Samarqandga borish uchun 10 ta sabab 

20 750

1. Registon maydoni
 Samarqandga tashrif buyursangiz bu muazzam shaharning yuragi bo’lmish Registon maydoni va unda qad rostlagan uch madrasaning ko’rki, salobatidan hayratga tushasiz. Unda XV–XVII asrlarning arxitektura ansambli joylashgan bo’lib, uning markazi Ulug`bek madrasasi (1417–1420), Sherdor madrasasi (1619–1936) va Tillakori madrasasi (1646–1660) hisoblanadi. Bosh maydonda joylashgan ushbu uch madrasa ansambli shahar arxitekturasi va me’morchilik san’atining noyob durdonalaridan namunadir. Bu uch bino o’zining qaytarilmas dekoriga ega-toshlarga o’yib tushirilgan naqshlar devorlarni bezab turadi. 2001-yilda ansambl YuNESKOning Butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilgan.
 Mustaqillik yillarida respublikamizda ko’plab me’moriy obidalar qayta tiklandi. Ayol qiyofasini tiklagan Registon me’moriy majmuasi, Markaziy majmuasi Osiyodagi ko’zga ko’ringan islomiy obidalar orasida o’zining ulug`vorligi bilan alohida ajralib turadi. Olis o’tmish qa’ridan yetib kelib, kelajakka yuzlanib turgan Registon tom ma’noda ro’yi sayqalning bebaho gavhariga aylangan.
                                    "Registon Samarqand gavhari" videolavha
                                 
2. Xoja Doniyor maqbarasi
 Xoja Doniyor maqbarasi Samarqanddagi eng mo`tabar va mashhur ziyoratgohlardan hisoblanadi. Doniyor, Daniil, Daniyel – musulmon, nasroniy va yahudiy adabiyotlaridagi aziz-avliyoning nomidir.
  Rivoyatlarga ko’ra, Amir Temur o’zining (1397-1404 yillar) Kichik Osiyoga yetti yillik yurishi vaqtida Suza shahridagi avliyo Doniyorning tabarruk qo’nimgohidan bir qism xokini o’rnatilgan tartib-qoidalar talabini amalga oshirib, Samarqandga olib kelgan. Maqbarada dunyodagi eng uzun - 18 metrlik qabr mavjud. Maqbara binosi XX asr boshlarida qurilgan. Shunga qadar bu yerda Xoja Doniyorning qabri va masjid bo’lganligi haqidagi ma’lumotlar bor.  
3. Go’ri Amir maqbarasi
  Go’ri Amir maqbarasi – Samarqand shahrining janubi-sharqiy qismida joylashgan bo’lib, u Temuriylar oilasi qabristoni hisoblanadi. Guri Amirning qurilishi 1403-yil Amir Temurning sevikli nabirasi, uning valiahdi Muhammad Sultonning bevaqt o’limi bilan bog`liq. Sevimli nabirasi uchun Amir Temur ushbu maqbarani qurishga farmon beradi. Keyinchalik bu maqbara temuriylarning oilaviy qabristoniga aylanadi. Bu yerda Amir Temur, uning o’g`illari Shohrux va Mironshoh, nabiralari Ulug`bek va Muhammad Sulton, temuriylardan Abdullo Mirzo va Abduraxmon Mirzo, shuningdek, sohibqironning ustozi Mir Sayid Baraka va Sayid Umar ismli  shayxlarning qabrlari joylashgan. Maqbara sakkiz burchakli gumbaz asosida barpo etilgan. Xozirgi zamon mutaxassislarini ham bir muncha o’ychanlik bilan fikrlashga undaydi. Maqbaraning ichki tomonigna tilla suvi yuritilgan. Bezaklarda ishlatilgan kompozitsiyada Qur’oni Karim oyatlari islomiy, Xandasaviy naqshlar hamda arabiy hattotlik san’atining kaligrafik naqshlari bilan bitilgan.
               
4. Shohizinda ansambli
  "Samarqand marvaridi” degan nomga sazovor bo’lgan Shohizinda ansambli nafaqat tarixiy-me’morchilik yodgorligi, balki, mashhur allomalar, avliyolar malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir. Bu yerdagi har bir maqbara faqat o’zigagina xos bezaklar bilan qoplangan bo’lishiga qaramay ularning barchasi yaxlit bir kompozitsiyani, tugal bir me’morchilik asarini tashkil etadi. Shohizindaning yana bir qimmatli tomoni shundaki, bu yerda Samarqandning qariyib uch ming yillik tarixi mujassamdir. Negaki, Shohizinda ansambli joylashgan maydon Afrosiyobning janubiy hududlariga kiradi, agarda bu yer qazib ko’rilsa eramizdan oldingi VI-I asrga oid arxeologik materiallar topiladi. Tarixchilarning aniqlashlaricha, Shohizinda ansamblining shakllanishi eramizning XII asrlaridan boshlangan. 
  Shohizinda so’zining ma’nosi "tirik shoh” bo’lib, qariyib ming yildan buyon bu nom xalq o’rtasida yashab kelmoqda. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, tirik shoh-Muhammad payg`ambarimizning amakivachchasi Qusam ibn Abbosga berilgan unvondir. Samarqandlik tarixchi Abul Hakimiyning yozishicha, Qusam ibn Abbos payg`ambarimizning muborak yuzlarini ko’rgan oxirgi kishidir. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, Qusam ibn Abbos VIII asrlarda arab lashkarlari tarkibida Samarqandga kelgan va bu yerda dini islomni targ`ib qilish bilan mashg`ul bo’lgan. Bir kuni Qusam ibn Abbos namoz ibodati bilan mashg`ul bo’lib turganida kofirlar hujumiga uchragan va uzilgan boshini qo’liga olib g`or orqali yerning tagiga tushib ketgan.   
5. Bibixonim jome’ masjidi
 Bibixonim  jome’ masjidi (1399—1404) Amir Temurning katta xotini Bibixonim (asli Saroymulk xonim) nomi bilan bog`liq. Amir Temur farmoni bilan qurilgan. Masjidni qurgan usta va me’morlarning nomlari noma’lum. Masjid hovlisining sahni 63,8x76,0 m bo’lib, to’rt tomondan ravoq va peshtoqlar bilan o’ralgan. Uning umumiy sahni 167x109 m, burchaklarida baland minoralar bo’lgan. Zilzilalar ta’sirida asta-sekin yemirilib vayron bo’lgan, faqat shimoli-g`arbiy minoraning pastki qismigina saqlanib qolgan, balandligi 18,2 m. Poydevori harsang toshdan, devorlari pishiq g`ishtdan ishlangan (qalinligi 4,5 m).  

6. Siyob bozori

  Samarqandga kelgan mehmon, sayyoh borki, shahardagi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish bilan birga, albatta, Sharqning o’ziga xos savdo majmuasi sifatida nom qozongan Siyob dehqon bozorida ham bo’ladi. Zero, xalqimiz turmush tarzi va savdo madaniyati, zaminimizda yetishtirilgan turli noz-ne’matlar haqida yorqin tasavvur uyg`otuvchi ushbu qadimiy bozor shuhrati butun dunyoga taralgan. Siyob bozori Samarqanddagi eng katta va qadimiy bozorlardan  biridir. Bozor 600 yillik tarixga ega. Siyob bozroi maydoni 7 gektarni tashkil qiladi.  
7. Samarqand oshi
  Osh-o’zbek milliy taomlari orasida eng mashhur taomlardan biri sanaladi. U barcha viloyatlarda turli xil tayyorlanadi. Samarqand oshi eng mashhur variantlardan biri hisoblanadi. Samarqandcha oshning guruchi avval tovoqqa (lagan) gumbaz qilib solinadi. Ustidan sabzi, eng tepasidan go’sht qo’yiladi. Shuning uchun oshni dasturxonga qo’yishganida, hozirgina tayyor bo’lgani darrov seziladi. Boshqa viloyatlarning oshi aralashtirilgani uchun, buni bilish biroz qiyin. Viloyatning ba’zi hududlarida esa tovoqning bir tomoniga guruch, ikkinchi tomoniga sabzi va go’shtni solishadi.  

8. Samarqand noni

  Darhaqiqat, Samarqand noni butun dunyo ahlini lol qoldirgan. Rivoyatlarda aytilishicha, bir podshoh samarqandlik novvoyni yurtiga chorlabdi. Tuz, suv va hatto, tandirni ham Samarqanddan opkeltirib, novvoyga non pishirishni buyuribdi, lekin non Samarqanddagidek chiqmagan ekan. Bu nonda ko’p sir-sinoat mujassam, deyishadi. Uni nafaqat boshqa mamlakatda, balki qo’shni viloyatlarimizda ham pishira olishmaydi. Buning sababi Samarqandning o’ziga xos iqlimidir.Ushbu nonning birgina to’g`ramini tatib ko’rish maqsadida butun dunyodan shaharga kelayotganlar bisyor. Samarqand noni shifobaxshligi, o’zgacha mazasi, bir burdasi ham to’yimli ekani bilan azaldan dovrug` qozonib kelmoqda.
                                   Samarqand noni haqida videolavha

9. Samarqand qog`ozi
  O’rta asrlarda Samarqandda qog`oz ishlab chiqarish nihoyatda yuksak darjada bo’lgan. Samarqand qog`ozlari pishiqligi, sifati va ko’zni toldirmas rangda bo’lgani sabab dunyodagi eng mashhur qog`oz sanalgan. Xuroson, Hindiston va Arab mamlakatlari bozorlarida Samarqand qog`oziga alohida talab va ehtiyoj bo’lgan. Ota yurti Samarqand ta’rifini keltirganida Bobur bu haqda faxr bilan shunday yozadi: "Olamda yaxshi kog`az Samarqanddin chiqar, Juvozi kog`azlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar”. "Boburnoma”dagi mana shu qisqacha ta’rif qog`oz vatani Xitoy mahsulotlaridan ham Samarqand qog`ozining mashhurligi va sifatining yuqoriligi sababi tegirmonga quyiladigan qora suv tufayli ekanini isbotlab bergan.
Keyinchalik asrlar davomida to’xtab qolgan qog`oz ishlab chiqarish jarayoni, mustaqillikdan so’ng samarqandlik tadbirkorlar tomonidan yana yo’lga qo’yildi. 
  Olis o`tmishda Samarqandda ishlab chiqarilgan va butun dunyoda o`z sifati bilan shuhrat qozongan qog`ozlar tarixi haqidagi hikoya qilinuvchi videolavhani tomosha qiling!

10. Shayton tog`i
  Shayton tog`i Samarqanddan 40 kilometr narida joylashgan. Bu yerning toshli yerlarida daraxt o’smaydi. Bir necha ming yillik harsang toshlar turli hayvon, qushlar tasvirida bo’lib, ular shayton qiyofasidagi toshlar degan tasavvur uyg`otadi. Keksalarning aytishicha, bu yerda qachonlardir sehrgar, butparastlar yig`ilishib, qurbonlik qilishgan. 
uz24.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.