Ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanish 

47 472

O’zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti I.A.Karimovning "O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari" nomli asarida "Eng murakkab savollardan biri shuki, bizdagi barqarorlik va xavfsizlik yo’lida tahdid bo’lib turgan muammolarni anglab yetayapmizmi? Xavfsizlikka tahdid solib turgan muammolarga nimani qarshi qo’ya olamiz? Biz istiqomat qilayotgan mintaqada jo’g’rofiy-siyosiy muvozanat saqlanishiga nimalar kafolat bo’la oladi? Xavfsizlikni qanday saqlab qolish mumkin?” degan savollar qo’yilgan.
 Xavfsizlik nima? L.Yu.Xotunsevning fikricha- alohida shaxs, jamiyat va tabiat obyektlarini kuchli darajadagi xavf-xatardan himoyalanganlik darajasi bo’lib, uning asosiy mezoni kelajakda yoki hozirda sodir bo’luvchi tabiiy yoki ijtimoiy xatardan qarshi chiquvchi qo’rquv hissidir. Lekin bugungi kunda xavfsizlik keng ma’noli tushuncha bo’lib. Birinchidan, u nafaqat inson, jamiyat va davlat, balki tabiat va uning elementlari nuqatayi nazardan ham qaralishi mumkin. Chunki ekologiya nafaqat insonlar, balki barcha tirik organizmlar o’rtasidagi va ularni atrof muhit bilan bo’lgan munosabatlarini o’rganadi. Ikkinchidan, xavfsizlik nafaqat texnogen yoki tabiiy favqulotda holatlar va jarayonlardan organizmlarning saqlanganlik darajasi, balki u ko’zga ko’rinmas hamda bilvosita ta’sir etuvchi hodisalar orqali ham vujudga kelishi mumkin. Masalan, issiqxona samarasi tufayli iqlimning sekin isib borishi va uni natijasida cho’llashish jarayonini yuzaga kelishi. Oqibatda cho’llangan yerlarda o’simlik va hayvonot dunyosining tur va xillari kamayishi, ya’ni biologik xilma-xillikning degradatsiyalashuvi va insoniyat uchun noqulay ekologik sharoitlarni yuzaga kelishi. Ha, bu eko xavfga kiradi, lekin u ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy-ma’rifiy ta’sirga ham ega bo’lishi mumkin. Shuning uchun ,,xavfsizlik” tushunchasi ma’lum bir fanga yoki tarmoqqa tegishli emas.
Ekologik xavfsizlik tushunchasini turlicha ta’riflaydilar. Masalan, N.F.Reymers ekologik xavfsizlikka 2 xil yondashgan: 1) tabiat obyektlar, alohida inson uchun zarar olib kelmaydigan faoliyatlar  2) yer shari va turli mintaqalarda insoniyatni tabiiy-texnogen tayyorgarligi darajasida eko muvozanatni ta’minlovchi faoliyatlar.
 Ekologik xavfsizlik- organizmlar va ularning yashash muhitini tabiiy va antropogen omillar ta’siri tufayli turli miqyosida va tezlikda yuzaga keluvchi salbiy holatlardan saqlanganlik darajasi. Mazkur ta’rifda ham ekologiyaga, ham xavfsizlikka oid iboralar bilan ifodalangan.
 Barqaror rivojlanish- shaxs va jamiyat hayotini tashkil etishning yangi modeli. Barqaror rivojlanishning zamonaviy konsepsiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan samarali foydalanishni ijtimoiy va iqtisodiy muammolar bilan birga hal etishga chaqiradi. Mahalliy, milliy, mintaqaviy va global boshqaruvni nazarda tutadi. YUNESKO tashkilotining sobiq bosh kotibi F.Mayor fikricha, "Kishilar va tabiat o’rtasidagi iqtisodiy munosabat shakli ekologik beqarorlikni keltirib chiqaradi, bu esa o’z navbatida barqaror bo’lmagan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga olib keladi". 
  XX asrning 50-yillaridan boshlab ekologik muammolar o’z kuchini ko’rsata boshladi. Insoniyat o’zining nisbatan qisqa (5 mln. yillik) tarixiy bosqichi davomida yer yuzidagi o’rmonlarning 2/3 qismini kesib, 6 mlrd. ga unumdor tuproqlarni qishloq xo’jalik fondidan chiqarib, 70% dan ortiq suv manbalarini ifloslantirib, atmosfera havosiga is gazi miqdorini 20 mln. tonnagacha oshirib, ozon tuynugini AQSH mamlakati yer maydoniga teng holda ochgan edi. Insoniyat rivojlanib borayotgan bir paytda bunday ayanchli holatlar tushunarsiz edi va shu maqsadda ,,Rim klubi” tuzildi. Bu klub rejalari o’zini uncha oqlamagani 1972-yil 5-iyunda Shvetsiya poytaxti Stokgolmda ,,Atrof-muhitni muhofaza qilish” konferensiyasi chaqirilishiga sabab bo’ldi. Unda 5ta muhim qaror va hujjat qabul qilindi:
  • ,,Stokgolm deklaratsiyasi” da atrof-muhitni milliy, regional va xalqaro miqyosida muhofaza qilishning 26 prinsipi ko’rsatildi.
