O‘rta Osiyodagi iqlimiy tafovutlar 

6 244

O‘rta Osiyo iqlimida ko‘zga yaqqol tashlanadigan asosiy xususiyatlar — iqlimning keskin kontinentalligi, quyoshli kunlarning ko‘p bo‘lishi, yoz oylarida haroratning nihoyatda yuqoriligi, issiqlik resurslariga boyligi va nihoyat, hududning juda qurg‘oqchilligidir. Ana shu umumiy iqlimiy xususiyatlar bilan birga, O‘rta Osiyoning shimoliy va janubiy qismlari iqlimning bir qator muhim ko‘rsatkichlari bo‘yicha bir-biridan ancha farq qiladi. Jumladan, o‘lkaning shimoliy qismlari iqlimining hosil bo‘lishida Markaziy Osiyo, Sharqiy Sibir, Sharqiy Yevropaning ta’siri kattaroq bo‘lsa, janubiy qismlarida O‘rta dengiz va g‘arbiy iliq shamollarning  ta’siri ko‘proq sezilib turadi.

Shu sababli O‘rta Osiyo hududi 2 ta iqlimiy kichik o‘lkaga ajratiladi:  1) Qozog‘iston iqlimi; 2) Тuron iqlimi. Iqlimiy jihatdan ajratilgan bu ikki kichik o‘lka o‘rtasidagi chegara uncha aniq emas. Xaritada O‘rta Osiyoning g‘arbiy qismidagi Qorabo‘g‘ozgo‘ldan Ustyurtning janubi, Qoraqum, Qizilqum cho‘llarining shimoliy qismi bo‘ylab chiziq o‘tkazsak, Janubiy Qozog‘istondagi Qoratov tizmasining shimoliy chekkasiga yetamiz. Undan keyin chegara Qoratov, Тalas Olatovi va Farg‘ona tizmasi orqali o‘tadi. Ana shu shartli chiziq — chegaraning shimolida Qozog‘iston iqlimi, janubida esa Тuron iqlimi bo‘ladi.

Qozog‘iston iqlimi bilan Тuron iqlimi o‘rtasidagi asosiy tafovutlar, eng avvalo, atmosferadagi harakat xususiyatlari ta’sirida vujudga kelgan. O‘rta  Osiyoning janubiy qismini egallagan Тuron iqlimiga yilning salqin faslida siklon faoliyatining kuchli bo‘lishi va u bilan bog‘liq ravishda yog‘in-sochinlarning ko‘p tushishi, ob-havoning tez o‘zgaruvchan, nisbatan iliq kelishi xos bo‘lsa, yozda kuchli qizigan, quruq, kontinental Тuron tropik havosining vujudga kelishi, jazirama issiq, haddan tashqari quruq va nisbatan sokin ob-havoning uzoq turishi xosdir.

O‘lkaning shimoliy qismidagi Qozog‘iston iqlimiga qishda Markaziy Osiyo antisiklonining ta’siri katta bo‘ladi, natijada, havoning harorati juda past bo‘lib, qor qoplami ancha qalin, qahraton qish uzoq davom etadi. Yozda Qozog‘iston hududida mo‘tadil havo massasi uzoq vaqt turadi, siklon faoliyati kuchayadi, ob-havo tez-tez o‘zgarib, yog‘inlar yog‘ib turadi. Qozog‘iston iqlimi mo‘tadil iqlim mintaqasiga kiritiladi. Тuron iqlimi subtropik iqlim xususiyatlariga ega.

Тuron iqlimida yillik yog‘inlarning 35-40 foizi qish va bahor oylariga, atigi 2-5 foizi yoz oylariga to‘g‘ri keladi. Qozog‘iston iqlimida esa qishki va yozgi yog‘inlar miqdori deyarli teng bo‘ladi. Тuron iqlimiga xos bo‘lgan qishda «iliq» kunlarning ko‘p bo‘lishi Qozog‘iston iqlimi uchun mutlaqo xos emas.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.