Yuklanmoqda...

Surxondaryo iqtisodiy-geografik rayoni 

2044

 Maydoni 20,1 ming km.kv. Aholisi 2 mln 260 ming kishidan ortiq (2013-yil 1-yanvar holati). Viloyatida 13 ta tuman, 8 ta shahar va 114 ta shaharcha mavjud.
 Surxondaryo mamlakatimiz hududining 4,5 foiz qismini egallagani holda, u yerda O`zbekiston aholisining 7,5 foizi yashaydi. Viloyat yurtimizda yetishtirilayotgan paxta xomashyosining 10 foizini, g`allaning 8 foizini beradi. 
  Iqtisodiy geografik o'rni va tabiiy boyliklari. Surxondaryo viloyati O'zbekistonning eng janubida joylashgan. Hududi Tojikiston va Turkmaniston va janubda Afg'oniston bilan chegaradosh. Viloyat mamlakatimizning janubiy darvozasi hisoblanadi. Amudaryoga qurilgan avtomobil va temiryo'l ko'prigi viloyatning iqtisodiy geografik o'rnini xalqaro darajaga ko'targan. O`zbekistonga nisbatan shimolda joylashgan aksariyat davlatlar Afg'oniston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini shu ko'prik orqali amalga oshirmoqda. 
  Viloyatning Surxon-Sherobod vodiysidan bo'lak qismi, asosan, tog'lardan iborat. Tog'lar shimoldan keladigan sovuq havo oqimini to'sib turadi. Shu sababli viloyat O'zbekistonning subtropik o'lkasi hisoblanadi. Hududning yana bir o`ziga xosligi janubdan issiq va quruq «afg'on shamoli» esib, ekinlarga zarar yetkazishidir. Ziroatchilikni tashkil etishda, albatta, bu omil e`tiborga olinadi. 
  Tekislik va tog'lardan yaylov sifatida foydalaniladi. Tog'lardagi mevali daraxtlar oziq-ovqat sanoati uchun qimmatli xomashyo yetkazib beradi. 
  Surxondaryo viloyatida foydali qazilmalar Qashqadaryo viloyatidagi kabi ko'p. Yer bag'rida neft, gaz, ko'mir, tuz, rangli metall va qurilish materiallarining borligi sanoatning bir qancha tarmoqlarini rivojlantirish uchun imkon beradi. Hududda sanoatni rivojlantirish, tabiiy boyliklarni oqilona va samarali ishlatish yuzasidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Sariosiyo tumanidagi Xonjiza konida polimetall rudalarini, ya`ni rux, qo`rg`oshin, mis va kumushning katta zahirasini qayta ishlash bo`yicha yirik loyiha amalga oshirildi. 
  Sobiq Ittifoq davrida Surxondaryo viloyati hududidan qazib olinadigan neftning tarkibida bitum qotishmasi ko`pligi sababli u asosan, yo`l qurilishida ishlatilar edi. Bu xomashyodan qo`shimcha mahsulot olish uchun Jarqo`rg`on neftni qayta ishlash zavodi barpo etildi. Zavodda yiliga 80 ming tonna neft qayta ishlanib, benzin va dizel yoqilg`isi olinmoqda. Istiqbolda bu ko`rsatkichni 250 ming tonnaga yetkazish mo`ljallanmoqda. 
   Aholisi. Viloyat aholisining tabiiy ko'payishi yuqori. Aholi zichligi har km.kv ga 112 kishidan to'g'ri keladi, ya`ni O`zbekistonning o`rtacha aholi zichlligidan deyarli ikki baravar ortiq.
   Qishloq xo`jaligi. Viloyat xo'jaligida agrosanoat majmuasi yetakchilik qiladi.
  Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari:g`allachilik, paxtachilik (ingichka tolali), bog`dorchilik (subtropik mevalar), uzumchilik, go`sht-sut chorvachiligi, qo`ychilik, pillachilik.
  Vohaning eng issiq janubiy qismida ingichka tolali paxta yetishtiriladi. Pillachilik va go`sht-sut chorvachiligi ham yo`lga qo`yilgan. Dehqonchilikni rivojlantirishda Surxon va Sherobod daryolari alohida ahamiyatga ega. Janubiy Surxon va Uchqizil suv omborlarining qurilishi talaygina yerlarni o'zlashtirish imkonini bergan.
  Aholining qishloq xo`jaligidagi faoliyatida mevachilik, polizchilik, sabzavotchilik muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Denov tumanida bog`lar va uzumzorlar ko`p.
 Chorvachilik qishloq xo'jaligining ikkinchi muhim tarmog'idir. Sug`orib dehqonchilik qilinadigan yerlarda go`sht-sut uchun jaydari zot qoramollar boqiladi. Tog' yaylovlarida go'sht va yog' uchun hisor zotli qo'ylari boqiladi. Bu qo'ylarning ba'zilari 150-160 (tirik vazni) kg keladi. Tog'li tumanlarda go'sht, tivit va dag'al jun uchun angor echkilari boqiladi. Vodiyning cho'l mintaqasida qorako'l qo'ylari boqish yaxshi yo'lga qo'yilgan. Jahonga mashhur «Surxon suri» qorako'l terisi Surxondaryo viloyatida yetishtiriladi.
