Xorijda kommunal to’lovlar qanday? 

3 717

Ba’zan yeb-ichishimiz, kiyimimiz yoki mashinamiz uchun pulni ayamasdan sarflaymiz, ammo mol-mulk solig’i, yer solig’i, kommunal xizmatlar kabilar uchun to’lov vaqti kelganda o’ylanib qolamiz. Bu borada xorijda holat qanday?

Boshqaruv kompaniyasiga to’lov
Uy-joyni ijaraga berishda boshqaruv kompaniyasi xizmatlaridan foydalanish mumkin. Buyuk Britaniyada kompaniya yillik ijara haqining kamida 12 foizi miqdorida xizmat haqi oladi.

Bu yerda shuningdek, ko’chmas mulk egalari binoga xizmat ko’rsatilganligi uchun (Service Charge) yiliga 500dan 3500 funt sterlinggacha pul to’laydilar. Xizmat uchun to’lov miqdori uy-joy egalari shirkati yoki boshqaruv kompaniyasi agenti tomonidan va xizmatlar (eshikbon, qo’riqchilar, videokuzatuv, garaj) turiga qarab belgilanadi.

Germaniyada kvartira sotib olgan kishi avtomatik ravishda binoni ta’mirlash uchun to’lov yig’uvchi uy-joy egalari shirkatining a’zosiga aylanadi. Bunday maqsad uchun to’lov haqi 1 kv. metr uchun oyiga 40 evrosentni tashkil etadi. Shirkat boshqaruv kompaniyasi xizmatlaridan foydalanadi.

Hashamatli mulk uchun to’lov ancha qimmat turadi. Bunda qo’shimcha xizmatlar – masalan, basseynni tozalash yoki bog’ga qarab turish uchun ham pul to’lanadi. Fransiya, Germaniya, Ispaniyada kompaniya xodimlari haftada bir marta uyga kelib tozalash ishlarini olib borishadi. Hovlini tozalash haftasiga 60 evro, basseynni tozalash oyiga 800 evroga tushadi. Bog’bon xizmati uchun ham shuncha pul sarflanadi. Umumiy hisobda bitta dala-hovli uchun yiliga bir necha o’n ming evro kerak bo’ladi.

Ko’chmas mulk solig’i
Aksariyat Yevropa mamlakatlarida ko’chmas mulk egalari har yili mulk solig’i to’laydilar. Soliq qiymati mulkning bozor narxidan emas, balki baholash narxidan kelib chiqadi va narxning 0,1 foizidan 3,5 foizigacha belgilanadi.

Odatda, baholash narxi bozor narxidan pastroq yuradi. Narxni mustaqil baholovchi belgilaydi.

Ispaniyada mulk solig’i shaharda mulk qiymatining 0,4 foizini va qishloqda 0,3 foizini tashkil etadi.

Chernogoriyada soliq stavkasi mulk maydoniga bog’liq va kadastr qiymatining 0,08 dan 0,8gacha foizini tashkil etadi.

Germaniyada mulk uchun kadastr qiymatining o’rtacha 1,9 foizidan boshlab soliq to’lanadi. Jismoniy shaxslar uchun narxi 120 ming yevrodan va yuridik shaxslar uchun 20 ming yevrodan arzon ob’ektlarga soliq solinmaydi.

Finlyandiyada soliq stavkasi ob’ekt qiymatining 0,32dan 0,75gacha foiziga teng.

Fransiyada esa mulk solig’i ikki ko’rinishda: taxe foncière (yer uchastkasi bo’lgan uy) va taxe d’habitation (binoning o’zi) bo’ladi. Soliq miqdori mulk maydoniga muvofiq belgilanadi. Masalan, maydoni 90 m² bo’lgan kvartira uchun yiliga 400 yevro, 100 m² yeri bo’lgan maydoni 120 m², uy uchun 1000 yevro to’lanadi.

Buyuk Britaniyada ham mulk uchun yagona soliq mavjud emas, ammo mulk egalari har yili munisipal soliq to’lashga majburlar. Bu to’lovdan tushgan pullar polisiya, o’t o’chirish xizmati, maktablar, kutubxonalar, ko’chalarni tozalash uchun sarflanadi. Soliqni yillik, har chorakda yoki oyma-oy to’lash mumkin. Soliq miqdori yiliga 200dan 2500 funt sterlingga boradi. Bu miqdor hudud, binoda yashayotgan kishilar soni va ob’ekt sinfiga qarab belgilanadi. Buyuk Britaniyadagi barcha uylar sakkizta sinfga (A-N) bo’lingan bo’lib, N sinfidagi uylar eng qimmat uylar hisoblanadi.

Ispaniyada esa mulk solig’idan tashqari, qiymat solig’i ham olinadi. Bu soliq 0,2 foizdan (qiymati 193 000 yevrogacha bo’lgan uy) 2,5 foizgacha (narxi 12 316 000 yevrodan ortiq mulk uchun) bo’ladi.
Kommunal to’lovlar
G’arbiy Yevropa mamlakatlarida gaz, suv va elektr uchun to’lov narxi janubdagiga qaraganda qimmatroq.

Buyuk Britaniyada suv uchun to’lov yiliga o’rtacha 450–460 funtni, elektr va gaz — yiliga 1 400 funtni tashkil etadi. Londonda uch xonali kvartira uchun kommunal to’lov narxi oyiga 300 funtga etishi mumkin.

Fransiyada ikki xonali uy uchun kommunal to’lovlar yiliga taxminan 1200 yevro bo’ladi. Bu mamlakatda bog’ parvarishi, isitish tizimi, uylarni tozalash xizmatlari juda qimmat turadi.

Germaniyada ham kommunal xizmatlar qimmat. Bu yerda maydoni 70 m² bo’lgan kvartira uchun oyiga 100–120 yevro sarflanadi.

Finlyandiyada maydoni 150 m² bo’lgan kottej uchun oyiga 120–150 yevro ketadi. Bunga suv, elektr energiyasi, axlat tashish xizmati va yo’llarni obodonlashtirish xarajatlari kiradi.

Ispaniyada kommunal to’lovlar narxi past. Masalan, maydoni 100 m² bo’lgan kvartira uchun yiliga 650–850 yevro ketadi.

Shuni ham unutmaslik lozimki, Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarida uy-joyni sug’urta qilish majburiy. Sug’urta to’lovi qiymati mulk narxi, joylashgan yeri, qachon qurilganligi, eski yoki yangiligi va boshqa omillarga qarab belgilanadi.
Uy-joy uchun pul sarflash borasida eng qimmat mamlakat Fransiya hisoblanadi. Bu yerda uy uchun har yili mulk qiymatining 2-3 foizi miqdorida pul sarflanadi. Buyuk Britaniyada esa bu raqam 1 foizni tashkil etadi. Germaniyada ham kommunal xizmatlarning qimmatligi bois uyga egalik qilish qimmatga tushadi. Bu borada eng arzon mamlakatlar esa Chernogoriya, Xorvatiya va Finlyandiyadir.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.