Kun va tunni birga qarshi oluvchi mamlakat 

4 724

  Ha, dunyoda shunaqa mamlakatlar ham bor. Bu — Osiyo va Yevropa qit’alari bo`ylab yastanib yotgan, umumiy maydoni bo`yicha dunyodagi eng yirik mamlakat Rossiyadir.
  Hududi g`arbdan sharqqa tomon shu qadar chuzilganki, uning g`arbidagi Kaliningrad viloyatida kechki soat 21.00 bo’lib, aholi tunni qarshi olishga tayyorlansa, xuddi shu paytda uning eng sharqidagi Bering bug`ozidagi Ratmanov orolidagi kishilar ertalabki Quyoshni kutib oladi. Shu bois, Rossiyani «kun va tunni birga qarshi oluvchi mamlakat», deb aytish mumkin. Bunday hodisani dunyoning boshka hech qaysi mamlakatida kuzatmaysiz.
  Rossiyaning umumiy maydoni 17,075 mln. kv.km bo’lib, u dunyoda maydoniga ko’ra ikkinchi o’rinda turuvchi Kanadadan qariyb ikki baravar katta. Mamlakat dunyodagi kuruqlik yuzasining 11,46 foizini, Yer kurrasida aholi yashaydigan hududning 12,65 foizini tashkil etadi. Qirg`oqlarini Tinch, Shimoliy Muz va Atlantika okeani dengizlari yuvib turadi. Osiyo va Yevropa o’rtasidagi chegara Rossiyadan, Ural tog`lari va Kuma-Manich botig`i orqali o’tadi. Hududining kattaligi bois, dunyoning 16 ta mamlakati bilan chegaradosh va bu ko’rsatkich bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turadi.
  Rossiya hududining 70 foizidan ortig`ini tekislik va pasttekisliklar egallaydi. Mamlakatning g`arbida ulkan Sharqiy Yevropa tekisligi va Ural tog`laridan sharkda G`arbiy Sibir pasttekisligi yastanib yotadi. Sharqda O’rta Sibir yassi tog`ligi, Markaziy Yoqutiston tekisligi katta maydonni egallaydi. Mamlakatning janubiy va sharqiy qismlarida tog`li o’lkalar joylashgan. Janubdagi Kavkaz tog`larining shimoliy chekkalarida Rossiyadagi eng baland cho’qqi - Elbrus tog`i (5642 m) joylashgan. Sharqda Oltoy, G`arbiy va Sharkiy Sayan, Stanovoy, Sixote-Alin, Verxoyansk kabi tog` va tizmalar mavjud. Kamchatka yarimoroli va Kuril orollarida 200 dan ortiq vulqonlar bo’lib, ular dan 50 tasi harakatdadir.
  Rossiya — dengiz, daryo va ko’llar o’lkasi. Hududini Dunyo okeanining 11 ta dengizi va dunyodagi eng yirik ko’l — Kaspiy dengizi yuvib turadi. Qirg`oq chizig`ining uzunligi bo’yicha (60 985 km) Ros­siya dunyodagi kontinental mamlakatlar ichida birinchi o’rinda tu­radi. Rossiyaga qarashli dengizlarning umumiy maydoni — 8,6 mln. kv.km.
  Rossiyada umumiy uzunligi 12,4 mln. km bo`lgan 2,8 mln. dan ortiq daryolar mavjud. Ulardan 90 foizi Tinch va Shimoliy Muz okeani havzasiga tegishli. Shuningdek, mamlakatda Kaspiy dengizini hisobga olmaganda, umumiy maydoni 408,8 ming kv.km bo’lgan 2,74 mln. ta ko’llar mavjud. Ammo barcha ko’l suvlarining 96 foizi eng yirik 8 ta ko’lda yig`ilgan.
  Mamlakat hududida umumiy maydoni 56,13 ming kv.km maydonga ega 8100 ta muzlik borligi aniqlangan. Ularda 40 ming kub km chuchuk suv zaxirasi mavjud bo’lib, yiliga 110 kub km suv daryolar tomon oqadi. Shuningdek, 5 mln. kv. km maydon abadiy muzliklar bilan qoplapgan, ba’zi hududlar (Yoqutiston)da doimiy muzlok yerlarning qalinligi 1-1,5 km. ga yetadi.
  Yevrosiyo materigining shimoliy qismida joylashgani bois, (mamlakat hududining katta qismi 50-paralleldan shimolda yotadi), bu yerda arktik, subarktik, mo’tadil va qisman subtropik iqlim mintaqalari mavjud. Ammo mamlakatning asosiy qismida mu’tadil iqlim ustun. Yanvar oyining o’rtacha harorati turli mintaqalarda +6°C dan —50°C gacha, iyulniki esa +1-+25°C o’rtasida tebranadi.
  Rossiya hududidagi eng yuqori harorat (+45,4°C) juda issiq kelgan 2010-yil 12-iyulda Qalmiqistonning Utta meteostansiyasida kuzatilgan. Eng past harorat (-71,2°C) akademik S. Obru­chev tomonidan 1924-yilda Oymyakonda kuzatilgan va bu yerda ushbu ko’rsatkichni uzida mujassam etgan yodgorlik o’rnatilgan. Eng yuqori va past harorat o’rtasidagi farq (116,6°C) bo’yicha Rossiya dunyoda birinchi o’rinda turadi.
  Mamlakat hududi o’rmonlarga boy. Bu yerda dunyodagi barcha o’rmonlarning 20 foizidan ortig`i, igna barglilarning qariyb yarmi joylashgan.
  Hayvonot dunyosi xilma-xil - oq ayiqlardan morjlargacha, yulbarsu leopardlargacha yashaydi. Rossiyada 35 ta milliy bog` va 84 ta qo’riqxona mavjud. Omsk shaxri chegarasida mamlakatdagi yagona tabiiy park — «Ptichiy gavan» mavjud.
  Mamlakat tarixiy-me’moriy obidalarga boy va ular asosan, g`arbiy viloyatlarda joylashgan. Rossiyadagi 23 ta tarixiy-madaniy obida, jumladan, Sankt-Peterburgning tarixiy markazi, Moskva Kremli, Qizil maydon, Baykal ko’li va Darbanddagi Norin qal’a va boshqa bir qator obidalar YuNESKOning «Butunjahon merosi» ro’yxatiga kiritilgan.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.