Yеrоsti suvlаri
O‘rta Osiyo
hududi yerusti suv zaxiralari bilan birgalikda juda katta yerosti suv
boyliklariga ham ega. Iqlimining juda quruq bo‘lganligi sababli oqar suvlar
bilan bir qatorda yerosti suvlaridan ham aholini ichimlik suvi bilan
ta’minlashda, qishloq xo‘jaligi yerlarini va chorva mollarini sug‘orishda juda
keng ko‘lamda foydalaniladi.
O‘rta Osiyo
hududida tabiiy geografik va geologik xususiyatiga ko‘ra bir-biridan keskin
farq qiladigan 2 ta gidrogeologik kichik o‘lka — janubi-sharqiy burmali tog‘lar
va platformadagi artezian suvlari bo‘lgan tekislik kichik o‘lkalari mavjud.
O‘rta
Osiyoning barcha burmali tog‘laridagi yerosti suvlarining asosiy qismi tog‘
jinslari yoriqlaridan va karst yo‘laklaridan chiqadigan suvlardir. Ularning
manbayi yog‘in-sochin suvlari hisoblanadi. (Yerosti suvlarining paydo
bo‘lishini esga oling.) Bu suvlar tog‘larda ko‘pincha buloqlar tarzida chiqib,
tog‘larning o‘rta va yuqori qismlarida daryo suvlariga qo‘shiladi, qisman,
sug‘orishda foydalaniladi.
Тekisliklardagi
yerosti suvlari artezian havzalaridan iborat. Bu suvlarning manbayi daryo
o‘zanlaridan shimilgan va tog‘ yonbag‘irlaridagi suvlarning shimilishi
natijasida vujudga kelgan suvlardir.
O‘rta
Osiyoning yirik cho‘llari — Qizilqum va Qoraqumning yerosti qatlamlari ichimlik
suv zaxiralariga juda boy. Chorvamollarini sug‘orish va ichish maqsadida bu
yerda juda chuqur (200-250 m gacha) artezian quduqlari qazilgan.
Yerosti
suvlari chuqurda, yer yoriqlarida joylashgan bo‘lsa, ko‘pincha issiq, tarkibida
turli mineral moddalar erigan bo‘ladi. Bunday suvlar termal suvlar deyiladi.
O‘rta Osiyo hududi ana shunday termal (issiq) va mineral suvlarga boy. Bu
suvlarning kimyoviy tarkibi insonga shifobaxsh ta’sir etadi. O‘lkada tarkibida
yod, vodorod sulfat, radon va boshqa ba’zi mineral moddalar bo‘lgan bir qancha
yerosti suv manbalari bor va ular asosida Qozog‘istonning Shimkent viloyatida
Qorasuv, Farg‘ona vodiysida — Chimyon, Polvontosh, Janubiy Olamushuk,
Chortoq, Surxondaryoda — Jayronxona, Тojikistonda —Obigarm mineral suvli
shifoxonalar bunyod etilgan.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.