P - harfiga oid izohli lug`atlar 

8 728

Palaxsa, palaxsa tog` - yer po`stining tektonik yoriqlar bi­lan ajralgan qismi, bir bo`lagi. Palaxsa tog`larning yonbag`ri tik, usti tekis yoki salgina qiya bo`ladi. Qadimda burmalanib, keyin tekislanib qolgan o`lkalarda vu­judga keladi. Bular yoshargan tog`­lar deyiladi.

Paleogeografiya - Yer yuzasi tabiatining rivojlanish tarixini o`rganuvchi fan. Paleogeografiya tabiiy geografiya va tarixiy geologiyaning bir qismi. Paleogeografiya ikki yirik bo`limdan iborat: umumiy pa­leogeografiya - geografik qobiqning rivojlanish tarixini o`rganadi; regional paleo­geografiya esa - ayrim land­shaftlar (tabiiy hududiy komplekslar) ning rivojlanish tarixini o`rganadi. Paleogeografiya tadqiqotlarida geografik qobiq va land­shaftlarning o`tmishi tog` jinsla­ri qatlamlarining tarkibi, yoshi, yotish holati, ularda saqlanib qolgan organik hayot qoldiqlari, relikt reylef shakllari va boshqalar asosida tiklanadi. Geogra­fik qobiq geografik landshaft­lar va komponeitlarning hozirgi tabiatini to`g`ri tushunish hamda ularning kelgusi rivojlanishini aniqlashda paleogeografiyaning asosiy metodi bo`lmish tarixiy metodning roli juda katta. Paleogeografiyaning geografik qobiq va landshaftlarni so`nggi 1 mln. yil, ya’ni tarixiy davr mobaynidagi o`zgarishlarini o`rga­nuvchi qismi tarixiy geografiya (aniqrog`i tarixiy tabiiy geogra­fiya) ni tashkil etadi. Tari­xiy geografiya - inson pay­do bo`lgandan buyongi geografik sharoitni va unga jamiyat ta’sirini o`rganish bilan shug`ullanadi.

Paleogeomorfologiya - geomorfologiyaning o`tmish geologik davrlardagi reylef shakllarini o`rganuvchi tarmog`i. Paleogeomorfologiyaning aso­siy ob’ekti ko`milib qolgan reylef shakllarini (eski o`zanlar, vodiylar, jarlar va h.k.) hamda denudatsiya protsessida ochilib qolgan qadimgi reylef shakllarini o`rganishdir. Paleogeomorfologiya qadimgi reylef shakllarini tasavvur qilishga imkon beradi.

Paleoglyatsiologiya- qadimgi geologik davrlardagi muzliklarni, shuningdek Yer sharidagi hozirgi muzliklarning paydo bo`lish tarixini o`rganuvchi fan.

Paleozoy erasi, paleozoy (yunoncha paleos - qadimgi, zov - hayot) - yer geologik tarixining uchinchi erasi va bu erada paydo bo`lgan tog` jins­lari. Bundan 570 mln. yil oldin boshlanib, 330 mln. yil davom etgan. Paleozoy erasi 6 davrga bo`linadi: Kem­briy, Ordovik, Silur, Devon, Toshko`mir va Perm davrlari.

Paleoiqlimshunoslik- iqlimshunoslikning tarmog`i, o`tmish geologik davrlar iqlimlarini o`rganadi.

Paleontologiya (yunoncha pale­os - qadimgi, logos - fan) - qirilib bitgan qadimgi (qazilma) o`simlik va hayvonlarni hamda Yerning butun geologik o`tmishi davomida organik dunyoning qanday taraqqiy etganini o`rganadigan fan. Organizmlarning toshqotgan qoldiqlari va izlari tur­li o`simlik hamda hayvon guruhlarining qanday izchillik bilan taraqqiy etgani va o`zgargani hamda qirilib bitganini bilishga imkon beradi. Paleontologiya tog` jinslarining yoshini aniqlashga va geolo­gik o`tmishda organizmlar hayoti uchun sharoit qanday bo`lgansni o`rganishga imkon beradi.

Pampa (indeetscha pampa – o`tloq tekislik) - Argentina va Urugvaydagi subtropik dasht.

Pangeya– paleozoy erasida yerda okean bilan o`raglan yagona materik nomi. 

Parallellar - Yer yuzasida ekvatorga parallel o`tkazilgan shartli doiralar. Xarita, globuslarda ko`rsatiladi. Parallellar shimol bi­lan janubni ko`rsatadi. Ekvatordan uzoqlashgan sari parallellar qisqara boradi. Parallellarga qarab joyning geo­grafik kengligi aniqlanadi.
Partov yer – uzoq muddat ishlatilmay tashlab qo`yilgan yer, o`t, chim, hosil bo`lib tuproq zichlanib va strukturalanib boradi.

Parlamentar tuzum - mamlakatdagi qonun chiqaruvchi hokimiyat parlament ixtiyorida bo`lgan davlat tuzumi. Parlamentar respublikalarda va konstitutsion monarxiyalarda parlament qonun chiqaruvchi oliy organ bo`lish bi­lan birga hukumat faoliyatini nazorat ham qilib turadi. Prezidentlik respublikalarida (Masalan, AQShda) parlament qonun chiqaruvchi organ xolos; prezident dav­lat boshlig`igina emas, balki hukumat boshlig`i hamdir; prezident vazirlarni tayinlaydi yoki ishdan oladi, parlament oldida javobgar emas.

Parma - Shimoliy Uralning g`arbiy yonbag`rida bosh tizmaga parallel joylashgan va qora qarag`ay - oq qaragay o`rmonlari bilan qoplangan pastroq tog` tizmalarining mahalliy nomi.

Partov yer - uzoq davr (10-16 yil) ekin ekilmasdan tashlab qo`yilgan yer.

Passat (gollandcha passaat) - tropik kengliklarda okeanlar ustida yil bo`yi barqaror esib turadigan havo oqimlari. Subtropik yuqori bosim mintaqasidan ekvator yoki past bosim mintaqalariga mintazam esib turadi. Passatlar - tropik kengliklarda yuqori bosim mintaqalaridan (25-30 daraja kengliklardan) ekvatorga tomon yil bo`yi esib tu­radigan doimiy shamollar. Passatlar sharqdan g`arbga tomon esadi. Le­kin Yer sharining aylanishi ta’­sirida shimoliy yarim sharda shimoli-sharqdan janubi-g`arbga, ja­nubiy yarim sharda janubi-sharqdan shimoli-g`arbga buriladi. 

Passat oqimlari – dunyo okeani tropik kengliklarida hukmron bo`lgan passatlar ta`sirida yuzaga keladigan ustki suv oqimlar.

Pastlama buloq - suvi oqib tushadigan buloq. Suvli qatlamdagi suv sathi buloq chiqqan joyga nisbatan baland bo`lganda hosil bo`ladi.

Pastlik, pastlik yer - atrofdagi joylarga qaraganda past, botiq yerlar. Pastlar suffozion cho`kish, oqar suvlar eroziyasi oqibatida hosil bo`ladi. Cho`llarda shamol hosil qilgan soyliklar o`rnida ham vujudga keladi. Pastliklarda yer osti suvlari yuza joylashganidan ko`pincha botqoq, sho`r­xok bo`ladi.

Past tekislik - atrofidagi joylarga nisbatan past (pastqamda) joylashgan tekislik.

Pasttekislik- okean sathidan 200 m gacha baland bo`lgan te­kislik. Masalan, Amazonka pasttekisligi. Okean sathidan past bo`lgan pasttekisliklar ham bo`ladi (Masalan, Kaspiybo`yi pasttekisligi).

Pastqamlik - dasht, o`rmonli dasht zonalarida suffoziya, tuproq hosil qilish jarayonida vujudga kelgan sayoz, tagi tekis past yerlar. Ko`pincha doira, cho`ziq doira shaklida bo`ladi. Chuqurligi bir necha metrgacha yetishi mum­kin. Atrofdagi dasht yerlardan pastroq bo`lgandan qayin, tog`terak, bo`talar ko`proq o`sadi, ba’­zan sizot suvlar chiqib, sho`rxoklarga aylanadi.

Patsimon bulut - bulutlarning xalqaro klassifikatsiyasidagi o`n xil bulutning biri - Cir­rus (ci). Uzun cho`zilgan patlar shaklida bo`ladi. Muz kristallchalaridan iborat. Troposferaning yuqori qismida juda past haroratda vujudga keladi. Ba’zi patsimon bulutlar atmosfera fronti yaqinlashayotganda front yuzasi bo`ylab yuqoriga ko`tarilayotgan iliq havodan hosil bo`ladi. Bunday patsimon bulut atmosfera fronti darakchisidir. Bunday bulutlar g`arb tomonda go`yo bir nuqtadan chiqib kelayotganga o`xshaydi.
Patsimon to`p bulut- bulutlarning xalqaro klassifikatsiyasidagi o`n xil bulutning biri - Cirrocuraulus (Ss). Uzun-uzun cho`zilgan yupqa qatlamli bulut. Odatda juda mayda pag`a-pag`a bulutlardan iborat bo`ladi. Muz kristallchalaridan iborat bo`lib, troposferaning yuqori qismida past haroratda vujudga kela­di. Patsimon to`p bulutlar havo tik ko`tarilganda va siklonlarning salqin frontida paydo bo`ladi.
Patsimon qat-qat bulut - bulutlarning xalqaro klassifikasiyasidagi un xil bulutning biri- Cirrostratus (Cs). To`lqinlangan yupqa kumushsimon bulut. Tropo­sferaning yuqori qatlamlarida paydo bo`ladi. Muz kristallchala­ridan iborat. Iliq frontning yuqori qismida vujudga keladi.
Paxta - muhim texnika ekini va tolasi. Paxta tozalash zavodlarida chigit toladan ajratib olinadi. Paxta to`qimachilik sanoatining eng arzon va keng tarqalgan xom ashyosidir. Har yili butun dunyoda tayyorlanadigan barcha to`qimachilik tolalarining qariyb yarmini paxta tolasi tashkil etadi. Paxta tolasidan har xil gazlama, texnik to`qimalar - kord, trans­portyor lentalari, tasmalar kabi turli-tuman (jami 50 ga yaqin) buyumlar olinadi. Chigit tarkibi­da 24-49% moy bo`lib, undan 45 dan ortiq mahsulot (paxta moyi, shulxa va b.) tayyorlanadi. Hozir 80 dan ortiq mamlakatda paxta yetishtiriladi. Dunyoda yetishtiriladigan paxtaning 9/10 qismini MDH mamlakatlari, AQSh, Hindiston, Pokiston, Meksika, Misr, Brazi­liya, Turkiya beradi. 
Pag`a bulut - bulutlarning xalqaro klassifikatsiyasidagi bu­lut turlaridan biri - Altocumu­lus. Oq yoki kul rang tusli paxta uyumiga o`xshaydi. Troposferaning o`rta qismida suv tomchilaridan paydo bo`ladi.
Pag`a qor - yirik yumshoq qor. Iliq frontda nam havoning yuqoriga tez ko`tarilishi jarayonida yog`adi. Ko`pincha erta bahorda kuzatiladi.
Pelagial (yunoncha pelagos - dengiz) - okean, dengiz va ko`l suvlarining pelagial organizm­lar tarqalgan qismi (qatlami). Pelagial suv haroratining chuqurlik oshgan sari pasayishiga qarab epilimnion, metalimnion va gipolimnion zonalariga bo`linadi. Pelagialning tagida havzalarning suv osti qismi bental  joylashadi. Pelagial bilan birga butun havzani tashkil etadi.
Pelagial organizmlar – suv havzalari (okean, dengiz, ko`llar) ning suvli qatlamida yashovchi or­ganizmlar. Pelagial organizmlar - harakatchan or­ganizmlar, ya’ni nekton va oqim bo`yicha passiv harakat qiluvchi - planktonga bo`linadi.
Pemza  (lotincha pumeks – ko`pik) - vulkan otilishidan paydo bo`lgan otqindi tog` jinsi, teshik-teshik lava. Yog`och, tosh, metallarni pardozlash uchun ishlatiladi va yengil betonga qo`shiladi. 
Peridotit - aksari olivin, piroksendan iborat, yer po`stining chuqur qismida hosil bo`lgan magmatik tog` jinsi. Ko`pincha yashil va yashil-kul rangda bo`ladi.
Perigey (yunotscha peri - yaqinida, ge - Yer) - Oy yoki sun’­iy yuldosh orbitasining Yerga eng yaqin nuqtasi.

