Jizzaxga borish uchun 10 ta sabab 

30 603

Jizzaxning tabiat ko'rki va tarovati maftunkor.
  Jizzax juda qadimiy – o’z tabiati,  iqlim sharoiti, rel`yefi, hayvonot va nabotot dunyosi bilan hazrati insonga atalgan ko’rkam go’shalardan biri deyishga arzigulik voha. Uning janubiy, qisman g’arbiy tomonini o’rab turgan Turkiston va Nurota tizma tog’lari, shimoliy hududidagi Arnasoy–Aydar–Tuzkon ko’llari relefiga ham, tabiiy go’zalligiga ham o’zgacha husn bag’ishlash bilan birga, keskin mo`tadil iqlimni ta’minlab turadi. Cho’qqilar qor, muzliklar bilan qoplangan Chovkar tog’, Usturshona tizimi tog’lari bag’rida qalin archazorlar yastanib yotibdi. Jaziramada ham Chovkar tog’ bag’rida ming bir rangda kamalak jilolari tovlanib yotadi.

  Dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi tog’ yonbag’irlaridan archazorlar boshlanib ketadi. Tog’lar balandlagan sayin archazor qalinlashib boraveradi.

  Viloyatda 20 dan ortiq g’orlar bor. Garchi ular mutaxassislar tomonidan o’rganilmagan bo’lsa-da, birgina Pishog’or g’orini kuzatgan havaskorlarning xotirlashlaricha, g’or ichida sahni keng va uzun maydon (zal), kuli qizg’ish o’choq, tosh devorlarga ishlangan rasmlar va petroglif yozuvlar bisyor. Bundan tashqari, uzundan uzun cho’zilgan g’or sun’iy to’silib, navbatdagi zal uchun qo’shimcha zinalar qilingani bu joyda qadim – qadimda ibtidoiy odamlar yashaganligidan dalolat beradi.

  Molguzar tog’ining janubidagi ulkan g’ordan qachonlardir Budda ibodatxonasi sifatida foydalanilgan. "Suy sulolasi tarixi” kitobida ham Sharqiy Tsao (Usturshona) xususida so’z yuritilib, "Bu joyda Yecha shahri bor. Bu shaharda og’zi mustahkam yopilgan g’or bo’lib, yiliga ikki marta qurbonlik qilingan”, deyiladi.

  Yoki Molguzar tog’ining yelkasida dengiz sathidan ikki ming olti yuz metr balandlikda joylashgan ma’daniy Tovoqbuloqning o’zini bir mo’jiza deyish mumkin. Baxmal tumanining Oqtosh daryosida tik qoyali tog’lar yelkasidagi ulkan qabristonni, uning yonidagi haybatli "Qon tomdi” darasini aytmaysizmi!

  Yoxud Zomin tumanida tog’ tepasidagi Suffa maydonidan chiqadigan buloq, uning yaqinidagi Muzbuloq, Baxmaldagi baland tog’ tepasida barpo etilgan bog’ – bularning barchasi qadim tarixdan so’zlaydi. Tog’larga tutashib ketgan soyliklar, muzliklardan oqib keluvchi buloqlar, soyliklarni qoplagan daraxtzorlar. 100 ga yaqin shifobaxsh o’tlar... . Jizzax tumanidagi Poyimard soyi yoqasida qariyib 20 metrlik toshqatlami o’rtasidan ochilgan mo’ri (tuynukli) o’ngirlar – bari, barchasi ibtidoiy odam yashaganligiga guvohlikka o’tuvchi tabiiy mo’jiza – obidalardir.

  Jizzax viloyati mamlakatimizning markazi mintaqasida – sharqdan g’arbga, janubdan shimolga yo’l olgan tarixiy-savdo yo’lining chorrahasida joylashgan, ona Vatanimiz hududidan sharqqa yoki g’arbga yo’l olgan karvonlar, elchilar, qo’shinlar ayni shu manzillardan o’tgan. Viloyat hududining janubiy sarhadi bir-biriga bog’lanib ketgan tog’ tizmalari bilan, g’arbiy tomon Nurota tizma tog’lari Temir darvoza orqali Turkiston tizma tog’lari bilan ulanib ketadi.
  Keling, Jizzax viloyatiga borish uchun 10 ta sabab bilan tanishamiz! 

Viqorli tog'lari va qo`riqxonalari
 Ma`lumki, O'zbekiston Respublikasining «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to'g'risida»gi Qonuniga muvofiq muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat va buyurtma qo'riqxonalari, tabiat bog'lari, davlat tabiat yodgorliklari, o'rmon xo'jaliklari, ovchilik xo'jaliklari, kurort zonalar alohida toifalarga bo'lingan. Ular o'zining noyob ekotizimi, hayvonot va nabotot olami, shuningdek, madaniy yodgorliklari bilan muhim ahamiyatga ega. Aytish joizki,  Jizzax viloyatini ham ana shunday kamyob flora va fauna vakillariga ega hududlar qatoriga kiritish mumkin. Shu boisdan ham Zomin va Nurota davlat qo'riqxonalari aynan shu hududda barpo etilgan.

