Ko‘llаri vа suv omborlаri
Ko‘llari.O‘rta Osiyoda ko‘llar unchalik ko‘p emas. Ular ichida eng yiriklari Orol ko‘li
(dengizi), Issiqko‘l, Balxash va Qorako‘ldir. Bu ko‘llar paydo bo‘lishiga ko‘ra
tektonik ko‘llar hisoblanadi.
Ko‘llarning
ko‘pchiligi tog‘larda joylashgan. Ular tog‘ning o‘rta va baland qismlarida
ko‘pincha daryo va soylar o‘zanining to‘silib qolishi natijasida vujudga kelgan
kichikroq ko‘llardir. Ularning suvi nihoyatda tiniq, toza va sovuq bo‘ladi.
Ko‘l atroflarida o‘ziga xos iqlim vujudga kelib, juda go‘zal tabiiy geografik
manzara hosil bo‘ladi, Issiqko‘l va Sarichelak shunday ko‘llardir. Daryo
vodiylarida, qayirlarida, deltalarida katta-kichik ko‘lchalar hosil bo‘lgan.
Тashlama hamda sizot suvlar to‘planishidan
hosil bo‘lgan ko‘llarga Arnasoy va Aydarko‘l misol bo‘ladi.
O‘rta
Osiyoning eng katta tabiiy ko‘li — Orol ko‘lidir. U kattaligi hisobga olinib
Orol dengizi deb ataladi. Orol dengizi faqat O‘rta Osiyoda emas, balki Yer
yuzidagi eng katta ko‘llardan biri edi. U kattaligi bo‘yicha Osiyoda ikkinchi,
jahonda esa to‘rtinchi o‘rinda turardi. Ko‘l Тuron tekisligining markazida,
Ustyurt platosidan sharqda joylashgan, shimoli sharqdan janubi g‘arbga
cho‘zilgan tektonik cho‘kmada hosil bo‘lgan. Unga ikki yirik daryo — Amudaryo
va Sirdaryo quyiladi.
Dengizning
eng chuqur yeri g‘arbiy qismida 69 m ga yetgan. Biroq 1960-yildan boshlab O‘rta
Osiyoda sug‘orish ishlari uchun Amudaryo va Sirdaryoning juda ko‘p suvi sarf
bo‘lishi oqibatida Orolga quyiladigan suv miqdori keskin kamayib ketdi. Ayrim
yillari, ayniqsa, 1983-1985-yillardan keyin Sirdaryo Orolga bir tomchi ham suv
bermay qo‘ydi, Amu- daryoning suvi esa 7-9 kub km dan oshmadi. Shu tariqa Orol
asta-sekin quriy boshladi. 35 yil ichida dengiz suvining hajmi kichrayib, uning
sathi 16,5 m ga pasaydi, dengiz qirg‘oqdan 80-100 km ga, ayrim yerlarda esa 130-150
km ga chekindi. Orollar tutashib ketib, dengiz uchta alohida suv havzasiga
bo‘linib qoldi.
Orol
dengizi atrofida juda ko‘p qishloqlar, shaharlar bor. «Orolbo‘yi regioni» deb
ataluvchi bu mintaqada 5 mln ga yaqin aholi yashaydi. (Xaritaga qarab, qaysi
davlatlar, viloyatlar borligini aniqlang.) Ana shu aholining xo‘jalik faoliyati
Orol dengizi bilan bog‘liq bo‘lgan. Dengizning kichrayishi, uning tagidagi
tuzlarning shamol bilan tevarak-atrofga to‘zib ketishi, ichimlik suvi tanqisligi,
bugungi kun Orolbo‘yi hududi ekologik tangligining ko‘rinishlaridandir. Orol va
Orolbo‘yini bu tanglikdan qutqarib qolish uchun iloji boricha harakat
qilinyapti. «Orolni qutqarish» xalqaro tashkiloti va fondi tuzilgan.
Suv
omborlari. Yozgi «chilla» davrida ekinzor va bog‘lar tez-tez sug‘orishni talab qiladi. O‘simliklarni namga eng chanqoq davrlarida suv bilan muntazam ta’minlash maqsadida O‘rta Osiyoning katta va kichik daryolarida sun’iy ko‘llar — suv omborlari bunyod etilgan.
O‘rta
Osiyoning tabiiy geografik xaritasida suv omborlari juda aniq ko‘rsatilgan.
Masalan, Ili daryosida — Qopchig‘ay, Irtish daryosida — Buxtarma, Norin
daryosida — Тo‘xtag‘ul, Chirchiq daryosida — Chorvoq, Ohangaronda — Tuyabo‘g‘iz
(Тoshkent), Qoradaryoda — Andijon, Sirdaryoda — Qayroqqum, Chordara hamda
Zarafshonda — Kattaqo‘rg‘on va Quyimozor, Qashqadaryoda — Chimqo‘rg‘on, Qarshi
kanalida — Тallimarjon, Surxondaryoda — Janubiy Surxon, Amudaryoda —
Тuyamo‘yin, Vaxshda — Norak, Qoraqum kanalida — Hovuzxon suv omborlari
qurilgan.
O‘rta Osiyo
suv omborlari ichida Buxtarma, Qopchig‘ay, Тo‘xtag‘ul, Тuyamo‘yin, Chordara va
Qayroqqum suv omborlari eng kattalari hisoblanib, ulardan keng miqyosda
foydalaniladi. Chorvoq suv omborining maydoni nisbatan kichik, lekin suv hajmi
ancha katta (2,0 mlrd m.kub).
Bu suv
omborlari faqat yerlarni sug‘orish uchungina ishlatilmasdan, ulardan GESlar
qurish, daryo suv oqimini tartibga solish, rekreatsiya (sog‘liqni tiklash, dam
olish, turizm) maqsadlarida ham foydalaniladi.
Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.