dastlabki rivojlanish» kabi mavzulardagi umumlashtiruvchi darslarda foydalaniladi.       
Ilmiy munozarali darslarning tuzilishi quyidagicha bo’ladi:
I. O’qituvchining kirish so’zi. Bunda o’qituvchi dars mavzusi, maqsadi va vazifalari, ilmiy munozara o’tkaziladigan muammolarning umumiy obzori, darsda o’quvchilar guruhi bajaradigan topshiriqlar bilan tanishtiradi.
II. O’quvchilar faoliyatini munozarali va muammoli vazifalarni bajarish va hal etishga yo’llash.
III.   O’quvchilar guruhi o’rtasida o’quv bahsi va munozarani tashkil etish. 
IV. O’quv bahsi va munozara yakuni. O’qituvchi dars davomida bahs va munozara keltirib chiqargan muammolar yechimidagi asosiy g`oya va tushunchalarni takidlab, xulosalar chiqaradi.
IV. O’quvchilarni baholash. O’quv bahsi va munozaralarda faol ishtirok etgan o’quvchilar rag`batlantiriladi va reyting tizimiga muvofiq baholanadi.
V.  Uyga vazifa berish.
VI. Darsni yakunlash.

KONFERENSIYA DARSLARI
Didaktik o’yinli darslar orasida konferensiya darslari ham muhim o’rin tutadi. Konferensiya darslari o’quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirishda, ilmiy dunyoqarashini kengaytirishda, ilmiy va ilmiy­ ommabop adabiyotlar bilan mustaqil ishlash ko’nikma va malakalarini orttirish, mustaqil hayotga ongli tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

O’qituvchi konferensiya darsini o’tishdan avval dars mavzusini, maqsad va vazifalarini belgilab, shu mavzuga oid qo’shimcha ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni ko’zdan kechiradi. Mazkur dars o’tishdan 10 kun oldin dars mavzusi e’lon qilinib, unga tayyorgarlik ko’rish uchun adabiyotlar tavsiya etiladi. E’lon qilingan didaktik o’yinli darsda «Olimlar» rolini tanlash, mavzuni har tomonlama yoritish, ma’ruza tayyorlash o’quvchilarning ixtiyorida bo’ladi. Darsga tayyorgarlik davrida o’qituvchi tomonidan ijobiy rag`batlantirish va muloqot madaniyati, o’quvchilarning darsga qizg`in ishtiroki muhim omil sanaladi.

Ilmiy konferensiya darsini quyidagicha o’tkazish tavsiya etiladi:
I. O’qituvchining kirish so’zi. Bunda o’qituvchi dars mavzusi, maqsadi va vazifalari, tegishli rollarni bajaruvchi «Olimlar» bilan tanishtiradi.
II. Ilmiy ma’ruzalarni tinglash. «Olimlar» mavzuci yuzacidan tayyorlangan ma’ruzalarni ko’rgazmali qurollar asosida bayon etadilar.
III. Ma’ruza muhokamasi. Bunda «Olimlar» va sinfdagi boshqa o’quvchilar o’rtasida mavzu yuzasidan bahs-munozara o’tkaziladi.
IV. Ilmiy konferensiya yakuni. O’qituvchi mavzu yuzasidan eng muhim tushuncha va g`oyalarni ta’kidlab, yakunlaydi.
V. O’quvchilarni baholash. Darsda faol ishtirok etgan o’quvchilar rag`batlantiriladi va reyting tizimiga muvofiq baholanadi.
VI. Uyga vazifa  berish.
VII. Darsni umumiy yakunlash.
Matbuot konferensiyasi sinfdagi barcha o’quvchilarning o’quv bilish  faoliyati faollashuvi bilan ko’zga tashlanadi.

SEMINAR DARSLARI
Seminar darslari o’quvchilar o’quv materialini o’qituvchi tavsiya etgan reja asosida, manbalardan foydalanib, mustaqil o’rganadilar. Bunday darslar o’quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirishda, bilimlarni mustaqil egallashlarida katta imkoniyatlarga ega. Bu jarayonda o’qituvchining vazifasi, o’quvchilarning seminar mashg`ulotlariga tayyorgarligi, o’quvchilarning bilish faoliyatini tashkil etish va boshqarish hisoblanadi.

Seminar mashg`ulotini o’tkazishda ikki xil yondashish mavjud. Birinchi xil yondashish-ma’ruza seminar tizimidagi ta’lim jarayonidir. Bunda o’qituvchi o’quv materialini turli ko’rgazmali vositalardan foydalangan xolda ma’ruza shaklida bayon qiladi. Shundan so’ng, o’quvchilar seminar rejasiga asoslanib, o’quv materialini qayta ishlab chiqadi va seminar mashg`ulotida muhokama qiladilar. Bu xildagi yondoshuvni mavzu atamalarga boy bo’lgan paytda qo’llash maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchi xildagi yondoshuvda seminar darslaridan mustaqil ish shaklida foydalaniladi, ya’ni o’quvchilar hali o’zlariga noma’lum bo’lgan o’quv materiali asosida mustaqil tayyorgarlik ko’radilar.

Bunday yondoshuv o’quv materiali o’quvchilar uchun oson, mustaqil o’zlashtirish imkoniyati bo’lganda qo’llaniladi. Bunday seminar darsning didaktik vazifasi o’quvchilarning yangi mavzu materialini o’zlaridagi mujassam bo’lgan bilimlar asosida o’zlashtirishga erishishdir. 

Seminar darslariga hamma o’quvchilar yetarli tayyorgarlik ko’rib, tavsiya etilgan adabiyotlar bilan tanishib, bahs va munozarada faol ishtirok etgandagina ko’zlangan maqsadga erishish mumkin. 

Buning uchun fan xonalarida «Seminar mashg`ulotlariga mustaqil tayyorgarlik ko’rish burchagi»ni tashkil etish lozim. Bu burchakda seminar mavzusiga oid qo’shimcha ilmiy ommabop maqolalar, qo’llanmalar qo’yiladi va ular vaqti-vaqti bilan seminar mashg`ulotlari mavzusiga bog`liq holda yangilanib, almashtirilib boriladi.

Bu burchakdagi «ko’rsatmalar» bo’limida seminar darsning maqsadi mavzusi o’quvchilar uchun tabaqalashtirilgan yangi dastur materiali asosida hamma o’quvchilar bajarishi lozim bo’lgan savol-topshiriqlar bilan birga o’z bilimlarini mustaqil kengaytirmoqchi bo’lgan o’quvchilar uchun qo’shimcha savollar ham beriladi. Biz quyida ana shunday ko’rsatmadan namuna keltiramiz.

O’quvchilar seminar darsiga tayyorlanish uchun quyidagilarga amal qilishi kerak.
1. Seminar darsida bajariladigan topshiriq yoki savollarni diqqat bilan o’qib chiqishi.
2. Bu savollarga darslikdan foydalanilmasdan, o’z bilimiga tayangan holda javob berishga harakat qilishi.
3. Seminar topshirig`i yoki savollarga binoan darslik yoki tavsiya etilgan adabiyotlardan kerakli betni topishi, matndan savollarga javob izlashi, o’qiganlarini idrok etishi, mag`zini chaqishi, yodda saqlashga harakat qilishi.
4. O’quv reja tuzib shu reja asosida javob yozishga harakat qilishi javob qisqa va aniq bo’lishiga erishish.
5. Javoblar yakunida xulosa chiqarishi va foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatini yozishi.

Seminar darsining tuzilishi taxminan  quyidagicha bo’lishi mumkin.
1. O’qituvchining kirish so’zi.  Unda seminar darsning vazifasi, rejasi va dars davomida hal qilinishi lozim bo’lgan muammolar bayon etiladi.
2. Seminar savollariga binoan o’quvchilarning javoblari tinglanadi.
3. Munozarali ahborotlar mazmuni muxokama  qilinadi.
4. Seminar  mashg`ulotlarini yakunlash unda o’quvchilar javobi taxlil qilinib, ularning munozaradagi ishtiroki baholanadi. Seminar mazmuni  umumlashtirib, yakun yasaladi.

