Tarvuz va qovunning shifosi haqida nimalarni bilasiz? 

7 099

Ibn Sino tarvuz mevasini jigar, buyrak kasalliklarini davolashda hamda siydik haydovchi dori sifatida ishlatgan.Tarvuz sharbati chanqoq qondirishi bilan birga, o’t va siydik haydash xususiyatiga ega. Shuning uchun yurak, buyrak va jigar kasalliklarida uni iste’mol qilish tavsiya etiladi. Xalq tabobatida tarvuz sariq kasalligi bilan og’rigan bemorlarga va bezgak xurujida tavsiya qilinadi.

Tarvuzning quruq po’choqlaridan tayyorlangan damlama yo’g’on ichakning o’tkir va surunkali yallig’lanishida yordam beradi. Tarvuz kishini ozdirishda yordam beradi, parishonxotirlikning davosi sifatida ham ishlatiladi. Tarvuz urug’larining sut bilan yaxshi aralashtirilgani bachadondan qon ketishini to’xtatadi, mag’izlari gijja haydovchilardan hisoblanadi. Tarvuzni parishonxotirlikka qarshi, kamqonlikda darmon bag’ishlovchi, shuningdek, o’t va siydik ajratish yo’llarida tosh bo’lganida, anemiya (kamqonlik), surunkali qabziyat (ich qotish) da tarvuzni 100-250 g dan kuniga 4-5 mahal yeb turish tavsiya etiladi.

Qovun. Iskandar Zulqarnayn zamonasi tibbiyot asarlarida turli xil xastaliklarni, jumladan, bronxit, sil, migrenni davolash va nafas yo’llarini tozalash uchun qovundan tayyorlanadigan bir qancha dori-darmonlar zikr qilingan. Bod kasalligini davolash uchun qaynatilgan qovun shirasini surkash, zahm kasalligida qovun urug’i javharini iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Tabobat sultoni Ibn Sino: «Qovun, xususan, uning urug’i va po’sti tomirlarni kengaytiradi, terini tozalaydi. Qovun urug’i oftob urishidan saqlaydi, sepkil va bosh qazg’og’ini yo’qotadi. Pishgani ham, sapcha qovun ham siydik haydash xususiyatiga ega. Buyrak, qovuq va jigardagi toshlarni yo’qotadi» deb yozgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, vujudi toksikoz (zaharlanishdan) zaiflashgan ayolga homiladorlikning birinchi yarmida qovun iste’mol etish ma’qul ko’rilmaydi, bunda bola tushishning oldini olish ko’zda tutiladi. Ammo ayol sog’lom bo’lsa, homiladorlik davri davomida muntazam qovun iste’mol qilishi mumkin. Xalq tabobatida darmoni qurib qolgan kamqon kasallarga ham qovunni tavsiya qilishadi. Yuzga sepkil va husnbuzarlar toshganda, dog’ tushganida bir necha soatga yuzga qalin qilib po’sti qoldirilgan qovun po’chog’i bog’lab qo’yiladi.

Bu poliz ekinini glyukoza hamda vitaminlarning haqiqiy «chashma»si desa bo’ladi. Foydali bu moddalar jigar, buyrak, yurak, oshqozon, o’pka va boshqa a’zolarni ishini yaxshilaydi, odamni, umuman, tetiklashtiradi. Allergik, diabet va boshqa kasalliklarda qovun iste’mol qilish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shifokordan maslahat olish lozim.

manba: asr.uz

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.