Perigeliy (yunoncha peri - yaqinida, gelios - Quyosh) - Quyosh atrofida aylanadigan planeta, kometa va boshqa kosmik jismlar orbitasining Quyoshga eng yaqin nuqtasi.
Periseleniy (yunoncha peri - yaqinida, seleniye - Oy) - Oy yo`ldoshi orbitasining Oy yuzasiga eng yaqin nuqtasi.

Pelagial yotqiziqlar – ochiq dengiz va okeanlar tubida qirg`oqdan ancha uzoqda suvdagi mualliq mayda zarrachalarning asta-sekin to`planishidan hosil bo`ladigan cho`kindi.

Peneplen - o`tgan geologik davrlarda ko`tarilgan burmali tog`larning yer yuzida sodir bo`ladigan jarayonlar ta`sirida yemirilishi natijasida kelib chiqqan tekisliklar.

Pelitlar– chaqiq tog` jinslari. 50%dan ko`p qismi 0,01-0,005 mm.li mayda zarrachalardan tashkil topgan. (Masalan: gil) 

Pilla-pocha- zinasimon yon­bag`ir. Granit, bazalt tog` jins­lari odatda pilla-pocha hosil qilib yemiriladi.
Pirit (yunoncha pir - olov) - oltingugurt, temir va boshqa metal­lar aralashmasidan iborat mine­ral. Tarkibida mis, rux, nikel, oltin va boshqa metallarning aralashmasi bo`lgan piritdan rangli va nodir metallar, sulfat kislota olishda, qoldiqlaridan esa temir rudasi sifatida foydalaniladi.
Plan (lotincha planum - te­kislik) - kichik hududning yoki biron binoning tekis yuzadagi tasviri. Plan 1:2000 va undan ham yirik masshtabda tuziladi.
Planetalar (yunoncha planetos - sayyor) - Quyosh atrofida ay­lanib yuradigan va quyoshdan yorug` oladigan sharqimon osmon jismlari. 8 ta yirik planetalar bor. (Merku­riy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun.) 
Planetezimal- planetalarni hosil qilgan dastlabki kosmik chang va gazlar. Ular koinotda bulutlar ko`rinishida bo`lgan. Hozirgi vaqtda ham galaktikadagi yulduzlar oralig`idagi fazoda, ayniqsa galaktika markazi yaqinida bunday chang va gaz tumanliklari kuzatiladi.
Plankton (yunoncha planktos- sayyor) - harakat organlari bo`lmagan va suvda oqib yuradigan organizmlar. Plankton orasida hayvonlar ham (zooplankton), o`simlik­lar, xususan suvutlar ham (fitoplankton) bor. Plankton baliq va boshqa dengiz hayvonlari, jumladan kitlar uchun oziq bo`lib xizmat qiladi. Kislorodga boy mo`tadil sovuq suvlarda, masalan, Barens, Azov, Kaspiy va Yapon dengizlarida plankton ayniqsa ko`p bo`ladi.
Plantatsiya (lotincha plantasio - ekin ekish) - mahsuloti aksari eksport qilinadigan kofe, kakao, choy, shakarsamish, paxta, sholi, kauchukli ekinlar ekish bi­lan shug`ullanadigan yirik qishloq xo`jaligi korxonasi. 
Platina rudalari (ispancha plata - kumush) - tarkibida pla­tina gruppasiga kiradigan metal­lar (platina, osmiy, iridiy, pal­ladiy, rodiy, ruteniy) bo`lgan mineral birikmalar. Bulardan eng mudimi bo`lgan platina qiyin eriydigan, kimyoviy jihatdan mustahkam va elektrni yaxshi o`tkazadigan metalldir. Platina kimyoviy idishlar, zargarlik buyumlari yasashda, elektrotexnikada, tish qo`yishda va boshqalarda ishlatiladi.
Plato- yer yuzasi yassi yoki sal to`lqinlangan, bir oz parchalangan baland tekislik. Atrof­dagi tekisliklardan tik jarliklar hosil qilib qad ko`tarib tu­radi. Masalan, Ustyurt platosi, Ba­land platolar ko`pincha yassitog`lik deb ataladi. Plato - Yer yuzasidagi yassi yoki sal to`lqinlangan, ba`zan biroz parchalangan baland tekisliklar.

Plitalar– yerni tashqi qobig`i bo`lib, ular soni 13 tani tashkil etadi.

Plyos– daryoning sayoz qismlari orasidagi chuqur joy. 

Platforma (fransuzcha plat - yassi, forma - shakl) - yer po`stining uzoq vaqt davomida ko`tarilmasdan va cho`kmasdan hamda burmalanmasdan turgan katta (umumiy maydoni bir necha mln. kv. km keladigan) qismi (palaxsasi). Platforma ikki yarusdan iborat bo`ladi; birinchi, quyi yarus magmatik va metamorfik jinslardan tarkib topgan bo`lib, platformaning burmalangan mustahkam zaminini (fundamentni) tashkil etadi. Ustki yarusi ana shu zamin ustida gorizontal yotgan cho`kindi jinslar­dan tuzilgan (qalinligi 3-5 km). Platformaning har ikkala yarusi aniq bo`lgan qismlari plita deyiladi. Platformaning ustida cho`kindi jinslar qatlami bo`lmagan, mus­tahkam zamini yer yuzasiga chiqib qolgan qismlari qalqon deb ataladi. Misol, Sharqiy Yevropa tekisligining katta qismi plitadir (Rossiya plitasi), Skandina­viya va Kola yarim orollari, Ka­reliya va Finlyandiya hududi qalqonga misoldir. (Baltika qalqoni.) Platforma ikki yarusli qatlam – birinchi qatlam magmatik va metamorfik jinslardan; ikkinchi qatlam cho`kindi jinslardan tarkib topgan bo`ladi. 
Plyos - daryo o`zanining sayoz joylari orasidagi chuqurroq qismlari.
Plita - platformalarning ustini salgina qiya yoki gorizontal cho`kindi jinslar qoplangan botiq qismlari. Platformalarda zaminning kristalli va metamor­fik qattiq jinslarini keyingi geologik davrlarning dengiz va kontinental yotqiziqlari qoplashidan vujudga keladi.
Podzol tuproqlar - mo`tadil sovuq iqlim sharoitida igna bargli - aralash o`rmonlar tagida paydo bo`ladigan tuproqlar. Bu yerlarda yog`in buglanishga qaraganda ko`p yoqqanidan oson eriydigan moddalar tuproqning ustki qatlamlaridan yuvilib tushib, quyi qatlamlarida to`planadi. Podzol tuproqning ustki qatlami qo`ngir yoki bo`zg`ish rangda bo`lib, chirindisi kam (1-4%). Bu qatlam tagida mayda kvars qumi donalaridan iborat kul rang (podzol) qatlam yotadi, oziq moddalar bu qatlamdan quyiga tushib ketgan. Tagida o`tlar o`sib yotadigan aralash o`rmonli hududlarda chimli podzol tuproqlar hosil bo`ladi. Bunday tuproqlarning ustki qatlami qoramtir bo`lib, chirindisi ko`proq. Podzol tuproqlar muzlik yotqiziqlaridan paydo bo`lgan, kam unum. Unumdorligini oshirish uchun o`g`it solish, ohaklash va agrotexnikadan to`g`ri foydalanish kerak.
Poyma - daryo vodiysining suvga eng yaqin qismi.
Paynov (poy - oyoq, nov - suv oqadigan o`zan, ariq) - suv oqib chiqib ketadigan joy.
