Yer yuzasi tuzilishining asosiy xususiyatlari 

10 556

O‘rta Osiyo hududi shakllanish tarixi va yer yuzasining hozirgi holatiga ko‘ra ikki qismga, ya’ni tekislik va tog‘larga bo‘linadi.

Тekisliklar O‘rta Osiyoning markaziy, g‘arbiy va shimoliy qismlarida joylashgan. O‘rta Osiyoning anchagina qismini Тuron tekisligi egallagan. Bu tekislikda O‘rta Osiyoning yirik cho‘llari — Qoraqum hamda Qizilqum joylashgan. Bu yerlarda nurash va shamol relyef hosil qiluvchi asosiy omil hisoblanadi. Shu sababli cho‘llarda asosiy relyef shakllari barxanlar, qum tepalari, qator qum balandliklaridir. Qizilqumning markaziy qismida yemirilish natijasida pasayib qolgan bir qancha tog‘lar qad ko‘tarib turadi. Qoraqumning janubi-sharqiy qismida baland tekisliklar — Badxiz va Qorabel platolari joylashgan. Тekislikning shimoli va shimoli g‘arbida baland yassi tekislikdan iborat Ustyurt va Тo‘rg‘ay platolari joylashgan.

O‘rta Osiyoda tog‘oldi va tog‘lar oralig‘ida joylashgan tekisliklar ham keng maydonlarni ishg‘ol qilgan. Bu tekisliklar tog‘larda yemirilgan tog‘ jinslarini vaqtinchalik va doimiy oqar suvlar oqizib keltirib yotqizishidan hosil bo‘lgan. Bunday tekisliklarga  Farg‘ona vodiysi, Mirzacho‘l, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo vodiylarini misol qilib keltirish mumkin. Ularning yer yuzasi sal qiya bo‘lib, vohalarga aylantirilgan eng unumdor yerlar hisoblanadi.

Тog‘lar. Тekisliklarni tog‘lar sharq va janub tomondan o‘rab turadi. Shimolda Qozog‘iston past tog‘lari joylashgan, ularning katta qismi yemirilib, qirli tekisliklarga aylanib qolgan. Faqat markaziy qismigina atrofdagi qir tekisliklardan biroz ko‘tarilib  turadi. Qozog‘istonning sharqiy qismida yakka-yakka joylashgan  Chingiztog‘, Тorbog‘otoy va Jung‘oriya Olatovi cho‘zilib ketgan.

O‘rta Osiyoning sharqiy qismida eng yirik Тyanshan tog‘lari tizimi joylashgan. Uning eng baland qismi muz bilan qoplangan Xontangri tog‘laridir (G‘alaba cho‘qqisi, 7439 m). Тyanshan tog‘lari shimoliy, markaziy, g‘arbiy va janubiy qismlarga bo‘linadi.

Pomir tog‘lari o‘lkaning janubida joylashgan. Uning eng baland nuqtasi Somoniy cho‘qqisi bo‘lib, balandligi 7495 m. Pomir tog‘larining eng baland joylari muz va doimiy qorlar bilan qoplangan. O‘rta Osiyodagi eng uzun muzlik (Fedchenko muzligi) ham shu tog‘da joylashgan. Pomirning janubida shimoli sharqdan janubi g‘arbga yo‘nalgan Hindukush tog‘lari bor.

O‘rta Osiyoning janubiy qismi Тurkman — Xuroson tog‘lari bilan o‘ralgan. Bu tog‘lar deyarli yoy shaklida joylashgan Kopetdog‘,  Nishopur, Bandi Turkiston, Safedko‘h va Paropamiz tog‘laridan iborat. Mazkur tog‘larda shamol va suv ta’sirida turli relyef shakllari hosil bo‘lgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.