O‘rta Osiyo suvlari 

10 015

O‘rta Osiyoda oqar suvlar juda notekis taqsimlangan. O‘lka maydonining salkam 70 foizga yaqin qismini egallagan tekisliklarda suv, daryolar juda oz. Aksincha, tog‘ va tog‘oldi hududlarida juda keng daryo tarmog‘i mavjud. O‘rta Osiyo hududida oqar suvlarning shu tarzda notekis taqsimlanishiga uning iqlimiy sharoiti va relyef tuzilishi sabab bo‘lgan.

O‘rta Osiyoning tabiiy xaritasini yog‘in-sochinlarning taqsimlanish xaritasi bilan taqqoslang. Тaqqoslaganingizda quyidagi manzarani ko‘rasiz: Orolbo‘yi, Betpaqdala, Mo‘yinqum, Amudaryo etaklari, Ustyurt, Qizilqum cho‘liga yil davomida bor-yo‘g‘i 100 mm atrofida yog‘in-sochin tushadi. Bu tekisliklarning atrofidagi adirlar, qirlar va past-balandliklarga yog‘adigan  yog‘in-sochinlar miqdori ham unchalik ko‘p emas — 300 mm dan oshmaydi. O‘rta Osiyoning 75—80 foiz qismida yog‘in-sochin ana shunday kam tushadi. Buning ustiga yilning ko‘p qismida havo haroratining yuqori bo‘lishi va yog‘gan yog‘in suvlarining tezda bug‘lanib ketishi sababli O‘rta Osiyoning tekislik va tog‘oldi hududlarida doimiy oqar suv manbalari yo‘q yoki juda kam.

Тog‘larda yog‘in tekisliklarga nisbatan ancha ko‘p yog‘adi, havo haroratining past bo‘lishi esa bug‘lanishni kamaytiradi. Тog‘larning qish uzoq davom etadigan va yoz salqin keladigan o‘rta va baland qismlarida katta qor dalalari va yirik muzliklar vujudga kelgan, chuqur soyliklarda tog‘ ko‘llari paydo bo‘lgan. Suv juda nishab tog‘ yonbag‘irlaridan oqib tushib, atrofdagi tekisliklardan o‘tadigan katta va kichik daryolarni hosil qilgan. Shuning uchun ham tog‘larda daryolar ko‘p va ularning suv to‘playdigan havzalari ham katta.

Binobarin, O‘rta Osiyoning tekislik qismlarida oqadigan katta va kichik daryolar, kanallar, anhorlarning suvlari, ko‘llar, suv omborlaridagi juda katta suv zaxiralarining asosiy manbayi o‘lkani sharq va janubdan o‘rab turgan baland tog‘lardir.

Shu sababli, tog‘lar yog‘in suvi to‘planadigan asosiy joy bo‘lib, tekisliklar esa ana shu suvni sarf qiladigan va bug‘latadigan yerlardir. Bu O‘rta Osiyo hududining eng muhim gidrologik xususiyati hisoblanadi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.