Navoiy viloyatiga borish uchun 10 ta sabab
O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1992-yilning boshida Navoiy viloyati qayta tashkil etildi. Navoiy yosh va navqiron viloyat bo’lsa-da, uning insoniyat tamadduniga katta hissa qo’shgan qadimiy va boy tarixi bor.
Bugunga kelib, Navoiy viloyati har tomonlama rivojlangan, obod hududga aylandi. Navoiy viloyati mamlakatimizda hududiy jihatdan eng katta viloyat bo’lib, Qoraqalpog`istondan keyingi ikkinchi o’rinni egallaydi. Viloyat o’ziga xos tabiiy sharoitiga ko’ra yirik uch qismga bo’linadi: viloyatning shimoli-g`arbiy qismining bag`rida ne-ne sir-sinoatlarni yashirib yotgan Qizilqum cho’li egallagan. Janubi-sharqiy qismida Nurota tog` tizmalariga tegishli Qoratog`, Oqtog` singari tog`lar bo’y cho’zgan bo’lsa, Zarafshon daryosi vohasining O’rta qismida viloyatning dehqonchilik zonasi o’rnashgan.
Bu safar Navoiyga borish uchun 10 sabab bilan tanishasiz.
1. Toshmasjid me’moriy majmuasi va Vang`ozi minorasi
Vang`ozi qishlog`idagi me’moriy majmua. Tadqiqotlarda yozilishicha, Toshmasjid XVI asrda qurilgan, lekin buzilib ketgan madrasa va hammomdan iborat me’moriy majmuaning markaziy binolaridan hisoblangan. Toshmasjid binosining qurilish konstruksiyalari va tarixiy yechimi o’ziga xos, shuningdek, O’rta Osiyoda pishiq g`ishtdan ishlangan ustun-gumbazli mahobatli inshootlar rivojining cho’qqisi deyish mumkin.
Masjid baland (taxminan 70 sm) supaga qurilgan va old tomoni bo’ylab cho’zilib ketgan mahobatli binodir. Uning ko’rkam hajmiy-makoniy kompozitsiyasining markaziy qismida baland peshtoq va yirik moviy gumbaz ajralib turadi. Masjidning 24x40 m kattalikdagi umumiy binosida 2 ta yirik va 16 ta bir xildagi mayda gumbazlar bilan yopilgan yagona xona bor. Binoning o’rta bo’lmasida: mahobatli peshtoq; asos aylanasi 3,8 m gumbaz bilan yopilgan dahliz; asos aylanasi 5 m yirik moviy gumbaz bilan yopilgan masjidning markaziy qismi joylashgan. Peshtoq qarshisidagi orqa-g`arbiy devorda ravoqli mehrob bo’lib, u Makkaga tomon yo’nalgan. Masjidning barcha devorlariga (markaziy peshtoqdan tashqari) yana 4 tadan qo’shimcha eshik o’rnatilgan, faqatgina, an’anaga ko’ra yopiq sahnli mehrobli devor bundan mustasnodir. Bino 29x29x5 sm o’lchovli to’rtburchak pishiq g`ishtdan qurilgan. Pollariga g`isht yotqizib terib chiqilgan.
Toshmasjid majmuasi 2003-yil viloyat va tuman rahbariyati, homiylarning beminnat ko’magi bilan mukammal qayta ta’mirlangan.
2.Vang`ozi minorasi
Toshmasjid yonidagi Vang`ozi minorasi ham shunday uslubdagi inshootlardan betakrori hisoblanadi. Uning balandligi 27,5 metr (ba’zi manbalarda 24 metr). Tepasiga tut yog`ochidan ishlangan 56 ta aylanma ichki zinalardan chiqish mumkin. Pishiq g`isht va ganj aralashmasidan ishlangan pastki qismining aylanasi 8 metr (yoki 3,8). Uning tarixi ham XVI asrga borib taqaladi. Ba’zi taxminlarga ko’ra minoraning yoshi yanada qadimiyroq bo’lishi mumkin. Obida oldidan o’tmishda katta yo’l bo’lib, mahalliy aholi uni "Amir yo’li" deb atagan. Chunki qadimda Buxoro amirlari Karmanaga aynan shu yerdan o’tgan.
3.Mavlono Orif Deggaroniy jome’ masjidi
Navoiy viloyati Karmana tumani Hazara QFY hududida joylashgan "Mavlono Orif Deggaroniy” jome masjidi viloyatning eng qadimiy masjididir. Masjidning qachon qurilgani to’g`risida har xil ma’lumotlar bor. Ba’zi kitobda VI-VII asrda qurilganligi va masjid zardushtiylarning ibodatxonasi bo’lgani yozilgan. Ba’zi bir manbalarda esa masjid XI asrga tegishli ekani aytiladi.
Binoning to’rt tomoni ochiq bo’lib, to’qqiz gumbazni to’rtta g`ishtdan ko’tarilgan ustunlar ko’tarib turgan. Samoniylar davriga kelib bu bino musulmonlar masjidi sifatida foydalana boshlangan.
Masjid hududlari "Deggaron” qishlog`i bo’lgan, "deggaron” so’zining ma’nosi qozon yasovchilar mahallasi degan ma’noni bildirgan va masjid shu mahallada bo’lgani uchun uni ham "Deggaron” masjidi deb nomlashgan.
Keyinchalik bu masjid "Mavlono Orif Deggaroniy” deb atalishini sababi Mavlono Orif Deggaroniy hazratlari 1313-1380 yillar atrofida Xazora qishlog`i Deggaron dahasida yashab o’tgan. Bu zotning qabrlari "Deggaron” masjidi yaqinida bo’lgani uchun "Mavlono Orif Deggaroniy” deb atalgan.
2007-yil "Mavlono Orif Deggaroniy” jome masjidi katta ziyoratgoh va ko’rkam manzilga aylandi.
4. Hazrati Alisher Navoiy jome’ masjidi
2004-yil avgust oyida Navoiy shahrida yangi masjid qurilishi boshlandi va birinchi poydevor g`ishti qo’yildi. Masjidning ochilish marosimi 2006-yil 24-mart kuni o’tkazildi. Shu yili 18-may kuni Islom Karimov masjidga tashrif buyurdi. Masjid binosi ikki qavatli bo’lib, xuddi shu o’lchamda yer osti binosi ham mavjud. Bir vaqt namozda 2000 (ikki ming) kishini sig`dira oladi. Masjidning balandligi 31 metr, binoning ichi (20 metr) va tashqi hududi bilan 30 metr bo’lib, tashqi ko’rinishidagi ayvon 5 metrni tashkil qiladi. Masjidning umumiy maydoni 1.26 gektar. Masjid atrofi gulzor va bog` qilingan.
5. Sarmishsoy tabiiy-arxeologik majmua muzey qo’riqxonasi
Sarmishsoy — O’zbekiston hududidagi eng ko’p va beqiyos qoya tosh rasmlarini saqlab qolgan vodiydir. U Navoiy viloyatining Navbahor tumanida joylashgan. Olimlar tomonidan o’tkazilgan tadqiqotlarga ko’ra, bundan 5-7 ming yil ilgari Sarmishsoyda hayvonlarni xonakilashtirish ishlari olib borilgan va bu qoyatosh suratlarida aks etgan.Sarmishsoy petrogliflari eng qadimiy uslublarda ishlangan bo’lib, miloddan avvalgi II-ming yillik oxiriga taalluqli arxeologik materiallar orasida yovvoyi buqa, tog` echkisi, arxar va qo’toslarning suyak qoldiqlari ham topilgan. Miloddan avvalgi I-ming yillik arafasida esa bu hayvonlar butunlay yo’qolib ketgan. Ko’rinib turibdiki, Sarmishsoyning hayvonot olami ham nihoyatda boy va xilma-xil bo’lgan. 2004 yildan buyon doimiy ravishda «Sarmishsoy tabiiy-arxeologik majmua muzeyi qo’riqxonasi"ga xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyurib, ularga muzey xizmati ko’rsatilib kelinmoqda.
6. Raboti Malik sardobasi
"Malik rabot” QFYda "Raboti Malik sardobasi” joylashgan. sardoba forscha "sard”- sovuq, "oba” – suv degan ma’noni bildiradi. Suv tanqis yerlarda uni saqlash uchun maxsus qurilgan gumbazli hovuzdir. Sardoba devori silindr shaklida bo’lib, qalinligi 1,5 metr, diametri 12-13 metr, chuqurligi 15-18 metr atrofida. U sifatli pishgan g`isht va gildan ishlangan. Unda muzday toza suv butun yoz bo’yi saqlangan. XVI asrdagi mualliflardan biri Raboti Malik sardobasining suvini Makkadagi laziz zam-zam suviga qiyoslaydi. Sardoba karvonsaroy kabi yolg`iz yo’lovchilar uchun ham, butun boshli karvonlar uchun ham qo’nalg`a hisoblangan.
7. Mir Said Bahrom maqbarasi
Maqbara Karmana shahrining markaziga yaqin Mir Said Bahrom mahallasining shimoliy chegarasida joylashgan. Maqbara X-XI asrlarga xos bo’lib mamlakat hisobidagi yodgorliklar qatoriga kiradi. Maqbara bir gumbazli, to’rtburchak shaklda, hamma tomoni bir xil o’lchovdagi pishiq g`ishtdan qurilgan. Bino bir necha bor ta’mir qilinib, dastlabki ko’rinishini tiklagan. Maqbara o’rtasida Mir Said Bahromning qabri bor. Qabr yonida arabcha so’zlar yozilgan ikkita qabr toshi ham saqlanib qolgan. Aslida Mir Said Bahrom to’g`risida aniq ma’lumotlar yo’q. Ehtimol u kishi musulmon dinining yirik nomoyondalaridan biri bo’lgandir. Ehtimol SAMONIYLAR sulolasi vakillaridan biridir. Chunki maqbara qurilish jihatidan, Buxorodagi Ismoil Samoniy maqbarasiga o’xshab ketadi. Maqbaraning birinchi tadqiqotchisi A.K.Pisarchik hisoblanadi. XX asrning 60-yillarigacha bu yodgorlik ko’pchilik e’tiborini tortib kelgan. 1969-yilning qattiq qishida ko’p qor-yomg`ir yog`ishi natijasida maqbara binosi qisman cho’kib devorlari va gumbazlarida yoriqlar paydo bo’lgan. Hozir Mir Said Bahrom maqbarasi atrofi obodonlashtirilib, uning yonida "Yoshlik" bolalar istirohat bog`i tashkil etilgan.
