Mutaxassislar: Dunyodagi har oltinchi barvaqt o'lim ekologiya ifloslanishi sababli yuz bergan 

3 002

Dunyodagi har oltinchi barvaqt o'lim ekologiya ifloslanishi sababli yuz bergan. 2015-yilda ekologiya ifloslanishidan kelib chiqqan kasalliklardan 9 mln kishi vafot etgan. Bu esa OITS, sil va bezgak kasalliklaridan vafot etganlar umumiy sonidan 3 marta hamda urush, zo'ravonlikning boshqa shakllaridan vafot etganlar umumiy sonidan 15 marta ko'proqdir. Bu haqda bir qator xalqaro va nohukumat tashkilotlari o'tkazgan tadqiqot natijalariga iqtibos keltirgan holda The Lancet ilmiy jurnali ma`lum qildi.

Inson salomatligi uchun havoning ayniqsa sanoat va avtomobil gazlari, uylar ichida esa isitish yoki taom tayyorlashda o'tin yoki ko'mirning yoqilishi oqibatida hosil bo'ladigan zararli moddalar jiddiy oqibatlarga ega. Tadqiqot ma`lumotlariga ko'ra, havoning ifloslanishi 2015-yilda 6,5 mln kishining barvaqt o'limiga sabab bo'lgan. Bu odamlar yurak kasalliklari, insult, o'pka saratoni va o'pka kasalliklari sababli vafot etishgan.

Suvning ifloslanishidan esa 1,8 mln kishi, ish joylarida kanserogen va zaharli moddalar mavjudligi sababli 800 ming kishi vafot etgan.

Ekologiya ifloslanishi sababli barvaqt o'limlarning eng ko'p soni (92 foizi) past va o'rtacha daromadli davlatlar hisobiga to'g'ri kelgan. Xitoy, Hindiston, Pokiston va Keniya kabi sanoati jadal rivojlanayotgan davlatlarda tabiatning ifloslanishidan har 4 kishining biri barvaqt hayotdan ko'z yumgan.
Manba: kun.uz

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.