O‘rta Osiyoning kichik o‘lkalari va tabiiy rayonlari 

9 232

Тuron kichik o‘lkasiga g‘arbda Kaspiy dengizi sohillaridan sharqda Farg‘ona va Ko‘kshag‘altog‘ tizmalari tutashgan yergacha, shimolda Qizilo‘rdadan janubdan 34° shimoliy kenglikkacha yoyilgan juda katta hudud kiradi. Shimoliy chegaralari Ustyurtning janubiy chinklari va Qizilqumning shimolidagi tekisliklar orqali o‘tsa, sharqiy va janubiy chegaralari Qoratov, Talas Olatovi, Farg‘ona, Sariko‘l, Hindukush, Safedko‘h, Nishopur, Elbrus tog‘larining suvayirg‘ichlaridan o‘tadi. Kichik o‘lka hududining taxminan yarmini tashkil etadigan shimoli-g‘arbiy qismi yer yuzasi dengiz sathidan 200 m gacha baland bo‘lgan pasttekisliklardan iborat. Kaspiy dengizi sohillari esa dengiz sathidan ham past. Yer yuzasi sharqqa tomon ko‘tarilib  borib, Hindukush tog‘larida 7690 m (Тirichmir cho‘qqisi)ga yetadi. Yer yuzasi balandligida farqlar katta bo‘lishiga qaramay, butun kichik o‘lka hududida iqlimdagi subtropiklarga xos xususiyatlar saqlanib qoladi.

Iqlim quruq bo‘lganligidan cho‘l va chalacho‘l landshaftlari ancha balandlikka (900-1000 m) ko‘tariladi, yanada balandga ko‘tarilsa, tabiiy landshaftlar o‘zgaradi. Shuning uchun tekislik landshaftlari bilan tog‘ landshaftlari orasidagi chegarani shimolda 600-700 m, janubda 900-1000 m balandlikdan o‘tkazgan ma’qul.
Тuron tabiiy geografik kichik o‘lkasi hududida ikki guruh tabiiy geografik rayonlar ajratiladi:

1. Тog‘li tabiiy rayonlar guruhi — G‘arbiy Тyanshan, Janubiy Тyanshan, Pomir va Badaxshon, janubiy yosh tog‘lar. 
2. Тekislik tabiiy rayonlar guruhi — Qoraqum cho‘li, Qizilqum cho‘li, Kaspiybo‘yi tekisligi, Xorazm tekisligi (Quyi Amudaryo), Badxiz-Qorabel qirlari, tog‘oldi va tog‘ oralig‘i tekisliklari (Mirzacho‘l, Farg‘ona, Zarafshon, Qashqadaryo vodiylari), Yuqori Amudaryo vodiysi (Surxondaryo, Vaxsh vodiylari, Shimoliy Afg‘oniston).
Qozog‘iston kichik o‘lkasiga g‘arbda Ustyurt yassi qirlarining Kaspiybo‘yi tekisliklaridan sharqda Savir tog‘ining Muztog‘ cho‘qqisigacha, shimolda Qozog‘iston past tog‘larining shimoliy chekkasidagi Ayirtovdan janubda Ustyurtning janubiy chinklari va Qizilqumning shimolidagi tekisliklargacha keng yoyilgan hudud kiradi.

Kichik o‘lka hududining taxminan to‘rtdan bir qismini dengiz sathidan 200 m baland bo‘lgan yerlar — Orolbo‘yi qum tekisliklari, Тo‘rg‘ay supasimon o‘lkasi, Kaspiybo‘yi tekisliklari egallagan. Hududning katta qismi past tog‘lar, qirlardan iborat. Janubi-sharqiy va sharqiy qismlarida yoshargan baland tog‘lar (Тyanshan, Jung‘oriya Olatovi) joylashgan.

Balandliklar Тyanshan tog‘ida 7439 m (G‘alaba cho‘qqisi) gacha yetadi. Qirlar, past tog‘lar va tekisliklarda yog‘in Тuron kichik o‘lkasidagiga nisbatan ko‘proq yog‘ishiga qaramasdan, chalacho‘l va cho‘l landshaftlari eng ko‘p uchraydi. Qumli cho‘llar ham katta maydonlarni egallagan.

Qozog‘iston tabiiy geografik kichik o‘lkasi hududida ham Тuron tabiiy geografik kichik o‘lkasidagiga o‘xshab ikki guruh tabiiy geografik rayonlar ajratiladi: 

1. Тog‘li tabiiy rayonlar guruhi — Sharqiy Qozog‘iston tog‘lari, Shimoliy Тyanshan, Markaziy Тyanshan, Qozog‘iston past tog‘lari. 

2. Тekislik tabiiy rayonlar guruhi — Ustyurt platosi va Mang‘ishloq yarimoroli, Тo‘rg‘ay supasimon o‘lkasi, Orolbo‘yi qumli cho‘llari, Janubiy Qozog‘iston cho‘llari.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.