8. Aydarko’l
Aydarko’l ma’muriy jihatdan Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan bo’lib, uning shimoliy hududi qisman Qozog`iston Respublikasini ham o’z ichiga oladi. Nurota tog` tizmalarining shimoliy etagida joylashgan ko’lning shimoliy qirg`oqlari sharqiy Qizilqumgacha tutashib ketgan. Maydoni 3 ming 702 kvadrat kilometr, uzunligi 350 kilometrdan ortiq, kengligi 40 kilometrga yetadigan ko’lning o’rtacha chuqurligi 10-12 metr, chuqur joylari 26-30, hatto 40 metrga ham boradi. Undagi suv hajmi respublikamizdagi barcha suv omborining suv hajmidan ikki barobar ko’p.
Ko’lda 2000-yilda 192 ming (37 tur) qushlar makon qilgan bo’lsa, hozirgi kunda suv o’tlari va baliqlar bilan oziqlanadigan 20 turdagi qushlar istiqomat qiladi. Har yili yanvar-mart oylarida Aydarko’l qirg`og`iga 400 ga yaqin qush turlari qishlov uchun uchib keladi.
9. Chordara qasri
Chordara qasri antik davri tarixiy yodgorligi hisoblanib, u Navoiy viloyati Konimex tumanida joylashgan. Bugungi kunda qasrning arka shaklidagi kirish qismlari va devorlari yaxshi saqlanib qolgan. Ushbu qasrning qurilishida paxsa va g`ishtdan foydalanilgan. Arxeologik izlanishlar natijasida qasr hududidan miloddan avvalgi V asrda ishlatilgan idishlarning namunalari topilgan.
10. Nurota chashmasi
Nurota suvining shifobaxshligi qadim zamonlardan buyon ma’lum bo’lgan. Chashma suvining shifobaxshligi olimlarimiz tomonidan aniqlangan. Akademik Z.K.Zokirivning ta’kidlashicha, Nurotaning dong`ini olamga taratib kelgan birinchi narsa uning qorako’li bo’lsa, ikkinchisi mana shu chashmasidir. Professor N.A.Kenisarin esa Nurota chashmasining suvi minerallarga boy ekanligini uqtiradi. Bahor oylarida ertalabki quyoshning shaffof nuri ta’sirida chashma uzra behisob serjilo nurlar paydo bo’ladi. Tabiiy nur ta’sirida suv yuzasiga ko’tarilgan baliqlar o’zining quvnoq raqsi bilan porlab turgan nurni yanada yog`dulantiradi. Chashma uzra tovlanayotgan nurni har kuni minglab odamlar hayrat bilan ko’rishadi va ushbu sir-sinoatning guvohi bo’lishadi.
10. Qizilqum barxanlari
O’zbekistonning tekislik qismidagi katta maydonni Qizilqum cho’lining markazi va g`arbi egallab yotibdi. Qizilqum O’rta Osiyoning katta cho’llaridan biri hisoblanib, Amudaryo va Sirdaryo oralig`ida joylashgan. Qizilqum cho’li janubi-sharkdan shimoli-g`arbga karab cho’zilib ketgan, bu yerlarning balandligi xam 300 metrdan 60 metrgacha pasayadi.
Qizilqumda yirik maydonlarni qum massivlari egallagan. Qum massivlarida qumlardan hosil bo’lgan turli rel’ef shakllar mavjud. Bularning ichida eng ko’p uchraydigani pushtasimon qum marzalari bo’lib, ularning balandligi 4—15 metrga yetadi. Bundan tashqari, Qizilqumda qumlardan xosil bo’lgan boshqa turli relef shakllari ham keng tarqalgan. Bular ichida eng xarakterlisi barxanlardir. Barxanlar Qizilqumning g`arbiy kismi — Amudaryoning o’ng kirg`og`i bo’ylab keng tarqalgan. Bu yerdagi barxanlarning balandligi 10 metrdan oshmaydi. Shu narsa xarakterli-ki, barxanlar ko’pincha aholi yashaydigan joylar yakinida va quduqlar atrofida uchraydi, chunki bu joylarda qum xarakatini to’xtatib qoladigan o’simliklar ko’p o’sib, qo’ylar va boshqa hayvonlar tuyog`i ostida doimo toptalib turadi. Qizilqumdagi barxanlar ko’pincha bir-biri bilan qo’shilishib, barxan zanjirlarini hosil qiladi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.