Qadri baland qadrdon 

7 786

Oltin, pul, boylik tushunchalari bir-birini eslatadi. Masalan, oltin deganda katta boylik, ko‘shku saroylar ko‘z oldimizga keladi. Bu nodir metalni deyarli hammamiz ko‘rganmiz, u bilan bog‘liq har xil voqealar, afsona, rivoyatlarni eshitganmiz.


"Oltin” so‘zi quloqqa xush yoqadi, o‘ziga ohanrabodek tortadi. Bu so‘z turkiycha "al” – qizil, xitoycha "tun”, "tung” so‘zlari qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. "Qizil mis” degan ma’noni beradi. Aslida, oltin ham mis yoki temir kabi oddiy metall. Biroq ba’zi o‘ziga xosliklar uning qadrini oshiradi, odamlarning qadrdoniga aylantiradi.


Toza oltin sariq rangda bo‘ladi. Boshqa rangli metallar, ko‘pincha, mis qo‘shilishi natijasida qizg‘ish tus oladi. Qadimda tillo tangalar xuddi shunday ko‘rinishda bo‘lgan. Issiqlik o‘tkazish darajasi yuqori, elektr o‘tkazish qarshiligi past. Zichligi juda baland – 19621 kg metr kub. 1 kg og‘irlikdagi oltin 46 mm diametrli sharga jo bo‘ladi. Boshqacharoq aytganda, yosh qizchalar o‘ynaydigan to‘pcha hajmidagi oltin bir kilo chiqadi. Tillo zarralari bilan to‘ldirilgan bir litrli butilka 16 kg tosh bosadi. Og‘irlik oltinning ijobiy xususiyatlaridan biridir. Chunki shu sababli oltinni ajratib olish, boshqa jinslardan tozalash oson kechadi.


Bu metall juda cho‘ziluvchan. Bir gramm tilloni uch kilometrgacha cho‘zish mumkin. Ana shu cho‘ziluvchanlik sababli odamlar sof oltinni barmog‘ida ezib yoki tishlab ko‘rib sinaydi.


Oltin eng inert, ya’ni faoliyatsiz metall hisoblanadi. Odatiy sharoitda juda ko‘p kislotalar unga ta’sir ko‘rsatolmaydi. Tillo oksidlar ham hosil qilmaydi. Boshqa oddiy metallar kabi atrof-muhit ta’sirida o‘zgaravermagani uchun ham qimmatbaho sanaladi.


Oltin ayrim hollarda zaharga aylanadi. Masalan, buyrak, jigar va taloqda yig‘ilishi yallig‘lanish bilan bog‘liq turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Undan tibbiyotda ham foydalaniladi. Asosan immun tizimini mustahkamlash maqsadida qo‘llaniladi.


Bu metall Yer qobig‘ida juda kam tarqalgan. Biroq oltin bilan boyigan yer maydonlari, konlar juda ko‘p. Oltin suv tarkibida ham bor. Bir kilometr kub daryo yoki dengiz suvida 4 kg tillo bo‘ladi. Tirik organizmlarning hujayrasi va qonida kilogrammiga 0,01-0,05 milligramm oltin uchraydi. O‘zbekistonda tillo makkajo‘xori doni va popugida (tonnasiga 2-4 gramm) va Qizilqumda shuvoq o‘simligida borligi aniqlangan.


Oltin odamlarga juda qadim zamonlardan ma’lum. Chunki u tabiiy holatda ham uchragan, qazib olish shart bo‘lmagan. Arxeologlar fikricha, tillo ilk bor Yaqin Sharqda qazib olingan. Ayniqsa, Misrda oltinga ishlov berish rivojlangan. U yerdan topilgan tillo taqinchoqlar Shumer tamadduni davriga oid, miloddan uch ming yil oldin ishlangan.


Hisob-kitoblarga ko‘ra, insoniyat tarixi davomida 140 ming tonna oltin qazib olingan. Uni bir joyga yig‘ilsa, tomonlari 19 metrli kub hosil bo‘ladi. Dunyoda har yili ikki ming tonnadan ko‘proq tillo qazib olinadi. Xitoy, JAR, AQSH, Avstraliya, Peru, Rossiya, Kanada, Indoneziya, O‘zbekiston, Gana kabi mamlakatlar oltin qazib olishda yetakchilik qiladi.


Dunyoda yig‘ilgan oltin zaxirasi taxminan 100 ming tonnaga teng. Oltin dunyo moliya tizimining ajralmas qismlaridan biri. Chunki u zanglamaydi va shu bilan birga zaxiralari ko‘p emas. Tillo o‘tmishdagi alg‘ov-dalg‘ovlar, iqtisodiy bo‘hronlar chog‘ida ham yo‘qolmadi. Aksincha, jamlanib, ko‘payib bordi. Hozir butun dunyo banklari zaxirasida 32 ming tonna oltin saqlanadi. Ana shu oltin bir joyga yig‘ilsa, tomonlari bor-yo‘g‘i 12 metrli kub paydo bo‘ladi, xolos.


Tillo juda qadim zamonlardan pul o‘rnida ishlatib kelingan. Biroq u XIX asrga kelibgina asosiy pul vositasiga aylandi. Birinchi jahon urushiga qadar barcha valyutalar tillo standartiga asoslandi. Shu sababli 1870 – 1914 yillar "oltin asri” deb ataldi. Bu vaqtda qog‘oz kupyuralar tillo olish guvohnomasi vazifasini o‘tagan.
 


Oltindan sanoatda, ayniqsa texnika va mikroelektronikada keng foydalaniladi. Biroq uning asosiy iste’molchisi zargarlik sanoatidir. Zargarlik mahsulotlarida sof oltin ishlatilmaydi. Tilloga kerakli metall qotishmalari aralashtiriladi. Shunday qilinsa, taqinchoq mustahkam, pishiq chiqadi. Rang hosil qilishda kumush va mis ishlatiladi.


Tillodan yasalgan zargarlik mollarini sotib olishda soflik darajasini ko‘rsatuvchi raqam – probaga e’tibor berish lozim. Proba Rossiya va MDH mamlakatlarida ko‘p qo‘llanadigan o‘lchov turi. Bunda tilloning sofligi 0 dan 1000 gacha ulushda hisoblanadi. Zargarlik mahsulotlarida 375, 500, 585, 750, 900, 916 va 958 probali oltin ishlatiladi.


375 proba. Asosiy qo‘shilmalar – kumush va mis; oltin 38 foiz. Sariq-qizg‘ish rangda bo‘ladi. Salbiy xususiyati – havoda xiralashadi.


500 proba. Asosiy qo‘shilmalar – kumush va mis; oltin 50,5 foiz. Rangi kumush miqdoriga bog‘liq. Salbiy xususiyati – quyilishi qiyin.


585 proba. Asosiy qo‘shilmalar – kumush, mis, palladiy, nikel; oltin 59 foiz. Proba yetarli miqdorda bo‘lgani sababli mahsulot mustahkam, pishiq va tashqi ta’sirga chidamli bo‘ladi. Zargarlik sanoatida shu proba keng qo‘llaniladi.


750 proba. Asosiy qo‘shilmalar – kumush, platina, mis, palladiy, nikel; oltin 75,5 foiz. Jilo berish qulay, pishiq, mustahkam, qayta ishlash oson. Ranggi yashil-och sariq, pushti yoki qizil bo‘lishi mumkin.


958 proba. 96,3 foiz sof oltinga ega. Kam qo‘llanadi. O‘ta yumshoq, naqsh va jilolarni ushlab turmaydi, ranggi to‘yinmagan.


999 proba. Sof oltin.


750 dan yuqori probali taqinchoqlar rangi havoda xiralashmaydi.


Yevropada esa tilloning sofligi britaniya karatida o‘lchanadi. 1 britaniya karati aralashma metalning yigirma to‘rtdan bir (1/24) qismini tashkil etadi. 24 karatli oltin butunlay sof, unga boshqa hech qanday metall aralashmagan.

Qoshimcha ma`lumot uchun ushbu havolani bosing!

Orifjon Madvaliyev

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.