Hindiston aholisi soni bo‘yicha Xitoydan o‘zib ketdi
World Population Review ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda Hindiston aholisi Xitoynikidan 5 millionga oshgan. Yanvar oyida XXR hukumati Xitoy aholisi 1960-yillardan beri birinchi marta qisqargani haqida xabar bergan edi.
Hindiston aholi soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirdi: o‘tgan yil oxirida u yerda 1,417 milliard kishi istiqomat qilgan - bu Xitoydagidan 5 million kishiga ko‘p, deyiladi 18-yanvar, chorshanba kuni World Population Review tashkiloti tomonidan e’lon qilingan ma’lumotda.
Xitoy rasmiylari bir kun avval 2022 yilda mamlakat aholisi 1960-yillardan beri birinchi marta bir yil avvalgiga nisbatan 850 ming kishiga kamayganini ma’lum qildi. Xitoy Xalq Respublikasi Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir mamlakatda 1 milliard 411 milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi.
World Population Review hisob-kitoblariga ko‘ra, Hindiston aholisi 18-yanvar holatiga ko‘ra 1,423 milliard kishiga yetgan. Boshqa bir tadqiqot tashkiloti - Macrotrends Hindistonda 1,428 milliard odam istiqomat qilishini da’vo qilmoqda.
Hindiston o‘z aholisi soni to‘g‘risida rasmiy ravishda yangi ma’lumotlarni e’lon qilmagan. Bu mamlakatda aholini ro‘yxatga olish har o‘n yilda bir marta o‘tkaziladi, biroq 2021-yilda koronavirus pandemiyasi tufayli bu tartib qoldirildi. BMT 2023 yil oxirida Hindiston aholisi soni bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirishini taxmin qilgan.
Hindiston aholisining yarmi - 30 yoshgacha bo‘lganlar. Taxminan 800 million kishi hukumatdan bepul oziq-ovqat oladi - bu dunyodagi eng yirik shunday dastur.
Noyabr oyida dunyo aholisi, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 8 milliard kishiga yetdi. World Population Review ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisi 1 milliard kishiga ko‘payishi uchun 12 yil vaqt kerak bo‘lgan.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.