Tabiat komplekslari tavsifi. O‘zbekistonning tabiiy geografik okruglari 

19 552

O‘zbekiston hududi tabiiy geografik tuzilishi jihatidan bir xil emas. Agar respublikamizning shimoli-g‘arbiy, g‘arbiy qismi tekislikdan iborat bo‘lsa, aksincha, sharqiy va janubi-sharqiy qismi tog‘lardan, ular orasidagi vodiylar (botiqlar)dan iborat.

Respublikaning tekislik va tog‘li qismi faqat geologic tuzilishi va relyefi jihatidan emas, balki hozirgi zamon tabiiy geografik xususiyatlari jihatidan ham bir-biridan farqlanadi. Tog‘larda denudatsiya va eroziya jarayoni kuchli bo‘lib, nuragan jinslar tekislik qismida to‘planadi. Tekislik qismi esa uzoq vaqt dengiz tagida qolib qalin cho‘kindi jinslar bilan qoplangan. Tog‘li qismi esa, asosan, paleozoy va mezozoy jinslaridan tarkib topib, gersin va so‘nggi tektonik jarayonlar ta’sirida ko‘tarilib qolgan. O‘zbekistonning tekislik qismi iqlimi qurg‘oqchil bo‘lib, yozi juda isib ketsa, tog‘oldi va tog‘larda harorat nisbatan salqin bo‘lib, yog‘in ortib boradi. Natijada, tuproq va o‘simlik jihatidan ham bir-biridan farqlanadi. Ana shuning uchun O‘zbekiston hududining tekislik qismi bilan tog‘oldi va tog‘ qismi orasidagi tafovutlarni hisobga olib, uni quyidagi ikki qismga — tekislik qismi hamda tog‘oldi va tog‘ qismiga bo‘lamiz.

Tekislik qismi respublikamizning shimoli-g‘arbiy va g‘arbiy hududlarini o‘z ichiga oladi. Tekislik qismining yer yuzasi okean sathidan taxminan 100-250 metr baland bo‘lib, O‘zbekistonning eng qurg‘oqchil qismidir. Tekislik, asosan, cho‘llardan iborat bo‘lib, unda shu sharoitga moslashgan o‘simlik va hayvonot dunyosi mavjud.

Tog‘oldi va tog‘ qismi O‘zbekiston hududining janubi-sharqiy va sharqiy qismlari (adirlar, tog‘oldilari, tog‘lar, tog‘ oraliqlaridagi vodiylar)ni o‘z ichiga oladi. Tog‘oldi va tog‘ qismi tabiat unsurlari (geologik tuzilishi, yer yuzasi, iqlimi, suvlari, tuproq-o‘simlik qoplami, hayvonot dunyosi) tekislikdan tog‘ga tomon o‘zgarib boradi va balandlik mintaqalanishi vujudga keladi. O‘zbekistonning tekislik qismi ham, tog‘oldi va tog‘li qismi ham tabiiy sharoiti jihatidan farqlanuvchi yirik tabiiy hududiy kompleks — okruglarga bo‘linadi.

O‘zbekiston hududini tabiiy geografik okruglarga ajratishning ular orasidagi tafovutlarni ilmiy jihatdan bilib olishdan tashqari, amaliy ahamiyati ham bor. Chunki tabiiy boyliklardan oqilona foydalanib, ularni muhofaza qilish, xalq xo‘jaligi tarmoqlarini ixtisoslashtirish, eng avvalo, har bir okrug tabiati ichidagi tafovutlarni puxta bilishni taqozo etadi.

O‘zbekistonning tekislik qismi 5 ta tabiiy geografik okrugga bo‘linadi: 1) Ustyurt, 2) Quyi Amudaryo, 3) Qizilqum, 4) Quyi Zarafshon, 5) Orol.

O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li qismi esa 6 ta tabiiy geografik okrugga bo‘linadi: 1) Surxondaryo, 2) Qashqadaryo, 3) O‘rta Zarafshon, 4) Mirzacho‘l, 5) Chirchiq-Ohangaron, 6) Farg‘ona.

Mazkur tabiiy geografik okruglar yuqorida qayd qilinganidek ayni vaqtda tabiiy hududiy komplekslardan iborat bo‘lib, ular kompleks tabiiy sharoiti (yer yuzasining tuzilishi, iqlimi, suvlari, tuproq-o‘simlik qoplami va boshq.)ga ko‘ra bir-biridan keskin farq qiladi.

Masalan, Chirchiq-Ohangaron tabiiy geografik okrugi O‘zbekistonning shimoli sharqida, Sirdaryo bilan G‘arbiy Tyanshan tog‘lari orasida joylashgan. Yer yuzasi Sirdaryo sohillaridan shimoli sharq tomon balandlashib borib, G‘arbiy Tyanshan tog‘ tizimiga tutashib ketadi. Hudud, asosan, gersin tog‘ hosil bo‘lish jarayonida ko‘tarilib, so‘nggi tektonik jarayonlar ta’sirida turli katta-kichik yo‘nalishdagi yer yoriqlari vujudga kelgan. Bulardan tashqari, hozir ham davom etayotgan yangi tektonik harakatlar ta’sirida pasaygan yuza turli balandliklarga ko‘tarilgan, ba’zi yerlari cho‘kkan, natijada biz hozir ko‘rib turgan okrugdagi tog‘ tizmalari (Chatqol, Piskom, Qorjontov, Qurama tog‘i va boshq.) va ular orasida joylashgan botiqlar (Chirchiq va Ohangaron vodiylari) paydo bo‘lgan. Bu okrugda yangi tektonik jarayon hozir ham davom etayotganligi tufayli zilzilalar bo‘lib turadi. Iqlimi ham tog‘ tomon o‘zgarib, iyulning o‘rtacha harorati +26 +27°C, yanvarniki esa –2 –14°C atrofida bo‘ladi. Yillik yog‘in miqdori 300–550 mm, G‘arbiy Tyanshan tog‘larida 800—900 mm atrofida bo‘ladi. Okrugdan Sirdaryoning o‘ng irmoqlari —Chirchiq, Ohangaron daryolari oqib o‘tadi. Tuproq-o‘simlik qoplami jihatidan balandlik mintaqalanish qonuniyatiga ega bo‘lib, o‘z ichiga adir, tog‘ va yaylov mintaqalarini oladi. 

O‘zbekistonning eng shimoli g‘arbida joylashgan Ustyurt okrugining yer yuzasi dengiz sathidan 100–250 m balandlikdagi platodan iborat. Platoning yerusti tuzilishi bir xil bo‘lmasdan, kichik balandliklardan, ular orasidagi botiqlardan iborat bo‘lib, atroflicha tikka jarliklar (chinklar) hosil qilib tushadi. Ustyurt okrugi O‘zbekistonning shimoli g‘arbida joylashib, atrofi ochiq bo‘lganligi tufayli sovuq havo oqimi to‘siqsiz kirib keladi. Natijada, yanvarning o‘rtacha harorati –10 –11°C ga tushib, ba’zan eng past harorat –38°C ga tushadi. Yozi issiq, quruq, davomli bo‘lib, eng yuqori harorat +44°C ga yetadi. Okrug tiрik cho‘l landshafti bilan tavsiflanadi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.