Polese - qadimgi muzliklar olib kelgan jinslar, aksari qumlardan tarkib topgan past tekisliklar. Igna bargli (aksari qarag`ay) va keng bargli o`rmonlar bilan qoplanib yotadi.
Polimerlar (yunoncha polimeres- ko`p qismlardan iborat) - molekulalari ko`p sonli takrorlanuvchi guruhlardan tarkib top­gan katta molekulyar massali kimyoviy birikmalar. Sintetik polimerlar polietilen, polipropilen, fenolformaldegid smolalarga bo`linadi. Polimerlardan tolalar, plyonkalar, plastmassalar, laklar, yelim, smolalar olinadi. Polimer materiallar - hozirgi davr kimyosining asosiy mahsulotlaridir.
Polimetall rudalar (yunon­cha poli – ko`p) - tarkibida bir necha metall, ya’ni qo`rg`oshin, rux, shuningdek kumush, mis, oltin, vismut, kadmiy, indiy, qalay, ko­balt va boshqalar bo`lgan rudalar. Polimetall rudalar oldin boyitiladi. Konlari: Shimoliy Kavkaz, Qozog`iston, Sharqiy Si­bir, Uzoq Sharq, O`zbekistonda esa Chatsol, Qoramozor, Qurama tog`lari; chet ellarda - AQSh, Kanada, Avstraliya, Peru, Yaponiya, Polsha, GFR, Marokash va b.
Polineziya (yunoncha poli – ko`p, nesos - orol) - Okeaniyadagi orollar. Tinch okeanning markaziy qismida, 23°30' sh. k. bilan 28° j. k. hamda 176° shq.u. bilan 109°20' g`.u. oraligida. Polineziya tarkibiga Tonga orollari, Gavayi orollari, Kuk arxipelagi, Samoa orollari, Pasxa oroli va boshqalar kiradi. 
Polonina - Karpat tog`larining baland tog` o`tloqlari bilan qoplangan, tepalari yassi baland qismining nomi.
Polder (gollandcha polider - quritilgan yer) - dengizlarning pasttekislikdan iborat sohili (marsh) ning quritilgan va o`zlashtirilgan qismlari. Dengiz va daryo suvlaridan dambalar bi­lan to`silgan. Polder juda unumdor bo`ladi. Niderlandiya, GFR, Da­niya, Angliya va AQShda uchraydi.
Port (lotincha portus – qo`ltiq) - okean, dengiz, ko`l yoki daryo qirrog`idagi punkt (joy) hamda yon-veridagi akvatoriya (suv) ning bir qismi. Port to`lqinlardan to`silgan bo`lib, kemalar turishi va yuk ortish-yuk tushi­rish ishlari uchun moslab jihozlangan bo`ladi. Turli omborlar hamda passajirlarga xizmat qiladigan vokzallar, kemalarni re­mont qiladigan va ularni yoqilg`i, suv, oziq-ovqat bilan ta’minlab turadigan korxonalar ham port tarkibiga kiradi. Port– dengiz, ko`l yoki daryo qirg`oqlarida kemalar turadigan qulay joy.

Poleogeografiya– yer va yer po`stini o`tgan geologik zamonlardagi tabiiy geografik holatini o`rganuvchi fan.

Podzol tuproq – tuproq paydo bo`lish jarayonida alyumin-slikat birikmalarining parchalanishidan tuproq qatlamida SiO2 to`planadi u kulrang tovlanadi nomi ham shundan olingan.

Porshtok - asosiy zilziladan oldin bo`ladigan yer qimirlashi 

Preriya (fransuzcha preri – o`tloq) - Shimoliy Amerikadagi dasht. Qoyali tog`lar bilan Mis­sisipi daryosi oralig`ida. Asosan boshoqli o`tlar o`sadi, tuprog`i qora tuproq. Hozirgi vaqtda deyarli yoppasiga haydab yuborilgan.
Proklastik jinslar – vulqondan otilib chiqqan maxsulotlar qotishidan paydo bo`lgan chaqiq tog` jinslari. 

Promille– bir kg dengiz suvi tarkibida mavjud bo`lgan barcha qattiq moddalarning sho`rlik miqdorini ifodalovchi birlik.

Psemofitlar - qumda o`suvchi o`simliklar

Pushcha– o`tib bo`lmaydigan darajadagi qalin o`rmon. 

Provinsiallik- landshaft­larning bir tabiat zonasi doirasida geografik uzunlik yo`nalishida almashina borishi. Provinsiallikka asosiy sabab materik chekkasidan ichkarisiga tomon iqlimlarning o`zgarishidir. Masalan, tay­ga zonasi Rossiya tekisligida, G`arbiy Sibirda, O`rta Sibirda, Shimoli-Sharqiy Sibirda va Uzoq Sharqda mustaqil tabiiy geogra­fik provinsiyalar hosil qiladi.


Promille - biron-bir sonning mingdan bir ulushi. Suvning sho`rligini aniqlashda promille suvning 1000 og`irlik ulushiga necha ulush foiz to`g`ri kelishini bildiradi. Dunyo okeani suvining o`rtacha sho`rligi 35 promille.


Protektorat (lotinchaprotektor - homiy)- zaif mamlakatning biron-bir davlatga qaramlik formasi. Asosiy hokimiyat, jumladan tashqi siyosat metropoliya qo`lida bo`lib, mamlakatni metropoliya tayinlaydigan amaldorlar idora qiladi.


Proterozoy erasi, proterozoy (yunoncha proteros – ilk, zoye - hayot) - Yer tarixining kembriydan oldin o`tgan vaqtining katta qismini o`z ichiga ol­gan era va shu erada paydo bo`lgan jinslar. Bir necha eraga to`g`ri keladigan (2 mlrd. yildan ortiq) vaqtni o`z ichiga olgan. Proterozoy quyi proterozoy, o`rta proterozoy va yuqori proterozoy deb uchga bo`linadi. Proterozoy yotqiziqlarida ibtidoiy organizmlar, asosan suvo`tlar va bakteriyalarning qoldiqlari uchraydi.


Psixrometr(yunoncha psixros- sovuq,metreo-o`lchayman) - havo namligini o`lchashda ishlatiladigan asbob. Ikki termometrdan iborat - biri quruq, ikkinchisining uchiga latta o`ralib, suv­li idishga tiqib qo`yilgan. Hul termometr haroati quruq termometr haroratiga nisbatan pastroq bo`ladi. Ana shu ikki termometr ko`rsatgan harorat farqiga qarab max­sus jadvallar yordamida havo namligi aniqlanadi.


Pushta- 1) Vengriyada qumli tuproqlarda chalov o`sadigan dasht. Hozirgi vaqtda pushtalarning ko`p qismi haydalib ekinzor va pichanzorlarga aylantirilgan; 2) ik­ki ariq oralig`idagi ko`tarma yer. Tojikistonda do`ng, tepa ma’nosida ham qo`llaniladi.


Pushcha- nihoyatda qalinkat­ta o`rmonzor, chakalakzor. Odatda Yevropayaing mo`tadil mintaqadagi o`rmonlari pushcha deyiladi, Masalan, Belaya Veja Pushchasi.


Po`rtana- dengizda ro`y beradigan kuchli (halokatli) dovul, kuchli girdob shamoli. Yomg`irli qora to`p bulut ostida paydo bo`ladi. Bunda girdob shamoli havonigina emas, dengiz suvini ham ko`tarib ketadi. Po`rtanadagi shamol tezligi sekundiga 100 metrdan oshishi mumkin.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharhlar - 1