  Xususan, Zomin davlat qo'riqxonasi Baxmal o'rmon xo'jaligi, Baxmal fermerlar uyushmasi, Zomin o'rmon xo'jaligi, Zomin xalq bog'i hamda qo'shni Tojikiston Respublikasi Davlat chegarasi bilan chegaradosh hududda joylashgan bo'lib, hozirda uning umumiy maydoni 26840 gektarni tashkil qiladi. Qo'riqxona  8770 gektar muhofaza maydoniga ega.
ZOMIN DAVLAT QO'RIQXONASI
  Aytish joizki, mazkur hududning noyob archazorlari va ulardagi hayvonot dunyosining tabiiy holda saqlanishini ta`minlash maqsadida 1928 yilda Turkiston tog' tizmasida Zomin tog' archazorlari davlat qo'riqxonasi tashkil etildi. Qo'riqxona yerlari tarkibiga asosan tog' tizmalari kiradi. Zomin va Baxmal tumanlarida joylashgan mazkur qo'riqxona, dengiz sat­hidan 1670 metrdan 4200 metr­gacha balandlikka ega, iqlimi keskin kontinental, yog'ingarchilikning o'rtacha ko'rsatkichi 405 millimetrni tashkil etib, maksimal harorat 30 darajaga teng. Qo'riqxona hududida uch turdagi - qora, o'rik va savr archalari o'sadi. Shuningdek, Zomin qo'riqxonasida 700 turga yaqin yuksak o'simliklar o'sishi aniqlangan. Ularning 13 turi O'zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan, 48 turi Farbiy Turkiston endemik turlari hisoblanadi.

  Qo'riqxona hayvonot dunyosi xilma-xil bo'lib, umurt­qasizlarning 286 turi, sut emizuvchilarning 29 turi, qushlarning 101 turi, sudralib yuruvchilarning 14 turi, amfibiyalarning 2 turi, baliqlarning 1 turi bu yerni o'ziga makon qilgan. Ta`kidlash o'rinliki, ular orasida 13 ta tur O'zbekiston Respublikasi «Qizil qitobi»ga kiritilganligi bilan ahamiyatlidir. Xususan, qushlardan itolg'i, tasqara, boltayutar, oq boshli kumay, lochin, kichik burgut, g'ora laylak hamda sut emizuvchilardan qo'ng'ir ayiq, Turkiston silovsini, qizilqum arxari, qor qoploni shular jumlasidandir.

  Ayni paytda qo'riqxona xodimlari tomonidan mazkur hudud o'simlik va hayvonot olamini o'rganish va saqlash bo'yicha ilmiy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, qo'riqxona Jizzax davlat pedagogika instituti tabiatshunoslik fakulteti professor o'qi­tuvchilari, tadqiqotchi va aspirantlari bilan hamkorlikda ilmiy hamda ma`naviy-ma`rifiy yo'nalishda tabiatni muhofaza qilish, ekologiya va ekologik tarbiya borasida ko'plab tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etib kelishmoqda. Buni ular tomonidan chop etilgan ilmiy maqolalar, risolalar va ommaviy axborot vositalardagi qo'riqxona tabiati va uni saqlash mavzuidagi chiqishlaridan ham ko'rishimiz mumkin.

          

YANA BIR NOYOB HUDUD
  Bundan tashqari, viloyatda o'ziga xos tabiat va nabotot olamiga ega bo'lgan yana bir hudud Nurota davlat tog'-yong'oq qo'riqxonasi hisoblanadi. U Navoiy va Samarqand viloyatlari bilan chegaradosh bo'lgan Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Nurota tog'ining markaziy qismida joylashgan.

 Qo'riqxona quruq va iliq kontinental iqlimga ega bo'lib, bu yerda yiliga 300-400 millimetr yog'ingarchilik bo'ladi. Yillik o'rtacha harorat 14 daraja, yanvarda o'rtacha harorat 19 daraja sovuq bo'lsa, iyulda esa 30 daraja issiqni tashkil etadi. Aytish joizki, hududda aniqlangan mutlaqo yuqori harorat 47 daraja issiq, mutlaqo past harorat esa 32 daraja sovuqqa teng.

  Qish o'rtacha sovuq, qor yog'ishi va ayozli kunlar davomli haroratning iliqligi bilan yomg'irli va shamolli ob-havo bilan almashib turadi. Bahor qisqa, iliq va yog'ingarchilikka boy bo'ladi. Shuningdek, bahorda iliq va ochiq havo tez-tez davomli sel bilan almashib turadi, ko'p hollarda tumanlar, momaqaldiroq, haroratning sovib ketishi va qor yog'ishi kuzatiladi. Yoz davomli, issiq va quruqligi bilan, kuz esa shabadalari-yu, tumanli va yog'ingarchilik ob-havosi bilan ajralib turadi.

   Tog'larning etaklaridagi tog' yonbag'irlari adirlarga ulanib boradi. Bu ham Nur­ota tog' tizmasining Pomir-Oloy va Tyan-Shan ulkan tog' majmualari va Turon past tekisligining sahrolari o'rtasida tog' va sahro turlarini, bundan tashqari, endemik va reliktlarning anchagina qismini o'z ichiga olgan noyob o'simlik va hayvonot olami shakllanishiga xizmat qilgan.

  Ta`kidlash o'rinliki, Nurota qo'riqxonasi O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi huzuridagi O'rmon xo'jaligi Bosh bosh­qarmasining Qo'riqxonalar, milliy tabiiy bog'lar va ovchilik xo'jaligi boshqarmasi tarkibiga kiradi. Qo'riqxonaning umumiy maydoni 17752 gektarni tashkil etadi.

   Nurota qo'riqxonasi ilmiy ishlarining asosiy yo'nalishlari bu «Tabiat solnomasi»ni olib borish, o'simlik va hayvonot olami hisobini inventarizatsiya qilish, noyob hayvonlar (Seversov qo'yi, yirtqich qushlar) populyatsiyasini o'rganish, Seversov qo'yini volyer sharoitida boqish va ko'paytirish usullarini ishlab chiqish, chumchuqsimon qushlarning ekologiya­si va biologiyasini o'rganish, o'simliklarni ta`riflash, tasniflash, xaritalash va ularni monitoring qilish, fenologik kuzatishlar olib borishdan iboratdir.

  Nurota qo'riqxonasining hududida 78 oiladan 814 xil yuqori o'simliklar aniqlangan. Eng ko'p turlar soni bilan murakkabguldoshlar (96 tur), dukkaklilar (78 tur) va boshqalar (76 tur) alohida ajralib turadi. Shuningdek, bu yerda qadimiy o'rta-er dengizi turlari va 24 xil endemik turlarni uchratish mumkin.

  Nurota florasining eng yorqin vakili och-yashil anura hisoblanib, u o'rta tog' qatlamlarining tosh-shag'al qiyaliklarida ko'p uchraydi. Och-yashil anura murakkabguldoshlar oilasining yagona endemik turidir.

  Bundan tashqari, qo'riqxonada endemik o'simliklardan ko'rimsiz ko'ziquloq, tumtoq marmalak, tog'buznoq va uchpoya­li oqtusha, Shurovskiy karragi, Nurota o'lmaso'tini uchratish imkoniyati mavjud.

   O'zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga qo'riqxona florasining 29 turi, shu jumladan, 3 tur shirach, 3 tur Anzurpiyoz, 5 tur astragal va bosh­qalar kiritilgan.

  Qo'riqxona florasida o'tsimon o'simliklar ko'pchilikni tashkil qiladi. Xususan, ular hayotiy davrlari qisqa, iliq va namli bahori va davomli issiq quruq yozi bo'lgan O'rta Osiyoning iqlimiga yaxshi moslashgan bir yillik efemerlar va ko'p yillik efemeroidlardir. Sug'd shuvog'i va ingichka yorilagan lepidolofa, Nurota lepidolofasi, o'ziga xos tikanli yostiqsimon o'simlikalar, ya`ni karmakdoshlar tog' kserofitlari (kirpiutlar, astragallar va boshqalar) butalar va yarim butalar oilasini tashkil etadi.

  Nurota qo'riqxonasida yirik suv havzalari yo'qligi sababli bu yerda faqatgina 1 tur baliq, ya`ni oddiy marinka uchraydi. Hududida 21 turdagi reptiliyalar qo'nim topgan. Ulardan ko'p uchraydiganlari Turkiston agamasi, sariq ilon, gulli poloz, rangbarang poloz, ko'lvor ilon. Reptiliyalarning 3 turi O'zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan.

  Nurota qo'riqxonasining ornitofaunasi juda boy va o'ziga xos. Bu yerda 199 tur qush borligi aniqlangan. Ulardan 103 turi qo'riqxona hududida uya soladi. Qo'riqxonada uya solgan qushlarning 10 turi va uchib o'tuvchi qushlarning 8 turi O'zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga, shundan 2 turdagi doimiy va 3 turdagi uchib o'tuvchi qushlar Xalqaro Tabiatni muhofaza qilish hamjamiyatining «Qizil kitobi»ga kiritilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
ULKAN SAVR
  Shuni alohida ta`kidlash lozimki, Mojurum o'rmonzoridagi tabiatning o'ziga xos bo'lgan haykali, ulkan ming yillik Savr (Biota orientalis) daraxti ham aynan shu hududda joylashgan. Bu daraxt mahalliy aholi tomonidan azal-azaldan muqaddas va ulug' deb alohida ehtirom bilan ardoqlanadi va mintaqaning qimmatbaho tarixiy-madaniy ob`ekti hisoblanadi. Ulkan Savr daraxti tanasining diametri taxminan 8 metr atrofida, markaziy shoxining aylanasi 12 metr, har tarafga tarqalgan pastki shoxlari vaznining og'irligi tufayli deyarli yer ustida yotadi. Savr ildizlaridagi kovaklariga bemalol 4-5 nafar odam sig'adi.

   Aytish joizki, Nurota qo'riqxonasining hududi nafaqat go'zal tog'li manzaralari, o'ziga xos o'simlik va hayvonot dunyosi bilan balki, ko'pgina tarixiy-madaniy obidalari bilan ham keng jamoatchilik e`tiborini o'ziga jalb etib kelmoqda. Xususan, hududdan topilayotgan turli xil arxeologik yodgorliklar, petrogriflar, qabrlar va megalitlar, o'rta asrlarning tarixiy obidalari, madaniy manzaralar, qadimiy qishloq xo'jaligi inshootlari o'zida ming yillik tarixni mujassam etgan.

  "Zomin” sanatoriysi
  "Zomin” sanatoriysi – Jizzax viloyatidagi iqlimiy kurort, Turkiston tog’ tizmasining shimoliy etaklarida, dengiz sathidan 2000 metr balandlikda, qo’riqxona xududida joylashgan. Chiroyli tog’ manzarasi, musaffo havo, quyosh nurlarining mo’lligi, ultrabinafsha radiatsiyasining yuqoriligi iqlimiy profilaktik va terapevtik muolajalar o’tkazishga qulay sharoitlar yaratadi. Davolash uchun ko’rsatmalar: nafas olish a’zolari va nerv tizimi kasalliklari (funksional).

Sanatoriyda 3 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalarni ota-onalari bilan birga qabul qilish uchun "Ona-bola” bo’limi tashkil qilingan. "Zomin” sanatoriysi eng yangi davolash-tashxislash apparatlari bilan jihozlangan. Asosiy davolash omili tog’ iqlimidir. Bundan tashqari, suv bilan davolash (sun’iy marvaridli, yod-bromli, igna bargli vannalar, dushlar, suv havzasi), fizioterapevtik, davolash badantarbiyasi, torrenkur, uqalash, sauna, hamda bronxial astmali bemorlarni davolash uchun galokameradan foydalaniladi. Yotoq binosi shinam, bir va ikki o’rinli palatalardan tashkil topgan. Shu binoda klub, kutubxona, bar, bolalar uchun attraksionlari bo’lgan o’yin xonalari, sport maydonchalari mavjud. Ekskursiyalar tashkil qilinadi.
 
 Jizzax shahri. 
  Jizzax shahri viloyatning ma’muriy markazidir, uning aholisi 141 ming kishini tashkil etadi. U dengiz sathi­dan 450 metr balandda, Sangzor daryosi bo‘yida qad ko‘targan. Toshkent-Samarqand temiryo‘li va Katta O‘zbek trakti shahar yaqinidan o‘tadi. Jizzaxda XX asr boshida tegirmon, juvozkashlik, temirchilik va kulolchilik korxonalari bo‘lgan. Endilikda shaharda oziq-ovqat, yengil hamda kimyo va mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Jizzax-obod, ko‘kalamzor shahar. Aerovokzal, Jizzax Davlat Pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti, bir qancha kasb-hunar kollejlari, ko‘plab maktablar faoliyat yuritmoqda. 

 

 Jizzax vohasi qadamjolari.
  O’zbekiston diyori betakror obidalari va qadamjolari bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini o’ziga jalb etib kelmoqda. Mustaqillik yillarida o’zlikni anglash, tarixiy haqiqatni tiklash, qadamjolarni obodonlashtirish ishlariga davlat ahamiyatiga molik masala sifatida qaralmoqda.

  Bugungi kunda Jizzax viloyati hududida jami 372 ta madaniy meros ob’yektlari, xususan, tarixiy obida va muqaddas ziyoratgohlar, arxeologik manzilgohlar, monumental yodgorliklar davlat muhofazasiga  kiritilgan.

     "PARPI OYIM" ZIYORATGOHI
  Uvolsoy darasida "Parpi oyim" nomi bilan yuritilguvchi ziyoratgoh  o’rin olgan.  Uning hududida "Dardlardan  xalos etuvchi teshiktosh" va chog’roq sag’ana bor. Befarzand ayollar shu yerdagi toshlardan birini belga bog’lab yursalar, armonlari  ushalarmish... Farzandli  bo’lgach, haligi toshni albatta qaytarib joyiga qo’yib ketishi kerak emish...

