Yuklanmoqda...

Asablar chatoqmi? Tarvuz yeng!


Yozgi pishiqchilik davrida maza qilib mevalarga to`yish kerak, nima dedingiz? Ayniqsa, tarvuz tanovuli xo`p va ko`p bo`lsa, ayni muddaodir.

Negaki, tarvuzning foydasi talaygina-da. Ammo uni eyishda ham me`yor bo`lishi kerak. Yana tarvuzning o`g`it bilan «boqilgani»ga duch kelsangiz, foyda tugul, xavfli kasallikka yuz tutish mumkinligini ham bilish kerak. Shunday qilib, tarvuz kimlarga foyda-yu, kimlarga zarar hamda qaysi xastaliklarda yordam berishini shifokor Abduhalil BANNAEVdan bilib olamiz.

FOLIY KISLOTAGA BOY
Boshqa mevayu sabzavotlar qatori temir, kaliy va magniy moddalari, V, A, S vitaminlariga boy bo`lgan tarvuzning yana bir ahamiyatli jihati tarkibida nihoyatda yuqori darajada foliy kislotaning ko`pligi sanaladi. Bilasiz, foliy homilador ayollar uchun nihoyatda foydali. Shunday ekan, bo`lajak onalar tarvuzni kunora, 2-3 tilimdan eyishlari ayni muddao.

Tarvuzni etishtirishda turli xil kimyoviy o`g`itlar – nitratlar qo`shilishi hech kim uchun sir emas. Asli nitratlar organizm uchun zararli emas, ammo ular oshqozonga tushgach, ichaklarda nitrat moddasiga aylanishi birmuncha xavfli. Agar yozbo`yi nitrat bilan «boqilgan» tarvuz eyaversangiz, nima bo`lishini bilasizmi? Engil holatda biron ichak kasalligi (misol uchun ichburug`), og`irlarida esa kamqonlik, yoki o`sma xastaligini orttirib olishingiz hech gapmas. Shuning uchun bu poliz mahsulotini tabiiy pishgan davri – iyul oxiri va avgust boshida tanovul qilgan ma`qulroq. Har ehtimolga qarshi!

Tarvuzning kuchli siydik haydovchi ta`sirga egaligini ham bilasiz. Lekin homiladorlikning so`nggi oylarida tarvuz eyishda me`yorni bilmoq kerak. Aks holda siydik pufagi kengayib, atrofidagi boshqa ichki a`zolar, shu jumladan bachadonga ham og`riq keltirishi mumkin.

AChChIQLANMANG-A...
Tarkibida ko`p miqdorda magniy saqlagan tarvuz – yurak va buyrak uchun foydali. 100 gramm tarvuzda organizm uchun kerakli bo`lgan magniyning 60 foizi mujassam. Magniy mushakdagi og`riqlar, zo`riqish, charchoq va asabiylikda ham kor kelishi ilmiy isbotlangan. Asabiylashadigan, uyqungiz qochadigan bo`lsa, kunbo`yi tarvuz eng, hammasi joyiga tushadi. Foyda berishi uchun bu parhezni kamida 5 kun davom ettirish kerak
.
ICHIMLIK O`RNINI BOSADI
Tarkibi 85 foizga suvdan iborat bo`lgan tarvuz zo`r chanqoqbosdi hisoblanadi. Shu bois, u diabet bilan xastalangan bemorlarda uchraydigan og`iz qurishi, qaltiroqni tez bosib, ahvolning yaxshilanishiga xizmat qiladi.

EHTIYOT BO`LING!
Tarvuz tarkibidagi kletchatka moddasi ovqatning tez va muloyim hazm bo`lishini ta`minlaydi ammo oshqozonida biron muammosi bo`lganlar uchun zarar qilishi, ichketarni keltirib chiqarib, organizmni suvsizlantirib qo`yishi ham mumkin.

OZMOQCHI BO`LSANGIZ
Tarvuz organizmdan suyuqlikni tez chiqargani bois, 2 kundayoq 2 kilo vazn tashlashingiz aniq. Yana to`qtutar bo`lgani uchun uni eb yurganda qorin ochmaydi. «Tarvuzli parhez» ning foydasi beqiyos – bir hafta ichida 5-6 kiloga oson ozishingiz va organizmni ortiqcha tuzlar, qonni esa xolesterindan tozalashingiz mumkin. Lekin bu parhezdan buyragi og`riydigan, buyragi yoki o`t qopida toshi bor, qon bosimi ko`tarilib-tushadiganlar uchun emas. Yana tarvuzli parhez 3 kundan ortiq davom ettirilimasligiga ham diqqat qiling.

DANAGIDA FOYDA BOR
Ba`zilar tarvuz danagini yutvorsa, appendisit yuzaga kelishi yoki ichak buralib qolishi mumkin deb o`ylaydi. Aslida esa tarvuz danagi qon bosimini tushirishi, gijjadan organizmni tozalashi, ateroskleroz va diabet kasalida davo bo`lishi, qonni ko`paytirishi mumkin. Lekin buning uchun ularni butunligicha yutish emas, oftobda quritib, mayda kukun holiga keltirib, yarim choy qoshiqdan nahorga suv bilan yutish kerak.
Siydik-tosh kasalligi hamda kolit (ichak xastaligi) bilan og`rigan odamlarga bu usul to`g`ri kelmaydi.

QANDAY TANLAYMIZ?
Tarvuzning «dumchasi» qurigan, yonboshida sariq dog`i bo`lsa, ikkilanmay tanlang, u pishgan.

Ustiga urganda, tarsillaydi.

Tarvuzda kimyoviy o`g`it ko`pligini bilmoqchi bo`lsangiz, uni kesgach, bir tilimini suvga soling, suv qizarsa, demak, iste`molga yaroqsiz.

Yana tarvuzni kesganda usti g`adir-budirligiga ham ahamiyat bering. Yuzasi silliq, rangi pushti yoki haddan ziyod to`q qizil, ichi pag`a-pag`a bo`lib ketgan, sarg`ish bo`lsa, bu tarvuzni yemagan ma`qul.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar