Tabiat va insonning o‘zaro ta'siri 

119 669

 Tabiat - bizni o‘rab turgan butun borliq (olam), kishilarning moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirish manbaidir. Inson - murakkab ijtimoiy va mehnat faoliyatini yurgazuvchi tirik organizm - individdir. U jamiyatning moddiy va ma'naviy-madaniy rivojlanishining asosi hisoblanadi.
 Tabiat boyliklari va ularning inson uchun ahamiyati. Inson o‘zining kundalik ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiat boyliklaridan foydalanishga majbur. Tabiat boyliklarini beshta asosiy guruhga ajratish mumkin: mineral, iqlimiy, suv, yer va biologik boyliklar.
 Aholining yashashi uchun rudali va noruda mineral bioliklar zarur. Ularsiz jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini tasavvur etish qiyin. Rudali foydali qazilmalarga temir, mis, olmos, oltin, uran va boshqalar, noruda mineral boyliklarga oltingugurt, neft, gaz, fosforit va boshqalar kiradi. Insoniyatning rekreatsion resurslarga va, ayniqsa, qishloq xo‘jalik mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish uchun iqlimiy boyliklarning ahamiyati beqiyos. Shuning uchun odamlar qadimdan tabiiy-iqlimiy sharoiti qulay bo‘lgan hududlarga joylashganlar.
 Xo‘jalikda eng ko‘p foydalaniladigan tabiat boyligi suv hisoblanadi . «Suv bor joyda hayot bor», «suv tugagan joyda hayot tugaydi» degan xalq maqollari suvning bebaho mineral boylik ekanligidan dalolat beradi. Dehqonchilikni rivojlantirishda hosildor yer - tuproqlarning ahamiyati juda katta. Aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondinshda tuproqning hosildorligini oshirish muhim tadbirlardan hisoblanadi.
 Muayyan hududning hayvonot olami va o‘simlik qoplami biologik boyliklarni tashkil etadi. Bu boyliklarning eng muhim xususiyatlari ularni qayta tiklash mumkinligidir. Ularni bir-biridan juda uzoq masofada joylashgan materiklarga ko‘chirish va ko‘paytirish ham mumkin. Masalan, Amerika qit'asidan Yevrosiyo va Afrikaga makkajo‘xori, kartoshka, pomidor, shirin va achchiq garmdori, kakao, loviya, qovoq, ananas keltirilgan. Aksincha, Amerika qit'asiga ot, sigir, qo‘y, tovuq, asalari, kofe, bug‘doy, sholi, arpa, karam, sholg‘om, nok kabilar olib ketilgan . Tabiiy komplekslar inson ta'siri darajasiga ko‘ra uch guruhga ajratiladi:
1. Tabiiy landshaltlar. 2. Tabiiy-antropogen landshaftlar. 3. Antropogen landshaftlar.
 Tabiiy landshaftlar deganda insonlar tomonidan foydalanilmaydigan hududlar landshaftini tushunamiz. Ularga Antarktida, Shimoliy Muz okeanidagi doimiy muzliklar, orollar, tog‘lar, cho‘llar, qalin o‘rmonzorlar tipik misol bo‘ladi.
 Tabiiy-antropogen landshaftlarni oraliq landshaftlar deb ham atashadi. Bunday landshaltlar tabiiy va antropogen landshaftlarning oralig‘ida tarkib topadi. Yaylovlar,lalmikor yerlar tabiiy-antropogen landshaftlardir.
 Antropogen landshaftlar - kishilarning xo‘jalik faoliyati ta'sirida o‘zgargan tabiiy landshaftlar bo‘lib, ular Yer yuzasida keng tarqalgan. Aholi punktlari - qishloq va shaharlar antropogen landshaftlarning tipik namunasi hisoblanadi. Shaharlar landshafti dastlab 5-4 ming yil muqaddam « qal'a-shahar «, «shahar-davlat« sifatida shakllana boshlagan.
 Tabiatni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish maqsadida qo‘riqxonalar, zakazniklar, milliy bog‘lar tashkil etiladi. Yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan o‘simlik va hayvonot olami «Qizil kitob» larga kiritiladi va alohida muhofaza qilinadi. Bunday chora-tadbirlar yagona umumiy uyimiz Yer tabiatini va insonlarning sog‘lig‘ini asrash uchun xizmat qiladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.