Mirali Mirakmalov 

6 683

MEHNATLAR BESAMAR KETMAYDI 
 Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti geologiya va geografiya fakultetining jonkuyar, fidoiy, talabchan, mehnatsevar va shu bilan birgalikda mohir pedagoglaridan biri Mirali Turonboyevich Mirakmalovdir. Ustoz nafaqat fidoiy olim, balki komillik fazilatlari mujassam bo’lgan samimiy inson hamdir. Tabiatan og`ir-bosiq, oqko’ngil, geografiya ilmini behad sevuvchi pedagog 1970-yilda Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi So’qoq qishlog`ida tug`ilgan. 1988-yilda o’rta maktabni "a’lo” baholarga tugatib, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O’zMU) ning geografiya fakultetiga o’z hujjatlarini topshiradi. Qabul komissiyasining yakuniy xulosalaridan so’ng ustoz mazkur fakultet talabasiga aylanadi. Mirali Mirakmalov "mening geograf bo`lishimga qaysidir bir ma’noda rahmatli olim, dotsent Asomutdin Zaynutdinov (oxiratlari obod bo’lsin) sababchilar, chunki ko’rinishidan qattiqqo’l va talabchan, ammo juda samimiy va mehribon (buni keyin bildim) bu inson men haqimda iliq fikr bildirib, "shu yigitni talabalar safiga qabul qilish kerak” degan edilar”, deb eslaydi. 1992-yilda universitetni imtiyozli diplom bilan tugatgan. M.Mirakmalov 1995-yilga qadar aspiranturada o’qishini davom ettirdi.
  Ustoz 1996-yilda O’zMU tabiiy geografiya kafedrasi katta laboranti, 1996-1998-yillarda esa geografiya o’qitish metodikasi kafedrasi o’qituvchisi lavozimlarida ishlagan. 1998-yilda "Tabiiy geografik terminlarning shakllanishida xalq atamalarining o’rni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. M.Mirakmalov 1998-2003-yillarda fakultet o’quv ishlari buyicha dekan muovini, 2003-2004-yillarda geografiya o’qitish metodikasi kafedrasi katta o’qituvchisi, 2004-2005-yillarda tabiiy geografiya va geografiya ta’limi metodikasi kafedrasi dotsenti, 2005-2014-yillarda shu kafedra mudiri lavozimlarida mehnat qildi. Ustoz 2014-yildan hozirgi kunga kadar geografiya kafedrasining katta ilmiy xodim-izlanuvchisi sifatida doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
 Mirali Mirakmalov talabalarga "Umumiy Yer bilimi”, "Toponimika”, "Geografik o’lkashunoslik” fanlaridan ma’ruzalar o’qiydi va amaliy mashg`ulotlarni o’tkazadi. Shuningdek, talabalarning umumiy tabiiy geografik o’quv-dala amaliyotiga rahbarlik qilish bilan birga kafedraning o’quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy ishlarida faol ishtirok etadi. Ustoz faoliyat yuritayotgan kafedra a’zolari ikkita umumiy mavzu – "Umumiy ta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari hamda oliy ta’lim muassasalari uchun dasturlar, darsliklar va o’kuv qo’llanmalar yaratish” xamda "Inson va tabiat munosabatlarining geografik asoslari” nomli mavzularda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boradilar. Mirali Mirakmalov talabalarga geografiya fanidan bilim beribgina qolmay, umumta’lim maktablarining 2-, 5- va 7-sinf o’quvchilari uchun Xalq ta’limi vazirligi tomonidan nashrga tayyorlanib, chop etib kelinayotgan "Tabiatshunoslik” va "Geografiya” darsliklariga o’zining teran fikrlari bilan ilmiy yondoshib, taqriz va xulosalar berib kelmoqda.
  Ustoz olim Mirali Mirakmalovning ilmiy faoliyati asosan geografik terminologiya, toponimika, geografik lingvistika yunalishlari bilan bogliq. Domlaning jami 100 ga yaqin ilmiy ishlari e’lon qilingan bo’lib, shulardan 1 ta darslik, 1 ta monografiya, 5 ta o’quv qo’llanma, 2 ta uslubiy qo’llanma, 1 ta tajribaviy dastur ta’lim jarayonida keng foydalanilmokda. Ular orasida "Tabiiy geografik o’quv-dala amaliyoti” (2003, mualliflar guruhi), "Geografiya (umumta’lim maktablarining 6-sinfi uchun darslik)” (2013, hammualliflar A.Soatov, A.Abdulqosimov), "Geografiya (umumta’lim maktablarining 6-sinf o’qituvchilari uchun metodik qo’llanma)” (2014, hammualliflar A.Soatov, R.Qurbonniyozov, E.Nazaraliyeva), "Quyosh, Oy va yulduzlar” (2005), "Toponimika va geografik terminshunoslik” (2005, hammuallif P.G`ulomov), "Geografiyada toponimika” (2008), "Xalq tabiiy geografik terminlari” (2009), "Tabiiy geografiyadan amaliy mashg’ulotlar” (2015, hammualliflar M.Avezov, E.Nazaraliyeva) kabilar alohida ahamiyatga ega.
 Ustozning 2014-yilda qayta nashr etilgan A.Soatov va A.Abdulkosimovlar bilan hammualliflikdagi 6-sinf o’quvchilari uchun tayyorlangan "Geografiya” darsligi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o’tkazilgan "Yilning eng yaxshi darsligi va o’quv adabiyoti muallifi” ko`rik-tanlovida rag`batlantiruvchi mukofot bilan taqdirlandi.
  Mirali Mirakmalov Respublika Ta’lim markazi huzuridagi geografiya fani bo`yicha ilmiy metodik kengash a’zosi. Domla universitetda dars berish bilan birga 2003-yildan Toshkent viloyati pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tabiiy va aniq fanlar kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.
 Ustoz talabalarning darsdan bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazish maqsadida "Geograf-o’lkashunos” to’garagini tashkil kilganlar. Mazkur to’garakda, fan fidoiylari va olimlar, ekpeditsiyalar ishtirokchilari bilan uchrashuvlar, "mutaxassis tashrifi”, turli mavzulardagi bahs-munozarali suhbatlar, sayohatlar uyushtiriladi. Shuningdek, mohir pedagog umumta’lim maktablarida o’tkazib kelinayotgan "Geografiya fan oyligi” tadbirlarida fakultetga tashrif buyurgan o’quvchilarga dunyodagi eng yirik globuslardan biri – Toshkent globusi (bu globusni H.Hasanov globusi deb ham atashadi) to’g`risida ma’lumotlar berish bilan birga ularni qiziqtirgan savollarga javob berib, o’quvchilarda o’z o’lkasiga bo’lgan mehr-muhabbat tuyg`ularini shakllantirish hamda ularning fanga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirishda o’z hissasini qo’shib kelmoqda.
 Mirali Turonboyevich Mirakmalov 1-oktyabr – "O’qituvchilar va murabbiylar kuni” arafasida Xalq ta’limi vazirligining tarmoq mukofoti – "O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko’krak-nishoni bilan mukofotlandi. Bu shubhasiz ustozning fan sohasidagi xizmatlari va doimiy izlanishlari natijasidir. Biz ham Mirali Mirakmalovni mazkur mukofot bilan qutlab, mustahkam sog`liq, oilaviy baxt, ilmiy ishlarida esa ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. 
Esongul NAZARALIYEVA,
Respublika ta’lim markazi geografiya fani bosh metodisti,
Muhriddin AVEZOV,
O’zMU geografiya kafedrasi qoshida tashkil etilgan 
"Geograf-o’lkashunos” to’garagi sardori.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.