  Shu joyda tepalikda, daraning balandroq qismida g’or  bo’lib, bu joydan ko’plab kitoblar topilgan. Huv qoyalar ustida beklarning qarorgohi, zindoni bo’lgan emish... Daraning tubida o’ynoqlab oqayotgan suvni kechib, yuqorilansa "Toyg’anchik," degan joyga duch kelinadi. Novsimon, toyilaberganidan sip-silliq bo’lib ketgan, uzunligi 10-12 qadam keladigan bu avliyomonand sirpanchiqdan toyganning belida dardi, oyog’ida bod kasali qolmasmish. Uning shundaygina us­tida tosh qoya yuzasiga o’yib yozilgan, o’chinqirab ketgan arab imlosidagi tosh yozuvlar bor. Ikki-ikki yarim quloch uzunligidagi yuzaga xusnixat bilan bitilgan bu yozuvlarning kim tomonidan qachon tushirilgani noma’lum.

  Shahriston tog’larida Zahiriddin Muhammad Boburning toshga o’yib tushirilgan g’azali borligi ma’lum. Balki, mazkur yozuvlar ham o’sha zamonlarga tegishlidir. Balki, bu hududlarda shoir ma’lum muddat bo’lgan va "Boburnoma"da aynan shu hududga taalluqli "Poshsholik boroz", "Katta boroz", "Kichik boroz" ("Boroz"-shudgorlab, ekin  eksa bo’ladigan lalmi yer) degan joy nomlarini tilga olib o’tgan Bobur yana bir g’azalni toshga yozdirib ket­gan bo’lsa ne ajab?!

  Shu yerdan keng hovuchga qiyosli vodiy ochiladida, bahavo, chuchmomolar qulf urgan tabiat manzarasi ko’zga tashlanadi. "Chilla mozor" deganlari shu joy.

  Yaydoq tosh zamindan tik ko’tarilgan daralar oralab o’ynoqlagancha zilol suv keladi. Yaxlit tosh zaminda qandaydir bahaybat uch barmoqli hayvon izlarini ko’rganday bo’lasiz... Judayam aniq, suv tulib turgan bu izlar mil­lion yillar ilgari shu joylarda yashagan ulkan hayvonlarning izidir? Sal o’tmay, chap tomonda qizil askarlar bilan vatanparvar yurtdoshlarimiz miltiq otishgan Baripoyaga ko’zimiz tushadi. Mana shu joyda qizillar bilan daxshatli hayot mamot jangi bo’lgani haqida bobolarimiz gapirib yuradilar.

"Keyin Homidbekning odamlari Umar deganning chorbog’ida miltiqlarini sadaga osib qo’yib, allamahalgacha Vatan ozodligi, erki haqida suhbat quribdilar. Ertasiga hamqishloqlar — Rajabali Pirmatov va Turdi Shodmonqulovlar toqqa, jang bo’lgan joyga borishibdi. Ikki qizil askar o’zbek ekan. Jasadini Tortangiga, qolgan to’rt o’ris jangchisining jasa­dini Baripoyaga dafn etdilar. ("Bu ko’hna zamin" asaridan. A.Qodiriy nomidagi nashriyot.1966 yil. 50-55-betlar). Ziyoratgoh  hududi 10,0 gektarni tashkil etadi. 
SA’D IBN ABU VAQQOS ZIYORATGOHI
  Jizzax vohasi tarixidan o’rin olganmazkur ziyoratgoh G’allaorol tumanining Avliyo qishlog’ida joylashgan bo’lib, ikki bo’lakka bo’lingan. Ziyoratgohning yuqori qismi – ko’lbo’yi hududishifobaxsh va muqaddas buloqlari, bir-biridan go’zal va maftunkor  go’shalari, o’ziga xos fusunkor tabiati, betakror manzaralari bilan har qanday kishi dilini masrur etadi. Qadamjoni pastki qismi bu yerdagi ko’hna masjid va xilxonasi bilan e’tiborga molik.

  Masjid binosi XIX asrda jizzaxlik o’z davrining mohir binokorlari – usta Komil, usta Qobil, usta Zuhur va usta Mirziyolar tomonidan bunyod etilgan. U sharqona uslubda bunyod etilganligi bilan har qanday ziyoratchining e’tiborini tortadi. Binodagi ganchkorlik ishlari o’ta mahorat bilan bajarilgan. Uning shiftidagi rango-rang naqshlarbir paytlar mohir naqqosh sifatida dong taratgan Mirzo Zoid va usta Bobojonlar haqiqatdan ham o’z kasbining mohirlari bo’lganligidan dalolat beradi. Ulkan mehnat va yuksak mahorat mahsuli bo’lgan naqshlar bizning kunlarimizgacha ham o’z ohorini yo’qotmagan.

  Sa’d Ibn Vaqqos Makka ashroflaridan birining o’g’li bo’lib, payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga payg’ambarlik vahiyi kelgan paytda navqiron bir yigit bo’lib, uIslom diniga kiradi va sarkardalik xislatlarini namoyish qiladi.