SINOV DARSLARI
Sinov darsi ma’lum bir bobni o’rganib bo’lgandan so’ng o’tkaziladi. O’quvchi bu darsni  o’z iqtidori va malakasiga qarab uni  quyidagicha o’tkazishi mumkin:
a) og`zaki yoki yozma savol-javob;
b) didaktik kartochkalar;
v) o’zaro nazorat varag`i;
g) testlar;
maxsus EHM nazorat dasturlari.

Biz quyida o’zaro nazorat varag`i hamda mahsus EHM nazorat dasturlari yordamida o’tkaziladigan sinov darslariga to’xtalamiz. Sinov darslarni EHM nazorat dasturi orqali o’tkazgan o’qituvchi maxsus bob bo’yicha savollar tuzib uni EHM xotirasiga yozib qo’yadi.

EHM variantlar tuzib, o’quvchilarning bilimini shu variantlar asosida tekshiradi. O’quvchilarning javobini EHM tahlil qilib, baho mezoniga muvofiq, haqqoniy baholaydi.
O’quvchilarning  mavzulardan olgan bilimlarini tekshirish maqsadida o’qituvchi quyidagi EHMning nazorat dasturidan foydalanishi maqsadga muvofiq. Bu nazorat dasturi 17 variant bo’lib, har bir variantda o’quvchilar javob berishi lozim bo’lgan 8 ta savol-topshiriq bor.

O’quvchilar bu savollarga o’z bilim zahiralariga tayanib javob beradilar. Agar o’quvchi savolga javob bera olmasa, unda EHM displeyida «Yana bir urinib ko’ring» degan yozuv paydo bo’ladi.

Ikkinchi marta ham savolga to’g`ri javob berilmasa, unda displeyda «Javob noto’g`ri» degan yozuv va savolning javobi ko’rinadi. O’quvchi shu javobni o’qib, o’z kamchiligini anglashi mumkin. Shuni qayd etish lozimki, EHM o’quvchining har bir xatosini hisobga olib boradi va baholaydi. Kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, o’quvchilarning EHM bilan muloqoti ularning darsga, fanga va tahsilga bo’lgan qiziqishlarini orttiradi. 

Sinov darslari nazorat varag`i yordamida o’tkazilganda, o’qituvchi ma’lum bir bob bo’yicha savollar tuzib, mazkur bobni o’rganishdan oldin o’quvchilarga tarqatadi. 

TEST SINOV DARSLARI
 
O’qituvchi o’quvchilarga 2 xil variantda test materiallarini tarqatadi. Bunda test materiallari variantlar bo’yicha sinf o’quvchilariga teng yetadigan darajada bo’lishi kerak. Bir xil variantdagi o’quvchilarning joylashuvi va munosabatlari dars davomida e’tiborga olinadi. Testlarni yechishda o’quvchilarni nazorat qilishni 2 ta a’lochi o’quvchiga bolalar sonini teng ikkiga bo’lib topshiriladi. O’z-o’zini nazorat qilish natijasida test savollarini yechishga kirishiladi. Yakunlangan testlarni tekshirish uchun yig`ishtirib olinib, almashtirib tarqatiladi. Javoblar 2 ta o’quvchi tomonidan o’qib beriladi. Guruhdoshlari esa tekshirishni amalga oshiradi. Darsning o’z-o’zini boshqarishi va natijalarni baholashga 10-15 minut vaqt sarflanadi. Qolgan vaqtlarda darsning boshqa bosqichlari amalga oshiriladi. Bunda o’quvchilarni 100 foiz baholashga erishiladi.

MODIFIKATSIYALANGAN - SHAKLI O’ZGARTIRILGAN MA’RUZA 
Bu o’qitish usulidan o’qituvchi mavzu mazmunini og`zaki nutq orqali o’quvchilarga yetkazadi,  o’quvchilar bilan muloqot olib boradi. Ammo, an’anaviy ma’ruzadan farqi - o’qituvchi va o’quvchi orasida muloqot ketadi.

Qo’llanilishi:
  • o’quvchilarga umumiy axborot berish uchun;
  • fanga kirish va asosiy materiallarni berish uchun;
  • qaysidir turdagi faoliyatni boshlashdan oldin namoyish qilish, rolli o’yinlar va boshqa turdagi usullarni qo’llashdan oldin;
  • ta’rif, qoida, formulalarni masala yoki laboratoriya ishlarida qo’llashni namoyish qilish uchun.
Afzalligi:
  • tezkorlik bilan amalga oshirilishi;
  • darsga kerak bo’lgan ko’rgazmali qurollar, ko’rsatma materiallarni tayyorlanishi;
  • katta guruhlarda samaradorligi;
  • kam resurslarni talab qilishi;
  • boshqa usullar bilan birgalikda qo’llash mumkinligi;
  • vaqtni yengil boshqara olishi;
  • guruhni birgalikda ishlash imkonini berishi.

 TRENING DARSLARI
Darslarda o’qituvchi va o’quvchilar o’rtasidagi o’zaro aloqadorlikni ta’minlash hamda dars samaradorligini oshirish uchun trening darslarida katta imkoniyatlar mavjud.

Trening darslari qayta aloqa asosida olib boriladi. Ya’ni o’qituvchi o’quvchilarning fikrlarini bilib, bilimlarini yanada boyitib o’zlariga qaytarib beradi. Ya’ni, dars davomida faqat  o’qituvchi ishlamasdan o’quvchilar ham tengma-teng ishlaydilar.

Yuqorida aytganimizdek, bu usulda o’qituvchi va o’quvchi o’rtasida erkin munosabatlar vujudga keladi va o’quvchilar erkin, mustaqil fikrlay boshlaydilar. O’quvchilarning o’zlarini erkin xis qilib, erkin fikrlay boshlaganlaridan so’ng bilimlarni qabul qilish imkoniyati ham kengayadi. Demak, o’qituvchi bermoqchi bo’lgan bilimlarni to’liq bera oladi.

Trening darslar davomida o’quvchilarning tartib buzarliklarini, o’zaro suhbatlashib halaqit berishlarini oldini olish uchun o’quvchilar bilan birgalikda mashg`ulotlarda amal qilinishi lozim bo’lgan tartib-qoidalarni ishlab chiqish va  hammaga ko’rinadigan joyga ilib qo’yish mumkin.

Shuningdek, dars davomida fanga aloqador bo’lgan turli xil o’yinlarni o’tkazish dars samaradorligini yanada oshiradi. Bunday o’yinlar o’quvchilarning charchaganligi xis qilingan vaqtlarda o’tkazilsa maqsadga muvofiq bo’ladi. O’quvchilar tetiklashadi, fikrlari bir nuqtaga jamlanadi.

Mazkur darslarning samarali tomonlaridan yana biri nazariy ma’lumotlar bilan amaliy mashg`ulotlarni birgalikda olib borilishidir. O’quvchilar kichik guruhlarda ishlab, nazariy olgan bilimlarini amalda sinab ko’radilar. Misol qilib, iqtisod fanidan «Bozor tushunchasi» mavzusini olaylik.

Mashg`ulotni o’qituvchi aqliy hujum bilan boshlaydi. O’quvchilarning javoblari doskaga yoziladi va tayanch so’zlar tagiga chizilib umumiy qoidalar ishlab chiqiladi: «Bozor sotuvchi bilan oluvchi o’rtasidagi vosita». Shundan so’ng o’qituvchi bozor turlari to’g`risida batafsil gapirib beradi.

O’qituvchi so’raydi: «Bozorda qanday holatlar bo’ladi? Bozorda mahsulot olib chiqishdan oldin nimalarga e’tibor berish lozim?»

