Toshkent viloyatiga borish uchun 10 ta sabab
1. Zangiota ziyoratgohi
Zangiota tumanidagi Zangiota ziyoratgohi – XV asrlarga tegishli me’moriy
yodgorlik bo’lib, XII-XIII asrda yashab faoliyat yuritgan mashhur shoshlik olim,
yirik zohid – Oyxo’ja ibn Tojxo’ja nomi bog`liq. Ushbu qadamjo nafaqat O’zbekistonda,
balki O’rta Osiyodagi yirik ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Majmua Zangiota,
Anbar bibi maqbarasi, darvozaxona, madrasa, masjid, xonaqoh-shiypon, minora va hovuzdan
iborat. Anbar bibi maqbarasi, hovuz, shiypon va darvozaxona alohida-alohida qilib
qurilgan. Zangiota maqbarasi esa madrasa va masjid bilan yonma-yon tushgan bo’lib,
hovliga shimoli-sharq va shimoli-g`arbdagi darvozalar orqali o’tiladi. Minora ham
shu hovlining o’rtarog`iga, masjid va maqbaraga yaqinroq qilib qurilgan. Majmuadagi
inshootlarga Qur’on oyatlari, hadislar, nasx kabi ko’hna yozuvlarda bitilgan.
2. Shohruxiya xarobasi
Toshkent viloyatining Oqqo’rg`on tumani hududida, Sirdaryoning o’ng sohilida joylashgan.
Shohruxiya qadimiy Banokat o’rnida vujudga kelgan. Banokat mo’g`ullar istilosi davrida
vayron bo’lgan (1220). 1392 yilda Amir Temur uni harbiy qal’a sifatida qayta tiklab,
o’g`li Shohrux sharafiga «Shohruxiya» deb atagan. Shohruxiyaning hududi 140 gektardan
ziyod bo’lib, ark, 3 shahriston va raboddan iborat bo’lgan. Shahriston va rabodning
bir qismi qalin mudofaa devori bilan o’ralgan, unda 30 dan ortiq burj bo’lgan.
15 asr oxiri – 16 asr boshlarida Shohruxiya Sharqiy Movarounnahrning yirik harbiy
markazlaridan hisoblangan. Shohruxiyadagi kulolchilik xumdonlari, turar joy qoldiqlari,
2 qavatli burjlar ochib o’rganilgan. Topilmalar orasida po’lat sovut, dubulg`a,
shaxmat donalari, sirlangan turli sopol idishlar temuriylar madaniyati, san’atini
o’rganishda muhim ahamiyatga ega.
3. "Masjid Ali” ziyoratgohi (Kumushkon)
Parkent tumanidagi ushbu ziyoratgoh Kumushkon qishlog`idagi "Chashma” mahallasining
eng yuqori qismida joylashgan. Dastlab 1982 yilda Kumushkon qishlog`i aholisi tomonidan
hashar yo’li bilan 1 ta xonaqoh va 1 ta ayvon barpo etilgan. 2010 yilda mahalliy
ustalar tomonidan qaytadan ta’mirlangan. Ziyoratgohda 3 ta xonaqoh, 1 ta ayvon mavjud.
Ziyoratgohda qadimiy chinor chashma buloqlari bo’lib, uning atrofida ziyoratchilar
uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
4. Qirqqiz ziyoratgohi
Toshkent viloyati, Piskent tumanidagi "Qirqqiz” ziyoratgohi quyidagi rivoyat bilan
bog`lanadi: malika va uning 40 nafar kanizaklarini dushman izma-iz ta’qib etadi,
malika so’nggi ilinjni qarshisidagi asov daryodan topadi. Or-nomus qadri, erk va
jasorat tuyg`usi malika va uning kanizaklari tomirida shu daryodan ham kuchliroq,
shiddatliroq jo’sh urardiki, bu kuch ularga bir soniya ham o’ylashga izn bermadi.
Lahza o’tmay yurakdagi kuch va shiddat asov daryo bilan qorishib ketdi...
Hozir
bu yerda daryoning qurishi natijasida hosil bo’lgan qirqta irmoq (buloq)mavjud.
Aytishlaricha, ular qirqta qizning ko’z yoshlari emish. Mahalliy aholining ta’kidlashicha,
bu yerning buloq suvini niyatlar aytib ichishga ko’plab ziyoratchilar keladi. "Qirq qiz” yoki forscha "Childuxtoron” nomli joylar O’rta Osiyoda ham ko’plab
uchraydi.
5. Chimyon oromgohi
Chimyonda turistlar, sportchilar va dam oluvchilar dekabr—aprel
oylarida qishki sport turlari bilan shug`ullanishadi. Yoz mavsumida esa turli yo’nalishlarda
tog` bo’ylab ekskursiyalar ham uyushtiriladi. Chimyon Toshkentdan 80 km shimoliy-sharqda, Chotqol
tog` tizmasining dengiz sathidan 1600 m baland qismida joylashgan. 2000 yilda Chimyon
yaqinida Beldorsoy havzasida "Beldorsoy" tog` chang`i sporti markazi
qurildi. Hozirgi vaqtda Chimyonda mehmonxona, kottejlar, restoran, kanatlar (osma yo’l)
bor.
6. Burchmulla qishlog`i
Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanida, Chatqolsoyning o’ng qirg`og`ida, soyga Ko’ksuv
quyiladigan yerda joylashgan. Chorvoq suv ombori qurilishi munosabati bilan Burchmulla
shahar xarobasi suv ostida qolgan. Burchmullada jangchilar uchun turar joylar va
temirchi hunarmandlar ustaxonalari bo’lgan kvadrat tarhli istehkom ochilgan, mudofaa
devori tizimi o’rganilgan. Burchmulladan chiqqan sopol buyumlar, paykonlarga qaraganda,
ilk qishloq 6–8-asrlarda vujudga kelgan, u keyinchalik (9–10-asrlar) shaharga aylangan.
7. Katta Quyosh
qurilmasi
Katta Quyosh qurilmasi Toshkent
viloyatining Parkent tumanida "Quyoshli” qishlog`ida dengiz sathidan 1050 metr
balandlikda joylashgan. Qurilma optik-energetik ko’rsatkichlari diametri 1,0 metrga
teng bo’lgan fokusda 1000 Vt/sm.kv zichlikdagi yuqori energiyani mujassamlashtirib
materiallarning optik-spektral xususiyatlariga bog`liq holda 30 000 darajagacha yuqori
haroratni olish imkoni mavjud. Bu kabi inshoot dunyoda ikkita bo’lib, biri Fransiyada
va ikkinchisi O’zbekistondadir. "Umid nihollari”, "Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari mash’alalarini
shu yerdagi quyosh nurlaridan alanga oldirish an’anaga aylangan.
8. Chorvoq
Chorvoq–Toshkent
viloyati Bo’stonliq tumanidagi shaharcha. Toshkent
shahardan 70 km.
Ugom tizmasining yon bag`rida, Ugom daryosining Chirchiq daryosiga quyilish joyidagi
o’ng sohilida, Toshkent
— Xo’jakent temir yo’lda joylashgan. O’rtacha 892 m balandlikda. 1964 yil Chorvoq
suv ombori va Chorvoq GES qurilishi munosabati bilan bunyod etilgan.
Shaharcha nomi ("Chorbog`") to’rtta bog` ma’nosini bildiradi. Chorvoq
yon atrofida bolalar oromgohlari, dam olish uylari, sanatoriylar ishlab turibdi.
Suv ombori sohillarida "Chorbog`" oromgohi, Bekobod, Olmaliq va Navoiy
kon-metallurgiya kombinatlarining dam olish maskanlari barpo etilgan.
9. Tuyabo’g`iz (Toshkent dengizi) suv ombori
Toshkent viloyati O’rtachirchiq tumanida joylashgan. Chirchiq, Ohangaron daryolari
havzasida joylashgan suv omborlari orasida suv sig`imi va akvatoriyasi bo’yicha
eng yiriklaridan biri Tuyabo’g`iz suv omboridir. Uning atrofida dam olish joylari
tashkil etilgan. Suv sporti bilan shug`ullanuvchi sportchilar ham shu yerda mashq
qilishadi.
10. Zarkent
ota ziyoratgohi
Zarkent qishlog`ining yuqorisida
– tog` yon bag`rida joylashgan. "Zarkent bobo”, "Qush qo’nmas avliyo” nomlari bilan
mashhur bo’lgan ziyoratgoh. Hozirda ziyoratgoh
hududi alohida ajratilgan. 2002-2003 yillarda qayta ta’mirlangan. Zarkent ota ziyoratgohidagi
tabiiy buloq Zarkent qishlog`ini ichimlik suv bilan ta’minlaydi.
uz24.uz
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.