  U hijratning o’n oltinchi yili Xalifa Umar ibn Xattobning Eron va Movarounnahrga yuborgan qo’shiniga yo’l boshchi etib tayinlanadi.Hozirgi Avliyo qishlog’i yaqinida bo’lib o’tgan jangda yaralanib, sinchilog’i uzilib tushadi, natijada xonaqoh o’rniga qoni to’kiladi. Sarkardaning sinchilog’ini qishloqning shimol tarafidagi qabristonga dafn etiladi (bu yerda chog’roq xonaqoh bor), tabarruk zotning qoni tomgan ko’l bo’yidagi yaqin joyda ham xonaqoh barpo qilingan.

Bo’lib o’tgan voqea Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu) sog’lig’iga ko’p ta’sir etmaydi, u keyinchalik Arabistonga qaytib ketib, uzoq umr ko’radi. Nuroniylik davrida u davlandmand sifatida umr kechiradi. Lekin vofotiga yaqin yillarda jundan to’qilgan chakmonini keltirib berishlarini iltimos qiladi. Chakmonini keltirishganda: "Meni shu bilan kafanlanglar, chunki men bu chakmon bilan Badr jangida mushriklarga qarshi jang qilgan edim. Janobi Haq xuzuriga ham men shu chakmonimda borishni istayman...” ("Munjid” va "Sahobalar hayoti” kitoblaridan).

  Bu yerdagi muqaddas buloqni ham "Sa’d ibn Vaqqos bulog’i” deb ataydilar. Hozirgi paytda bu joylarda go’zal, fusunkor manzara kasb etgan.Jizzax viloyat hokimligining doimiy g’amxurligi va e’tibori tufayli hamda sahovatpesha, qalbi tarixiy qadriyatlarga hurmat bilan limmo-lim kishilarning xayri-ehsonlari va sa’yi harakatlari evaziga ziyoratgohning binolari ta’mirlangan, tartibga keltirilib, ziyorat maskani nihoyatda obod qilingan.

  Shuningdek, ko’lda "muqaddas baliqlar”ni – O’zbekiston "Qizil kitobi”ga kiritilgan qorabaliqlarni ko’rish mumkin. Ziyoratgoh hududi 14,2 gektarni tashkil etadi.
 
 Amir Temur darvozasi yohud "Ilonutti darasi"
 Mirzacho`l tabiiy-geografik o’lkasining tekislik qismi shimoli-g’arbga nishab bo’lib, o’rtacha balandligi 250-300 m. Uning shimoli-g’arbining balandligi 260 m, janubi-sharqiniki 350 m, Sirdaryo sohillarida 250 m. Janubidagi tog‘ etaklarida balandlik 450-530 m. Turkiston tizmasining davomi hisoblangan Morguzar tog’i o’lka hududiga kiradi, o’rtacha balandligi 1500—2000 m, ayrim cho’qqilari 2621 m ga yetadi. Morguzar tog’i g’arbga davom etib. Sangzor daryo vodiysi orqali Nurota tog’idan ajraladi. Sangzor vodiysining eng tor joyi Amir Temur (Ilono’tti) darvozasi deyiladi, uning kengligi 120-130 m.

  Jizzax vohasi tarixida Amir Temir darvozasi alohida o’rin tutadi. Ushbu yodgorlik ulug’ va tabarruk ota-bobolarning nazari tushgan, muqaddas ziyoratgoh sifatida e’zozga loyiq.
Turkiston tog’lari guruhiga kiruvchi Molguzar va Nurota tog’lari tutashgan Sangzor daryosining tog’ni kesib o’tgan qismidagi darada joylashgan bu qadamjo toshlaridagi tarixiy  yozuvlar, rasmlar va g’or olis tariximizning aks-sadosi sifatida qimmatlidir.
Daradan avtomobilь yo’li, temir yo’l, beton ariq va daryoning qadimiy o’tadi. Qo’hna yodgorlik hududi 10,0 gektardan iborat.

  Yodgorlikning Amir Temur darvozasi deb atalishiga asosiy sabab, jahongir bobomiz Amir Temur yurish boshlashi paytida uning qo’shiniga tog’ darasi ikki tomonga ajralib yo’l berganligi va shundan mazkur tog’ darasi hazrat Amir Temur nomi bilan atala boshlaganligi to’g’risidagi rivoyat tarixiy manbalarda qayd etiladi. Darada tabiiy g’orga duch kelinadi. Yodgorlikning sharqiy tomonida ikki-ikki yarim metrlar balandlikda o’yib tushirilgan tosh rasmlar hududning odamzod evolyutsiyasining bronza davriga borib daxldor ekanligini bildiradi. Bu yerga yaqin tepaliklar o’rta asrlar tarixida So’g’ddan - Samarqanddan Ustrushona orqali Chin Mochinga olib boradigan karvon yo’li ustida joylashgan qo’nalg’alardan biri bo’lganligi shubhasizdir.

  Ba’zi manbalarda, jumladan, "Qultegin bitiktoshi”da "Temir qopug’” tarzida tilga olingan ushbu yodgorlik turklar saltanatining janubiy chegara hududi sifatida tilga olingan. Shuning o’zidan ham Amir Temir darbozasi - Buyuk Ipak Yo’li ustida joylashgan qo’rg’on va qal’alar tizimiga  oid strategik manzil ekanligi ma’lum bo’ladi. Bu yerdagi "Ilon o’tdi” atamasi bu joyda  soyning  buralib, ilon iziga o’xshash iz hosil  qilganligidan kelib chiqqan. Bu haqda Boburning "Boburnoma” asarida aytilgan.

   Sohibqiron Amir Temur va temuriylar zamonida shahar va qo’rg’onlar qurilishi mo’g’ullar istilosidan so’ng avj oladi. Jumladan, XIV asrda qayta ta’mirlangan va yangidan qurilgan Qaliyatepa va O’rda shaharlari, Rabot va Moltop qo’rg’onlari, Ko’kgumbaz qal’asi shimoli-g’arbiy Ustrushonani Samarqand bilan bog’lovchi asosiy yo’l – Amir Temir darvozasining umumiy zanjir hosil qilib o’ragan holda joylashgan.

   Mirzo Ulug’bek davlatni boshqargan davrlar  (1409-1449) Toshkent, Yettisuv (Jete) va Mo’g’ulistonda temuriylarga qarshi bo’lgan muxolif kuchlarning faollashuviga to’g’ri kelib, Samarqand uchun Amir Temur darvozasi va shimoli-g’arbiy Ustrushona muhim ahamiyat kasb etganligi sababli bu hududdagi qal’a va qurg’onlar qayta ta’mirlangan hamda tiklangan.

   Mirzo Ulug’bek yangi qurilishlar qilishdan ko’ra Chingizxon bosqini paytida va unday keyin vayron etilgan qal’a, qo’rg’onlarni ta’mirlashga, ular o’rnida yangi istehkomlar qurishga e’tiborni qaratgan.

   Mo’g’ulistonda kuchli xonlik yuzaga kelishining oldini olishga ham Ulug’bek alohida e’tibor beradi. Shuni nazarda tutib, Dashti Qipchoqda Shermuhammadxonning xon bo’lib ko’tarilishiga ko’maklashadi. Bu o’rinda u Baraqxon va Shermuhammadxonlar kelgo’sida uning bo’yruqlarini so’zsiz bajaradilar, deb umid qilgan edi. Ammo Oltin O’rda xoni To’xtamishxon Amir Temurning nisbatan qanday g’irromlik qilgan bo’lsa, Baraqxon va Shermuhammadxonlar ham Ulug’bekning topshiriqlarini bajarmasdan, unga bepisapnd munosabatda bo’ladilar. Bundan g’azablangan Mirzo Ulug’bek 1424-yilning oktyabr oyi o’rtalarida qo’shin bilan yurish qiladi. Uning qo’shini Shohruhiyada qishlab, 1425-yilning mart oyida hujumni boshlaydi.

   Mirzo Ulug’bek jangchilari Cho’ daryosini kechib o’tib, mo’g’ullarning amir Ibrohim va Jahonshoh boshchiligidagi qo’shinlarini Ashpara va Oqsuv bo’yida mag’lub qiladi. Iyunь oyining o’rtalarida Mo’g’uliston xonining qarorgohi bo’lgan Sulduzni zabt etadi.O’ljalar va asrlar bilan  Samarqandga qaytishidaMirzo Ulug’bek bu ulkan g’alabasi sharafiga "Ilon o’tdi” darasidagi qoyatoshga ushbu so’zlarni o’ydirib yozdiradi: "Olloh taoloning inoyati bilan, xonlar va beklar, xalqlar podshohi, Ollohning yerdagi soyasi, buyuk sulton Ulug’bek Ko’ragoniy (xudo uning umrini ziyoda qilsin!) Jetelar va Mo’g’ullar mamlakatiga yurish qildi va u yerlardan hijratning 828-yilida eson-omon qaytib keldi”.

 Amir Temur darbozasidagi ikkinchi lavha Abdullaxonga (1557-1598) tegishli. U hukmronlik qilgan yillarda Dashti Qipchoqda hokimiyatni Abdullaxonga o’sha paytda kuchli raqib hisoblangan Baraqxonning o’g’li Boboxon egallagan edi.

   Ma’lumki, Abdullaxon bir necha yil Boboxon va Darveshxonga qarshi kurash olib borib, nihoyat 1572-yil "Ilon o’tdi” darasida ularning qo’shinlari qarama-qarshi jangga kiradi. Bu jang uzoq va shiddatli bo’ladi. Bu hayot-momot jangida Abdullahon qo’shini zafar qozonadi. Ana shu g’alaba sharafiga Abdullahon qoyatoshga qo’yidagi so’zlarni yozdiradi:
"Hijriy 979-yili... xonlarning ulug’i, Ollohning yerdagi soyasi, Iskandarxon o’g’li, buyuk hoqon Abdullahonning xalifalik kuchlari bo’lmish 30 ming kishilik jangovar to’dasi bilan Darveshxon va Boboxonlar to’dasi o’rtasida jang bo’lib o’tdi. Mazkur to’dada hammasi bo’lib sultonlar avlodidan 50 mingga yaqin kishi, xamda Turkiston, Toshkent, Farg’ona va Dashti Qipchoqdan kelgan 400 mingga yaqin xizmatkor bor yedi. Bu jangga baxt yulduzi hamroh bo’lgan to’da g’alaba qozondi. Bu to’da sultonlarni yengdi, ularning qo’shiniga shunchalik qattiq zarba berdikim, jangda o’lganlar va asir olinganlarning qoni Sangzor daryosi suvida bir oy davomida oqib turgani ma’lum bo’lsin!”
  Uchinchi yozuv XIX asrning oxirlarida Nikolay II tomonidan yozdirilgan bo’lib, bugun bu yozuv qoyatoshdan olib tashlangan.
 
Jizzaxning milliy taomlari   
  Jizzax somsasi   
  Jizzax somsasi nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham mashhur. Ushbu videorolikda Jizzax somsasining tayyorlash usullari haqida hikoya qilinadi.

                                           
 "Jizzax somsasi” Jizzax viloyatini eng sevimli taomi va ramzi hisoblanadi. "Jizzax somsasi”ni tayyorlash uchun quyidagi masalliqlar kerak bo’ladi. 
1. 300 gramm un
2. 200 gramm dumba yog`i
3. 0,5 kg lahm qo’y go’sht
4. O’rtacha kattalikdagi 4 dona piyoz
5. Tuz va ziravorlar. 
"Jizzax somsasi”ni tayyorlash tartibi.
 Xamir qorib, biroz vaqtga tindirib qo’yiladi. Dumba yog`i, go’shtni o’rtacha shaklda to’g`raladi. Piyozni ingichka qilib maydalab to’g`raladi. Maydalangan va to’g`ralgan masalig`larni idishga solib, ustiga tuz va ziravorlardan sepib, maromida aralashtiriladi. Tindirib qo’yilgan xamirdan 3 ta, diametiri 25 sm hajmdagi doira shakli yasaladi va aralash tirilgan masallig`imizni doira shakldagi xamirlarimizni ichiga joylashtiramiz. Xamir chetini aylana qilib o’rab yarim koptok shaklga keltiriladi. Qizib turgan tandirga yopiladi. 25 daqiqadan so’ng, somsamiz tayyor bo’ladi. Tandirdan somsalarni uzib olamiz va likobchalarga joylashtiramiz. Yoqimli ishtaha. 

Zomin tandir kabobi (videolavha)
Ushbu videorolikda Zomin tandir kabobining tayyorlash usuli haqida hikoya qilinadi.
                                  
              
 Jizzax qovuni
  Qovun issiqsevar, yorugʻsevar oʻsimlik, qurgʻoqchilikka va tuproq shoʻrlanishiga chidamli. Jahonda eng yaxshi qovunlar Jizzaxda yetishtiriladi. Xalq seleksiyasida uning 150 dan ortiq navi yaratilgan. Oʻzbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik institutida ilmiy seleksiya asosida chiqarilgan va yaxshilangan 50 dan ortiq nav rayonlashtirilgan. Oʻzbekistonda ekiladigan qovun navlari toʻrt botanik turga mansub: handalak, amiri, kassaba va zard. Handalak turiga deyarli barcha ertapishar qovun navlari-Koʻkcha, Handalak, sariq handalak, Zamcha va boshqalar kiradi. Amiri turiga barcha yozda pishadigan qovun navlari - Davlatboy, Toshloqi, Dahbedi, kassaba turiga Boʻrikalla, Gurvak, zard turiga qishki qovun navlari (Umrboqiy, Koʻybosh, Gulobi) va boshqalar kiradi. Urugʻi tuproq harorati 14-15° ga yetganda una boshlaydi (13° dan past haroratda urugʻ chiriydi). Ekilgandan keyin 5-7 kunda maysa unib chiqadi.

  Qovunning ertapishar, oʻrtapishar, kechpishar navlari bor. Ertapishar navlari 55-65, oʻrtapisharlari 67-70, kechpishar navlari 80-90 kunda yetiladi. Qovun yangiligida yeyiladi, qoqi solinadi. Shinni, murabbolar qilinadi. Tibbiyotda bod, belangi, sil, kamqonlik, ziqnafas, jigar va buyrak kasalliklarini davolashda tavsiya etiladi. Sepkil, dogʻ va boshdagi qazgʻoqni yoʻqotishda foyda qiladi. Xalq tabobatida podagra (niqriz) ga davo, peshob haydovchi, qabziyatdan xoli qiluvchi, asabni tinchlantiruvchi omil sifatida qoʻllaniladi. Eng koʻp ekiladigan navlari: Oqurugʻ, Asati, Boʻrikalla, Koʻktinna, Koʻkcha, Choʻgari, Qizilurugʻ, mahalliy sariq handalak, Obi novvot, Shakarpalak va boshqalar.  

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.