Bozorda raqobat, sotish va sotib olish kabi holatlar bo’ladi. Mahsulotni sotishdan  yoki ishlab chiqarishdan oldin talab va taklif o’rganiladi.

O’quvchilar bozor to’g`risida chuqurroq tushunchaga ega bo’lishlari uchun  «Bozordagi holat» nomli o’yin olib boriladi. Buning uchun sinfdagi o’quvchilar uch guruhga bo’linadi. Birinchi va ikkinchi guruh kanselyariya mollari, uchinchi guruh esa o’quv darsliklarining ishlab chiqarib, reklama asosida sotishlari lozim bo’ladi. O’z mahsulotini yaxshi reklama qilgan guruh g`olib bo’ladi.

Shundan so’ng birinchi va ikkinchi guruh o’z mahsulotlarini (sinfda bor mahsulotlardan kelib chiqqan holda) sotadilar. Uchinchi guruh esa o’qituvchi tomonidan tarqatib berilgan shartli (yasama) pullar asosida mahsulotlarni sotib oladilar.

Bunda «xaridorlar» qancha ko’p mahsulot sotib olsalar, «sotuvchilar» esa qancha ko’p sotsalar g`olib hisoblanadilar.

So’ngra o’qituvchi o’quvchilardan o’yin davomida nimalarni his qilganlarini, hayotda nimalarga e’tibor berish lozim ekanligini  so’raydi va umumiy xulosa chiqariladi.

Ushbu trening usuldagi mashg`ulotlar o’quvchilarni erkin fikrlashga, o’z fikrlarini kichik guruhlar o’rtasida bemalol ayta olishlariga imkoniyat yaratadi. Demak, trening darslarining samaradorligi yuqori bo’lib, boshqa fanlarda ham bu usuldan foydalanish mumkin. 

 FSMU  texnologiyasi 
Trening haqida tushuncha.
Ushbu texnologiya munozarali masalalarni xal etishda, baxs-munozaralar o’tkazishda yoki o’quv-seminari yakunida (tinglovchilarning o’quv-seminari haqidagi fikrlarini bilish maqsadida), yoki o’quv rejasi asosida biron bo’lim o’rganib bo’lingach qo’llanilishi mumkin, chunki bu texnologiya tinglovchilarni o’z fikrini himoya qilishga, erkin fikrlash va o’z fikrini boshqalarga o’tkazishga, ochiq holda bahslashishga, shu bilan qatorda o’quvchi talabalarni, o’quv jarayonida egallagan bilimlarini tahlil etishda, qay darajada egallaganliklarini baholashga hamda tinglochilarni bahslashish madaniyatiga o’rgatadi.

Maqsad.
 Ushbu texnologiya tinglovchilarga tarqatilgan oddiy qog`ozga o’z fikrlarini aniq va qisqa holatda ifoda etib, tasdiqlovchi dalillar yoki inkor etuvchi fikrlarini bayon etishga yordam beradi.

O’tkazish texnologiyasi.
Ushbu texnologiya bir necha bosqichda o’tkaziladi.
1-bosqich.
  • trener tinglovchilar bilan  birga bahs mavzusini yoki muhokama etilishi kerak bo’lgan muammoni, yoki o’rganilgan bo’limni belgilab oladi;
  • trener o’quv mashg`ulotida avval har bir tinglovchi yakka tartibda ishlashi, keyin esa  kichik  guruhlarda ish olib borilishi va nihoyat dars oxirida jamoa bo’lib ishlanishi haqida tinglovchilarga ma’lumot beradi;
  • mashg`ulot davomida har bir tinglovchi o’z fikrini erkin holda to’liq bayon   etishi mumkin ekanligi eslatib o’tiladi.
2-bosqich.
Har bir tinglovchiga FSMU texnologiyasining 4-bosqichi yozilgan qog`ozlar tarqatilgan:
F- fikringizni bayon eting.
S- fikringizni bayoniga sabab ko’rsating.
M- ko’rsatgan sababingizni isbotlab misol (dalil) keltiring.
U- fikringizni umumlashtiring.
Har bir tinglovchi yakka tartibda qog`ozdagi FSMU-ning 4-bosqichini o’z fikrlarini yozma bayon etgan holda to’ldiradi.

3-bosqich.
  • Har bir tinglovchi o’z qog`ozlarini to’ldirib bo’lgach, trener  ularni kichik guruhlarga bo’linishlarini iltimos qiladi yoki o’zi turli guruhlarga bo’lish usullaridan foydalangan holda tinglovchilarni kichik guruhlarga bo’lib yuboradi;
  • trener har bir guruhga FSMU texnologiyasining 4-bosqich yozilgan katta formatdagi qog`ozlarni tarqatadi;
  • trener kichik guruhlarga har birlari yozgan qog`ozlardagi fikr va dalillarni katta formatda umumlashtirgan holda 4-bosqich bo’yicha yozishlarini taklif etadi.
4-bosqich.
  • kichik guruhlarda avval xar bir tinglovchi o’zi yozgan har bir bosqichdagi fikrlari bilan guruh a’zolarini tanishtirib o’tadi. Guruh a’zolarining barcha fikrlari o’rganilgach, kichik guruh a’zolari ularni umumlashtirishga kirishadi;
  • guruh a’zolari FSMU ning 4-bosqichini har biri bo’yicha umumlashtirib, uni himoya qilishga tayyorgarlik ko’radilar;
  • Fikrlarni umumlashtirish vaqtida har bir tinglovchi o’z fikrlarini himoya etishi, isbotlanishi mumkin.
5-bosqich.
  • kichik guruhlar umumlashtirilgan fiklarini himoya qiladilar: guruh vakili har bir bosqichni alohida o’qiydi iloji boricha izoh bermagan holda. Ba’zi bo’limlarni isbotlashi, ya’ni guruhlarning aynan nima uchun, shu fikrga kelganini aytib o’tishi mumkin.
6-bosqich.
  • trener mashg`ulotga yakun yasaydi, bildirilgan fikrlarga o’z munosabatini bildiradi;
  • quyidagi savollar bilan tinglovchilarga  murojat qiladi:   
  • ushbu trening yordamida nimalarni bilib oldingiz va nimalarga o’rgandingiz?
  • ushbu texnologiyani o’quv jarayonida qo’llanilishi qanday samara berdi?
  • ushbu texnologiyani qo’llanilishi o’quvchi-talabalarda qanday xislatlarni tarbiyalaydi, nimalarni shakllantiradi, ularning qanday fazilatlarini rivojlantiradi?
  • ushbu texnologiyaning o’quv jarayonining qaysi bosqichida qo’llanilgani ma’qul va nima uchun?
  • ushbu texnologiyani dars jarayonida qo’llanilishi o’quvchi talabalarga nima beradi va nima o’rgatadi?
  • ushbu texnologiyani  yana qanday tartibda yoki qanday shaklda o’tkazish mumkin?
  • ushbu treningning asosiy vazifasi nimadan iborat.
IZOH: yuqorida keltirilgan savollar har bir treningning  mazmuni, maqsadidan kelib chiqib trener tomonidan tinglovchilarga yoki o’quvchi-talabalarga berilishi mumkin.    
Tarqatma materialning taxminiy nusxasi.

FSMU TEXNOLOGIYASI
      (F)  - fikringizni bayon eting
      (S)   - fikringizni bayoniga biron sabab ko’rsating
      (M)   -ko’rsatilgan sababni tushuntiruvchi (isbotlovchi) misol keltiring
      (U)   - fikringizni umumlashtiring.

Masalan:
F - Men odamlar xonada chekishiga qarshiman.
S  -Shifokorlar ta’kidlashicha, passiv kashandalik saraton kasalligiga chalinish va nafas olish yo’llari xastalanishiga maydon yaratadi.
M - Tamaki tutuniga yaqin borsam, har doim boshim aylanadi.
 U - Shuning uchun ham men odamlar xonada chekishiga qarshiman.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.