Yuklanmoqda...

Quyosh, Oy va yulduzlar 

5827

 Quyosh, oy va yulduzlar
Quyosh
 Quyosh – Yerga eng yaqin bo‘lgan qizib yotgan yulduz – olov shardir. U Quyosh sistemasining o‘rtasida joylashgan. Quyosh – Yerdagi yorug‘lik va issiqlik manbai. Uning atrofida 8 ta sayyora aylanib turadi. Bular - Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun, Pluton sayyoralaridir.

  Sayyoralarning yulduzlardan farqi shuki, ular nur sochmaydi, Quyoshdan tushgan nurni qaytaradi, xolos. Olimlar murakkab asboblar, har xil teleskoplar yordamida sayyoralar va ularning yo‘ldoshlari asosan bir xil moddalardan tuzilganini aniqlashgan. Ular ham Yerda uchraydigan moddalardan tuzilgan ekan. Sayyoralarning yulduzlardan yana bir farqi shuki, ular koinotdagi o‘z o‘rinlarini o‘zgartirib turadilar. 

Oy
 Oy – Yerning tabiiy yo‘ldoshi, Oy o‘zidan nur sochmaydi, Quyoshdan tushgan nurni qaytaradi. Oy Yer atrofini deyarli bir oyda bir marta aylanib chiqadi. Yer, Quyosh va Oyning osmonda bir-biriga nisbatan joylashgan o‘rniga qarab u bizga har xil ko‘rinadi. Bizga Oyning Quyosh nuri bilan yoritilgan qismigina ko‘rinadi.
 Agar diqqat bilan qarasangiz yangi Oy o‘roq shaklida bo‘ladi. Endi eslab qoling: yangi Oy kechqurun Quyosh botganda g‘arb tomonda ko‘rinadi, eski, tugayotgan Oy esa erta tongda Quyosh chiqmasdan sharq tomonda ko‘zga tashlanadi. Agar Oy doira shaklida bo‘lsa, to‘lin Oy deyiladi. Oyning 14-15-kunlari to‘lin Oy bo‘ladi. Oy tutilishi to‘lin Oy kunlariga to‘g‘ri keladi. Oy, Yer, Quyosh osmonda bir chiziqqa to‘g‘ri kelib qolganda Oy tutiladi.

 
 Quyosh va Oyning Yerni tortishi natijasida dengiz hamda okeanlarda davriy ravishdasuv qalqishi, ya'ni suvning ko‘tarilib, pasayishi ro‘y beradi. Suvning ko‘tarilib qaytishi Quyosh tortishiga nisbatan Oy tortganda ikki baravar kuchli bo‘ladi.
 Odamlar osmon jismlarini kuzatish natijasida Oy va Quyosh taqvimlarini tuzishni, quruqlik va okeanlarda turgan joylarini aniqlashni, Yerning kattaligi va shaklini belgilashni o‘rganib olishgan. 
 Yulduzlar 
 Tunda osmonga qarasangiz, juda ko‘plab yulduzlar tartibsiz sochilib yotganga o‘xshaydi. Aslida ular osmonda tartibsiz sochilib yotmaydi. Hozirgi vaqtda olimlarrasadxona (observatoriya)larda yulduzlarning kattaligi, harorati, kimyoviy tarkibi va harakatlarini shuningdek, o‘zaro joylashgan o‘rinlarini ham o‘rganishmoqda.
 Yulduzlar nihoyatda qizib yotgan, Yerdan juda uzoqda joylashgan osmon yoritgichlaridir. Ularni odamlar qadimdan guruhlarga ajratishgan va har bir guruhga nom berishgan. Bular yulduz turkumlari deb ataladi. Masalan, Tarozu, Chayon, Mezon va boshqalar.
  Siz Katta Ayiq yulduzlar turkumini bilsangiz kerak. Ularni xayolan chiziq bilan tutashtirsangiz darhaqiqat, cho‘michga o‘xshaydi. Cho‘mich bandidagi ikkinchi yulduz yonida kichik yulduzcha bor. Qadimda jangchilarning ko‘zi o‘tkirligini shu yulduzni ko‘ra olishiga qarab aniqlashgan. Bizga ko‘rinib turadigan ancha yorug‘ yulduzlardan biri Oltin Qoziq (qutb) yulduzidir. Bu yulduz hamma vaqt ham osmonda bir joyda – Shimoliy qutb ustida turadi.
   Oltin Qoziq (qutb) yulduzini osongina topsa bo‘ladi. Buning uchun Katta Ayiq yulduzlar turkumi – cho‘michning chekkadagi ikkita yulduz oralig‘idagi masofani besh marta qo‘yib chiqilsa, Oltin Qoziq yulduziga boradi. 
Yulduzga qarab oriyentirlash.
  Oltin Qoziq yulduziga qarab shimolga, demak, boshqa tomonlarga bo‘ lgan yo‘nalishni ham aniqlash mumkin. Agar old tomoningiz bilan shimolga qarab tursangiz, o‘ng tomoningiz sharq, chap tomoningiz g‘arb, orqa tomoningiz janub bo‘ladi. O‘zi turgan joyni ufq tomonlariga nisbatan aniqlash oriyentirlash deyiladi.
 Shimol, janub, sharq, g‘arb ufqning asosiy tomonlari, shimoli-sharq, shimoli-g‘arb, janubi-sharq va janubi-q‘arb ufqning oraliq tomonlaridir.

MAVZUGA ALOQADOR VIDEOLAVHA

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash