Toshkent iqtisodiy geografik rayoni 

22 138

Iqtisodiy geografik o'rni va tabiiy boyliklari. Toshkent iqtisodiy geografik rayoni bir tomondan Farg'ona vodiysi va Mirzacho'lga tutashsa, ikkinchi tomondan mamlakatning xorijga chiqadigan asosiy «darvoza»sidir. Geografik o'rnidagi qulaylik tufayli Toshkent 1930-yildan beri O'zbekistonning poytaxti maqomida kelmoqda. Toshkent viloyati qishloq tumanlarining deyarli yarmining (Yangiyo'l, Qibray, Bo'stonliq, Parkent, Ohangaron, Zangiota va Toshkent tumanlari) xo'jaligi ixtisoslashuvi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida poytaxtning ta'siri ustuvor hisoblanadi. Zero, u yirik shahar bilan tutash tumanlarda iqtisodiy-ijtimoiy o'zgarishlar jadal kechadi. Buni Toshkent tumani misolida yaqqol kuzatish mumkin. 

  Iqtisodiy geografik rayon hududi relyefning xilma-xil shakllaridan iborat. Bu sanoat uchun ham, qishloq xo'jaligi uchun ham beqiyos qulayliklar yaratadi. Rayonning Chirchiq va Ohangaron vodiylari Sirdaryoga qadar 100-150 km dan ortiq masofada pasayib borishi sababli sun'iy sug'orish uchun g'oyat qulay. Chirchiq va Ohangaron daryolari tog'lardagi yog'in  (500-700 mm) dan to'yinib, dalalarni sug'orishdan tashqari elektr energiya olishda ham muhim rol o'ynaydi. Iqtisodiy geografik rayon toza ichimlik suvi bilan yaxshi ta'minlangan. Suvdan yanada samarali foydalanish maqsadida Chirchiq daryosining yuqori oqimida sig'imi 2,0 mlrd m kub bo'lgan Chorvoq suv ombori barpo etilgan. Shuningdek, Ohangaron daryosining o`rta oqimida Tuyabug`iz suv ombori ("Toshkent dengizi”) qurilgan.

   Qazilma boyliklarning xilma-xilligi jihatidan bironta rayon Toshkent iqtisodiy geografik rayoniga tenglasha olmaydi. Angren ko'mir havzasi mamlakatda eng yirik ko'mir koni hisoblanadi (ko'mir zaxirasi miqdorini eslang). Ko'mir qatlamlari yer yuziga yaqin joylashgan bo'lib, qatlamlar orasida aluminiy, sement va keramika olishda ishlatiladigan gilmoya ko'plab uchraydi (atlasdan foydalanib, qazilma konlarini aniqlang). Iqtisodiy geografik rayonda neft bilan tabiiy gazgina yo'q. Zarur bo'lgan neft mahsulotlari temiryo'l hamda avtomobil transportida, gaz esa quvurda keltirilmoqda.
 
  Aholisi. Mamlakatimiz aholisining deyarli 1/5 qismi shu rayonda yashamoqda. Rayonda shahar aholisining salmog'i Toshkent shahri aholisini qo'shmaganda 50 foizdan ortadi. Umumiy aholi sonidagi mehnatga yaroqlilar salmog'i bo'yicha iqtisodiy geografik rayon birinchi o'rinda turadi. Shuningdek, mehnatga yaroqli aholi ma'lumot darajasining yuqoriligi bilan ham ajralib turadi. Bular azaldan oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari, Fanlar Akademiyalari, ularning ko'p sonli ilmiy tadqiqot institutlari Toshkent (poytaxt)da joylashgani sharofatidir. Bundan tashqari, ilm va malaka talab korxona va idoralarning ko'pligi ham asosiy omillardan biri hisoblanadi.

  Sanoati. XX asr boshida Toshkent iqtisodiy geografik rayoni taraqqiyot jihatidan Farg'ona vodiysidan keyinda turardi. Rayonda xilma-xil foydali qazilma konlari topilishi natijasida konchilik sanoati vujudga kelib, og'ir sanoatning jadal yuksalishiga imkoniyat tug'ildi. Sanoatining rivojlanganligi jihatidan rayon respublikada birinchi o'ringa chiqib oldi. Endilikda iqtisodiy geografik rayon xo'jaligi ko'p tarmoqli bo'lib, unda O'zbekistondagi sanoat tarmog'ining deyarli barchasi mavjud. Yalpi sanoat mahsulotining 2/3 qismi og'ir sanoatga to'g'ri keladi. Yengil va oziq-ovqat sanoatlari ham yuksak rivojlangan. 

  Toshkent iqtisodiy-geografik rayonining rivojlanishiga asosiy sabablar: 
1) rayonning qulay iqtisodiy geografik o'rni; 
2) Respublika poytaxti Toshkentning shu rayondaligi; 
3) foydalanish qulay bo'lgan gidroquvvat mavjudligi; 
4) xilma-xil foydali qazilmalar topilib, ulardan foydalanishning yo'lga qo'yilishi;    
5) ikkinchi jahon urushi yillarida Sobiq Ittifoqning g'arbiy rayonlaridan O'zbekistonga ko'chirib keltirilgan korxonalarning yarmidan ko'pi Toshkent viloyatiga joylashtirilgani; 
6) chetdan malakali mutaxassislar ko'plab jalb etilgani va boshqalar.

  Yoqilg`i-energetika-kimyo majmui ancha qudratli. Uning negizini elektroenergetika sanoati tashkil etadi. Mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyaning deyarli yarmi shu rayonda hosil qilinadi. Bu ko`rsatkichni rayondagi uchta qudratli IES hamda Chirchiq-Bo`zsuv gidroenergetika kaskadi ta`minlaydi. Toshkent IES to`la, Angren IES qisman gaz bilan, Yangi Angren IES esa mahalliy ko`mir bilan ishlaydi.

  Tashqi iqtisodiy faoliyati. Rayon iqtisodiy faoliyati. Rayon 100 dan ortiq uzoq va yaqin xorij mamlakatlari bilan savdo aloqalari olib boradi. Xorijga paxta, ipak, paxtachilik uchun zarur mashina va uskunalar, to`qimachilik mashinalari, kabel, ekskavatorlar, ko`tarma kranlar, elektr energiya, qorako`l terilari, rangli metal konsentratlari, ip va ipak gazlamalar, kanop va kanop mahsulotlari hamda meva jo`natiladi. Rayon ehtiyoji uchun yog`och, neft mahsulotlari, tabiiy gaz, turli xil sanoat mahsulotlari, mashina qismlari, keng iste`mol mollari keltiriladi. Ichki iqtisodiy aloqalarda avtomobil va qisman temiryo`l transportidan foydalaniladi. 

  Transporti. 1930-1940-yillardan rayonda avtomobil yo'llari vujudga keldi, asfalt va tosh yo'llar qurildi. Katta O'zbek trakti (700 km) Toshkentni Termiz bilan bog'laydi. Toshkent-Angren-Qo'qon tog' yo'li qayta qurilib, jahon talablari darajasidagi xalqaro yo'lga aylantirildi. Toshkent-Chinoz-Guliston avtotrassasi mamlakatda birinchi darajali yo'l hisoblanadi. Toshkent-Angren, Toshkent-Chorvoq hamda Mirzacho'lni kesib o'tgan Sirdaryo-Jizzax temiryo'llarining ahamiyati katta.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.