  • ,,Tadbirlar rejasi” 109 banddan iborat bo’lib, unda davlat va xalqaro hamjamiyat o’rtasida atrof-muhit muhofazasining tashkiliy, siyosiy, iqtisodiy masalalariga e’tibor berilgan.
  • Stokgolm konferensiyasi tavsiyasiga ko’ra BMTning Bosh Assambleyasi  Xalqaro atrof-muhitni muhaofaza qilish dasturi- YUNEP ni tuzdi, uning qarorgohi Keniya poytaxti Nayrobida joylashgan.
  • Konferensiyaning ochilish kuni (5-iyun) har yili Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida nishonlanadigan bo’ldi.
  • Konferensiya qarori bilan Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish jamg’armasi tuzildi.
  1975-yil Xelsinkida 35 ta Yevropa davlatlari va AQSH, Kanada ishtirokida o’tgan Yevropa xavfsizlik va hamkorlik Kengashi (OBCE) da "Yakunlovchi hujjat” qabul qilindi. Mazkur hujjatda butunjahon bo’yicha ekologik xavfsizlikni ta’minlash ham milliy, ham global miqyosidagi masala qilib ko’rsatilgan.
Dunyo hamjamiyatining yangi barqaror rivojlanish konsepsiyasi birinchi marta 1987-yil BMTning Butunjahon atrof-muhit va rivojlanish bo’yicha Komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Mazkur komissiya o’zining  GRO HARLEM BRUNDTLAND ma’ruzasi nomini olgan ,,Bizning umumiy kelajagimiz” ma’ruzasida barqaror rivojlanish konsepsiyasi modeli yaratildi.
  Bosh Assambleyaning 1989-yil dekabrdagi 44/428-sonli rezolutsiyasida barqaror rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish maqsadida BMTning maxsus konferensiyasini chiqarish to’g’risida qaror qabul qilindi.
  Barqaror rivojlanish konsepsiyasi-bir me’yorda rivojlangan davlatlar va butun jahon hamjamiyatining xususiyat, mohiyat va tarkibiy qarashlar tizimidir. Ekologik muammolar biror davlat faoliyatiga bevosita bog’liq emasligini Orol va Orolbo’yi muammosi misolida ko’rish mumkin. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov BMTning 48, 50,55-sessiyalarida ushbu muammo nafaqat O’rta Osiyo davlatlarinig, balki butun dunyo hamjamiyatining muammosi ekanligini aytgandi, chunki Orol muammosi dunyo ekologik holatini yanada keskinlashtirishi mumkin. BMTning Rio-de-Janeyrodagi konferensiyasida qabul qilingan "Atrof-muhit muhofazasi va rivojlanishiga doir deklaratsiya"da - "Inson haqida g’amxo’rlik- barqaror rivojlanish faoliyatini ta’minlashning markaziy bo’g’inidir. Odamlar sog’lom yashash va tabiat bilan uyg’unlashish orqali unumli mehnat qilish huquqiga egadirlar", - deb aytilgan edi.
Yangi barqaror rivojlanish konsepsiyasida inson va tabiatning uyg’unlikda rivojlanishi uchun quyidagi asosiy qoidalar nazarda tutilgan:
► davlatlarning tabiiy resurslardan foydalanishdagi suveren huquqi boshqa davlatlar atrof-muhitiga zarar qilmasligi kerak.
► davlatlar yoki alohida transcontinental kompaniyalarning rivojlanish huquqi hozirgi va kelajak avlodning atrof-muhit muhofazasi sohasidagi ehtiyojlarini adekvat darajada qondirishi kerak.
► barqaror rivojlanishda atrof-muhit muhofazasi taraqqiyot jarayonining bir qismi hisoblanadi va undan ajralgan holda muhokama qilinmasligi kerak.
► rivojlanayotgan va o’tish davri iqtisodiyotida turgan davlatlarda ekologik muammolarni birlamchi masalalar turkumiga kiritish lozim, shu uchun ham ularda tabiiy resurslarni konservatsiya qiluvchi (saqlovchi) xo’jalik tarmoqlarini rivojlantirish kerak.
►  har bir davlat atrof-muhit holati uchun javobgar.
► tabiiy xomashyolarni qazib olish, ishlab chiqarish va qayta ishlash ilmiy jihatdan asoslangan bo’lishi va bu jarayonda ilg’or texnologiyalardan foydalanish kerak.
 
 Barqaror rivojlanish konsepsiyasi yuqorida keltirilgan atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan prinsiplarni amalga oshirish tufayli, xalqaro hamjamiyatning hamkorligiga va bir maromda rivojlanishiga xizmat qiladi.
  Xulosa qilib aytganda, barqaror rivojlanish – kelajak avlod ulushini saqlagan holda hozirgi zamon kishisini ekologik xavfsiz, iqtisodiy ta’minlangan va ijtimoiy muhofazalangan munosib hayot tarizini ta’minovchi jarayon hisoblanadi.
Normurod LATIPOV 
                                      Navoviy davlat pedagogika instituti
tabiiy fanlar fakulteti Geografiya o`qitish metodikasi yo’nalishi
                                                         2-A guruh talabasi

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.