Yuklanmoqda...

Litosfera


 Litosfera – Yerning qattiq qobig‘i. Yunoncha litos – tosh, sphaira – shar, ya'ni toshqobiq degan ma'noni anglatadi. Litosferaga Yer po‘sti va mantiyaning yuqori qismi kiradi. Yer po‘sti uch qavat tog‘ jinslaridan iborat.
Cho‘kindi jinslar.
 Birinchi qavatda asosan cho‘kindi jinslar bo‘ladi. Ular – quruqlikda va suvda jinslarning cho‘kib, o‘tirib qolishidan hosil bo‘ladi. Ular gil, ohaktosh, qum, qumtosh, bo‘r jinslari bo‘lib, qatlam-qatlam holda yotadi. Bu qatlamlar Yerning o‘tgan zamonlardagi tabiati yozilgan kitobga o‘xshaydi. Bu qatlamlarni o‘rganib, geologlar minglab, millionlab yillar davomida Yerda tabiat qanday bo‘lganini bilib olishadi.
Granit qatlam.
  Bir parcha bo‘r yoki ohaktoshni mikroskop ostida ko‘rsangiz, uning butunlay mayda jonivorlarning chig‘anog‘i va suyaklari ekanini bilib olasiz. Ular millionlab yillar ilgari suvda yashagan qadimgi o‘simlik va jonivorlar hamda toshko‘mir va neft qoldiqlaridir.
  Ikkinchi qavat granitdan iborat. Granit — magmatik tog‘ jinsi. U Yer qatlamlari orasiga magmaning kirib qolib, sovishidan hosil bo‘lgan. Magmani qaynoq, yonib turgan balchiqqa o‘xshatsa bo‘ladi. U sovib granitga aylanadi.
Otqindi jinslardir.
  Granit qatlamidan pastda bazal't qatlam joylashgan. Bazal't chuqurdan chiqib kelgan. U granitdan og‘ir, tarkibida temir, magniy, kalsiy mavjud. Granit va bazal't otqindi jinslardir.
Yer po‘stining har xilligi.
  Yer po‘sti materiklar va okean ostida bir xil emas. Materiklarda Yer po‘sti yuqorida ko‘rganimizdek uch qavat. Okeanlar ostida esa ikki qavat. Ya'ni faqat cho‘kindi jins qatlamlari va bazal'tdan iborat.
Yerning qattiq qobig‘i yaxlit bo‘lmay, alohida-alohida yirik bo‘laklardan- plitalardan iborat. Bu bo‘laklarni bir-biridan chuqur darzlar, yoriqlar ajratib turadi. Yer po‘sti bo‘laklari mantiyaning suyuq jinslari qatlami ustida turli tomonga siljib turadi. Bir-biriga qarshi yo‘nalishda siljiyotgan plitalar to‘qnashgan joylarda Yer po‘sti bukilib, yoysimon orollarni, tog‘larni, chekka okean botiqlarini hosil qiladi. Bularga And tog‘lari, Yaponiya orollari, Mariana botig‘ini misol qilib ko‘rsatish mumkin (Ularni xaritadan toping).
Seysmik zonalar.
Litosfera plitalari bir-biridan ajralayotgan yoki to‘qnashayotgan joylarda ular juda harakatchan bo‘ladi, tez-tez Yer qimirlab turadi. Ko‘pchilik so‘nmagan vulqonlar shu yerlarda joylashgan. Bunday joylar minglab km ga cho‘zilgan yer qimirlash — seysmik (yunoncha seismos - tebranish) zonalarni hosil qiladi.
  Endi «Litosfera plitalari» va «Yer qimirlash va vulqonlarning asosiy zonalari» xaritalarini qiyoslab ko‘raylik.
Shunda eng ko‘p vulqonlar va yer qimirlaydigan joylar litosfera plitalari tutashgan joylarga to‘g‘ri kelishini bilib olasiz. Bulardan eng yiriklari: Tinch okean «olov» halqasi, Alp-Himolay seysmik zonasi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash