Buxoroga borish uchun 10 ta sabab 

10 573

Buxoro – jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri: 1997-yilda shahar o’zining 2500 yillik yubileyini nishonladi. Buxoro nomi dastlab IX asrda tarixchi Narshaxiy tomonidan zikr etilgan. Bungacha shaharning boshqa bir necha nomlari bo’lgan. 


Ko’plab tarixchilar, tilshunoslarning fikriga ko’ra, Buxoro so’zi sanskritcha "vixara” so’zidan kelib chiqqan bo’lib, "qal’a” degan ma’noni bildiradi.

Hozirgi Buxoro (qariyb 300 ming aholi) O’zbekistonning boshqa shaharlari cingari eski va yangi shaharga bo`lingan. Lekin bizning shahrimiz shak-shubhasiz ustunlikka ega: agar boshqa joylarda eski shahar qismida faqat tarixiy yodgorliklar bo’lib, hech bir aholi yashamagani uchun ochiq osmon ostidagi muzey sifatida qabul qilinsa, Buxoroda odamlar ming yillar ilgarigidek yashamoqdalar. Bu har bir kishiga shaharning boy tarixini tasavvur qilish imkonini beradi. 

Shaharning yangi qismida ma’muriy binolar, maktablar, institutlar va sanoat korxonalari joylashgan. Siz 2500 yillik Buxoroning tor ko’chalarida kezishingiz va ko’k gumbazli hashamatli binolar hamda kichik loysuvoq uylardan zavq olishingiz mumkin.

1. Minorai Kalon 
(Katta Minora) me’morchilik namunasi Qoraxoniylar davlatining Movarounnahrdagi amiri Arslon Bug`roxon tomonidan bunyod etilgan. Balandligi 50 metr, aylanma eni 9 metr. Minoraning salla shaklidagi yuqori qismi g`isht o’ymakorligi bilan bezatilib, karniz holiga keltirilgan. O’qsimon tirgak o’rtasida Arslonxonning nomi hamda binokor ustaning ismi (usta Baqo) bitilgan. Minora ichida g`ishtin aylanma zinapoya bo’lib, mezanaga olib chiqadi. Kursisi qirrador, tanasi g`o’lasimon, tepasi gumbazli davra qafasa-ko’shk bilan bog`langan. Minora yuqoriga ingichkalashib boradi va muqarnas bilan tugaydi. Qafasasidagi 16 ravoqli darchalar orqali atrofni kuzatish mumkin. Tepaga minora ichidagi 104 aylanma zinapoya orqali chiqiladi.

Me’moriy obidaga xalqaro tashkilotlar tomonidan berilayotgan e’tiborga to’xtaladigan bo’lsak, YuNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro’yxatiga kiritildi. 1993 yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) "Butunjahon madaniy meroslari ro’yxati” ga kiritilgan.

2. Ismoil Somoniy maqbarasi 
X asrda qurilgan Ismoil Buxorodagi eng qadimiy va chiroyli yodgorliklardan biridir. U hozirgi paytda ham xuddi 1000 yil ilgarigidek chiroyli ko’rinishga ega. Ismoil Somoniy maqbarasi Buxoro shahri hududida aniq hisob-kitoblarga asosan qurilgan dastlabki bino edi. Butun ilm ahli bu hisob-kitoblar qanchalik o’ta mantiqiy va shu bilan birga chiroyli chiqqaniga hali ham ajablanadi. Tikka, ko’ndalang, to’g`ri burchak ostida terilgan pishiq g`ishtlar quyoshning turli darajadagi nurlari bilan yoritilgan. Maqbara devorlari naqshinkor quti yoki ba’zan majnuntol xivichlaridan to’kilgan savatga o’xshab ketadi.

Buxoroga safar qilsangiz siz albatta bu yodgorlikni borib ko’rishingiz lozim. Buxoro ahlining ishonchi komil: agar siz maqbarani ko’rmagan bo’lsangiz-siz Buxoroni ko’rmabsiz!

3. Ark qal’asi
Yuz yillar davomida Buxoro hukmdorlarining rasmiy yashash joyi bo’lgan. U balandligi 16-20 metr bo’lgan sun’iy tepalikda qurilgan. Qal’a maydoni qariyb 4 gektar. Odamlar ko’pincha uni "shahar ichida shahar” deb atashgan, chunki unda odatdagi shaharning hamma narsalari: ko’chalar, tor ko’chalar, saroy, masjidlar, ustaxonalar bor bo’lgan.

Qal’a bir necha bor vayron qilingan, ta’mirlangan va tiklangan. Afsuski, hozirgi paytga kelib, o’tmishdagi hashamatli Arkdan ozginasi qolgan. Ko’plab binolar 1920 yilgi istibdod voqealari davrida buzilib ketgan. Lekin, shunga qaramasdan Ark borib ko’rishga arziydi. Arkda joylashgan o’lkashunoslik muzeyida siz shahar tarixi, miliy urf-odatlar va an’analar to’g`risida ko’p qiziqarli narsalarni eshitasiz. Bundan tashqari qal’aning baland devorlari ustidan turib siz Buxoroning chiroyli qiyofasini tomosha qilishingiz mumkin.


4. Poi Kalon me’moriy majmui
Barcha mehmonlar e’tiborini jalb qiladigan joy. Mo’g`ul davridan ancha ilgari, VII asrda barpo etilgan Kalon Minorasini deyarli hamma joydan ko’rish mumkin. XVI asrda uning yonida Masjidi Kalon va ro’baro’sida – Miri arab madrasasi qurilgan.

Musulmon bayramlarida minora tepasidan muazzinning solih musulmonlarni namozga chorlovchi ovozini eshitish mumkin edi. Qadim zamonlarda kechasi minora tepasida yoqilgan olovni uzoq-uzoqlardan ko’rish mumkin bo’lgan. Hozir, xuddi ilgari paytdagidek, minora eski shahar tepasida turibdi. Minora o’zining uygun shakllari va aniq chiziqlari bilan uzoqdan sizning e’tiboringizni tortadi. Agar siz minorani ko’rish sharafiga muyassar bo’lsangiz, uning aniq proporsiyalari va chiroyli terilgan g`ishtiga maftun bo’lasiz.
 
5. Labi Hovuz
Buxoro ahli va mehmonlarining sevimli joyi. Siz bu joyda eski qadrdonlarni uchratishingiz va yangi do’stlar orttirishingiz, o’tmishni esga olishingiz va kelajak haqida fikr yuritishingiz mumkin. Maydon o’rtasida katta hovuz bo’lib, uning atrofida turli binolar barpo etilgan.  

6. Masjidi Kalon
Samarqand shahridagi Bibixonim masjididan keyin O’rta Osiyodagi ikkinchi eng katta masjid. Musulmon bayramida masjidga 10 ming kishi sig`ishi mumkinligi o’z isbotini topgan. Masjidning usti ochiq yirik hovlisi, uning ajoyib peshtoqlari va usti yopiq ayvonlari unutilms taassurot qoldiradi.
 
7. Mir Arab madrasasi
Masjidi Kalon ro’parasida joylashgan proporsiyasi va simmetriyasi tufayli o’zidan keyin qurilgan masjidlar uchun hamisha namuna vazifasini o’tagan. Bo’lg`usi imomlar ta’lim olgan Mir Arab madrasasi ko’p yillar davomida sobiq sho’rolar ittifoqi davrida amal qilgan yagona madrasa bo`lgan.
 
8. Nodir Devonbegi madrasasi 
Sirlangan sopol va chinni koshinlar bilan chiroyli bezatilgan. Buxoroda siz faqatgina shu madrasaning peshtoqida afsonaviy Semurg` qushi va inson yuzi aks etgan quyosh tasvirlarini ko’rishingiz mumkin. Yilning issiq faslida madrasa ichki hovlisida siz folklor tomoshasidan zavqlanishingiz mumkin. Tim qora tungi osmon, xazin va quvnoq maftunkor kuy... Siz "Ming bir kecha”ni boshqacha tasavvur eta olarmidingiz?

9. "Sitorai Moxi xosa” saroyi
Shahardan taxminan 4 km. tashqarida Buxoro so’nggi amirlarining yozgi saroyi joylashgan. Saroy "Sitorai Moxi xosa” – Oy va yulduzlar o’rtasidagi joy deb, shoirona nomlangan. Saroyning me’moriy jihatdan tuzilishi faqat shu bois ham qiziqarliki, u XIX asr oxiri va XX asr boshidagi boylarning didini namoyish qiladi. Binolarning asosiy qismi turlicha qarashlarning aralash uslubida qurilgan. Taxt o’rnatilgan xona istisno tariqasida milliy urf-odatlarga to’la mos ravishda bezatilgan. Undagi ajoyib nozik "ganch” o’ymakorligi sizning xotirangizda muhrlanib qoladi. Hozir bu yerda xalq amaliy san’ati muzeyi joylashgan bo’lib, unda siz ipak bilan tikilgan chiroyli so’zana, sopol buyumlar, ayollarning an’anaviy zargarlik taqinchoqlari, milliy kiyimlar va boshqalarni tomosha qilishingiz mumkin.

10. Shayx Bahouddin Naqshband ziyoratgohi
U (Daxmai shohon va Bahouddin daxmasi), maqbara, 2 masjid, saqoxona, hovuz, quduq, minora, Madrasa va Abdulazizxon xonaqohidan iborat. Majmua kichik gumbazli chortoq darvozaxonadan boshlanadi. Darvozadan o’tgach, o’ngda kichkina masjid, chap tomonda ziyoratchilar uchun turli binolar bo’lganligi ma’lum. Yo’l davomida chapda xonlar mozori — Daxmai shohon joylashgan. Daxmai shohon to’g`ri to’rtburchak tarhli, balandligi 2.5 m, usti kulrang marmar bilan qoplangan. Unda marmar o’ymakorligi, xattotlik san’atining ajoyib namunalari mavjud. Marmarlarga tokchalar, ustunchalar, sharafalar, sarv surati va boshqa bezaklar o’yilgan; naqshlar ba’zida yozuvlar bilan aralash uchraydi. Chapda — kiraverishda 6 ustunli (soddagina), oldi ayvonli Muzaffarxon masjidi joylashgan. Masjid yoniga 2 ustunli Hakim qushbegi masjidi tushgan (masjid mehrobida ajoyib mujassamotli namoyon bor). Uning janubida naqshdor, shimolida naqshsiz ayvonlar bor. Bahouddin daxmasi marmar qoplangan kattagina murabba tarhli supa bo’lib, atrofi chiroyli marmar panjara bilan o’ralgan. Undan sal nari, shimolda—tomonlari 9,5 m keladigan aylana zinali marmar hovuz, uning shimol tomonida kichikroq, ko’rkam chortoq saqoxona bor. Bahouddin daxmasi bilan hovuz oralig`ida quduq, uning yonidagi chiroyli shiypondan qadimda ziyoratchilarga turli shaklli idishlarda "muqaddas" suv ulashilgan. 
uz24.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.