  Sanoati. Mamlakat miqyosida viloyat sanoatining zalvori katta. Unda O`zbekistonda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotining bor-yo`g`I 1-2 foizi to`g`ri keladi. Bu o`tmishda viloyatga qishloq xo`jaligi rayoni sifatida qaralishi oqibatidir. Natijada Viloyatda ko`plab ijtimoiy muammolar to`planib qolgan.
   Sanoatning asosiy tarmoqlari: yengil sanoat (paxta tozalash), oziq-ovqat sanoati, un-yorma.
  Respublikamizning janubiy viloyatlari Qashqadaryo va Surxondaryoning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini tezlashtirish, yuk tashishning transport ta`minotini yaxshilash maqsadida "Toshg`uzor-Boysun-Qumqo`rg`on” yangi temiryo`li ishga tushirildi. Bu temiryo`l Boysun tumani orqali iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan kam rivojlangan tuman qishloqlariga sanoatning kirib kelishiga, yerusti va yerosti boyliklaridan keng foydalanishga, musaffo tog` havosida davolanish maskanlari, turistik bazalar, dam olish uylari qurishga katta imkoniyat yaratadi. Eng muhimi yangi zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy obyektlar qurilishi, yangi ish o`rinlari yaratilishi, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun keng yo`l ochildi. Natijada viloyatda yuk tashish hajmi 20070yilga nisbatan 1,7 barobar ko`paydi, mahalliy xomashyolarni qayta ishlash asosida 90 dan ziyod yangi korxona ishga tushirildi, 50-60 ming aholi ish bilan ta`minlandi.
   Viloyat sanoat tarmoqlari ichida yetakchi hisoblangan yengil sanoatni rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Yaqin yillar ichida Qumqo`rg`on, Sariosiyo, Denov, Sho`rchi tumanlarida qator to`qimachilik komplekslari tashkil etilib, viloyatda yetishtirilayotgan paxta tolasining qayta ishlash hajmini 20-25 foizga yetkazish mo`ljallanmoqda.
   Kon sanoatini ham rivojlantirish jadal ketmoqda. Hozirda Xovdog`, Uchqizil, Lalmikor va Ko`kaydi yaqinida neft va gaz konlari ishlab turibdi. O`zbekistondagi uchta yirik ko`mir konining ikkitasi Surxondaryodadir (Sharg`un va Boysun ko`mir konlari). Bu konlardan sifatli ko`mir olinadi. Viloyatda yillik quvvati 900 ming tonna ko`mir yetkazib beradigan zamonaviy yoqilg`i kompleksi rejalashtirilmoqda.
   Shaharlari. Termiz - viloyatning ma'muriy hamda madaniy markazi. U O'rta Osiyoning qadimiy shaharlaridan biridir. O'tgan asr boshlariga qadar Termiz harbiy va kichik chegara shahri edi. Unda yarim hunarmandchilik holatidagi bittagina paxta tozalaydigan zavod bo'lgan. Hozirgi Termiz obod shahar. Amudaryo porti hamda temiryo'l va avtomobil yo'li qurilgach, shahar muhim transport tuguni bo'lib qoldi. 1995-yili Termizda yangi zamonaviy aeroport qurildi.
 Afg'onistonga va u orqali boshqa davlatlarga chiqariladigan hamda xorijdan keltiriladigan yuklarning talay qismi Termiz porti orqali o'tadi. Demak, Termiz qishloq xo'jalik xomashyoshini qayta ishlovchi markaz hamda yirik daryo porti sifatida rivojlanmoqda. Shaharda paxta tozalash zavodi, sut-yog', non va go'sht kombinatlari, limonad zavodi, binokorlik materiallari ishlab chiqaradigan va boshqa mahalliy sanoat korxonalari bor. Shaharda zamonaviy ko`rinishga ega bo`lgan Termiz davlat universiteti viloyatda ilmiy, ma`rifiy va madaniy markaz hisoblanadi. Shahrda, shuningdek, kinoteatrlar, kutubxonalar, klublar, o`lkashunoslik muzeyi faoliyat ko`rsatmoqda. Termizda hayvonot bog`i ham mavjud.
  Denov - qadimgi yirik savdo va hunarmandchilik qishlog'i o'rnida barpo bo'lgan shahar. 1929-yilda Denovdan temiryo'l o'tgach, ishlab chiqarish tez rivojlana boshladi. Denov sanoati qishloq xo'jalik xomashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Unda paxta tozalash, sharob, moy-sut, motor ta'mirlash, g'isht zavodlari bor. R.Shreder nomidagi respublika bog'dorchilik, uzumchilik va sharobchilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba stansiyasi shu shaharda.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash