Geologik tuzilishi va yer yuzasining taraqqiyoti 

13 229

O‘zbekistonning geologik tuzilishi xilma-xil bo‘lib, uning hududi, asosan, ikkita katta tektonik tuzilma, ya’ni Tyanshan orogeni tarqalgan yerlar va Turon plitasidan iborat.

Respublikamizning Tyanshan orogen qismi har xil katta-kichiklikdagi tektonik tuzilmalardan iborat bo‘lib, ulardan eng kattalari Chatqol, Qurama, Turkiston, Zarafshon burmali tuzilmalari hisoblanadi.

Turon plitasi ham har xil tektonik tuzilmalar (ko‘tarilmalar va botiqlar)dan tashkil topgan.

Orogen va plitali tektonik tuzilmalar gersin va alp tog‘ paydo bo‘lish davrlarida vujudga kelgan. Yer yoriqlari orqali bo‘lib turadigan harakatlar ta’sirida mazkur tektonik tuzilmalar har xil balandliklarga ko‘tarilgan, ba’zilari esa cho‘kkan, natijada, palaxsasimon tuzilmalar hosil bo‘lgan. Yuqorida nomlari tilga olingan tog‘ paydo bo‘lish davrlarida tektonik harakatlar bilan bir qatorda, vulqon jarayonlari ham sodir bo‘lgan. Vulqon va yer yoriqlarida sodir bo‘layotgan jarayonlar natijasida O‘zbekistondagi mavjud rudali, rangli, nodir, qimmatbaho foydali qazilmalar hosil bo‘lgan.

O‘zbekiston hududining yer yuzasi rivojlanib hozirgi ko‘rinishini olguncha uzoq va murakkab bosqichlarni bosib o‘tgan. Gersin burmali tog‘ paydo bo‘lish davrida baland tog‘ tizmalari vujudga kelgan. Keyingi geologik davrlarda denudatsiya jarayonlari natijasida tog‘lar yemirilib, ularning o‘rnida tekislik va qirlar paydo bo‘lgan. Bular yura, bo‘r va paleogen davrlarida dengiz va ko‘llar ostida qolib, ularning tagida qalin cho‘kindi tog‘ jinslari to‘plangan. O‘zbekiston hududi paleogen davrida chuqurligi 200 metrdan oshmagan oxirgi dengiz ostida bo‘lgan. O‘zbekistonning tog‘li qismida dengiz ostidan kichik-kichik orolchalar ko‘tarilib turgan. Neogen davrida respublika hududida, ayniqsa, uning tog‘li qismida yangi tektonik harakatlar boshlanganligi sababli paleogen dengizi chekinib, uning o‘rnida mavjud tog‘ tizmalari ko‘tarila boshlagan. Boshlangan yangi tektonik harakatlar juda ham turli-tuman bo‘lgan. O‘zbekiston tog‘li qismining bir joyi ko‘tarilsa, ikkinchi bir joyi esa cho‘ka boshlagan. Ko‘tarilgan joylarda tog‘ tizmalari, cho‘kkan joylarda esa tog‘ oralig‘idagi botiqlar hosil bo‘la boshlagan. Ko‘tarilayotgan joylardan yemirilgan tog‘ jinslari cho‘kayotgan joylarda to‘plana boshlagan. Bu jarayon butun neogen davrida davom etgan. Natijada, tog‘ oralig‘idagi botiqlarda qalinligi 1000 metrdan ortiq cho‘kindi tog‘ jinslari to‘plangan.

Yer tarixining antropogen davri boshlangandan keyin yangi tektonik harakatlar birmuncha o‘zgargan. Shu davrdan boshlab tog‘ tizmalari bilan bir qatorda, tog‘ oralig‘idagi botiqlar ham sekinlik bilan ko‘tarila boshlagan. Natijada, neogen davrida yotqizilgan cho‘kindi qatlamlarni daryolar yuva boshlagan, shu bilan birga, daryo vodiylarida qator daryo terrasalari hosil bo‘la boshlagan. Tog‘ oralig‘idagi botiqlarning ko‘tarilishi ularning chekka, ya’ni tog‘ tizmalariga yaqin qismlarida birmuncha kuchliroq bo‘lgan. Shu sababli botiqlarning bu qismlarida past tog‘lar (adirlar) hosil bo‘lgan.

O‘zbekiston hududining katta  qismida yangi tektonik harakatlar faol  davom  etayotganligi  natijasida kuchli zilzilalar bo‘lib turadi. Ularning kuchi 8-9 ballga yetadi.

Respublikamiz hududida oldingi asrlarda ham kuchli zilzilalar sodir bo‘lganligi tarixiy ma’lumotlardan ma’lum. Jumladan, 1240- yil Urganchda, 1797- yilda Urgutda, 1818, 1821-yillarda Buxoroda, 1868- yil Samarqandda kuchli zilzilalar bo‘lib o‘tganligi tarixiy hujjatlarda qayd qilingan.

ASOSIY FOYDALI QAZILMALARI
O‘zbekiston turli foydali qazilmalarga boy bo‘lib, ulardan biri yoqilg‘i-energetika boyliklaridir. Bularga neft, gaz va ko‘mir konlari kiradi.

Neft va gaz konlari Farg‘ona tog‘ oralig‘i botig‘idagi Shimoliy So‘x, Janubiy Olamushuk, Polvontosh, Chimyon, Sho‘rsuvda dastlab 1880-yilda ochilgan.

1992-yilda  Mingbuloq, 1993-yilda esa Ko‘kdumaloq neft konlari ochildi.

Neft va gazning katta zaxirasi Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlaridagiOdamtosh, Pachkamar, Omonota, Xovdog‘, Uchqizilda mezozoy erasi karbonat tog‘ jinslarida aniqlangan. Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining tekislik qismida ham bir qator neft va gaz konlari ochilgan. Bulardan asosiylari Sho‘rtan, Muborak, Oqjar, Sariqtosh, Jarqoq, Qorovulbozordir.

Bundan tashqari, gaz Ustyurt platosidagi Shohpaxta va Kuanish nomli joylarda ochilgan.

O‘zbekiston hududida ko‘mirning sanoat ahamiyatiga ega bo‘lgan bir nechta katta konlari mavjud. Bulardan Ohangaron (Angren) qo‘ng‘ir ko‘mir koni, Surxondaryo viloyatining tog‘li qismida yuqori sifatli Sharg‘un toshko‘mir koni joylashgan. Bu joyda Boysun ko‘mir koni ham ochilgan.

O‘zbekiston hududida bir necha qora (temir, titan, marganes, xrom), rangli (mis, qo‘rg‘oshin volfram, molibden, qalay, vismut), qimmatbaho (oltin, kumush) metall konlari ham bor. Bulardan eng asosiylari Toshkent viloyatidagi Qalmoqqir, Sariqcheku hamda Dalneye mis konlaridir. Qizilqumdagi  Muruntov, Ko‘kpatas va boshqa yerlarda oltinning katta zaxirasi ochilgan bo‘lib, uzoq yillardan buyon keng doirada qazib olinmoqda.

O‘zbekiston fosforitlarga ham boydir. Uning katta zaxirasi Markaziy Qizilqumda ochilgan. Kimyoviy xomashyolardan osh va kaliy tuzlari, oltingugurt Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlaridagi  Oqbosh, Laylimkon, Xo‘jaikonda mavjuddir.

O‘zbekiston hududi qurilish materiallariga (qum va shag‘altosh, soz tuproq, kvars qumlari, ohaktoshlar, marmar) hamda yerosti suvlariga juda boydir. O‘zbekiston hududida ko‘plab marmar konlari ochilgan. Ularning ko‘pchiligi yuqori sifatli va rangli marmarlar guruhiga kiradi. Qazib olinayotgan marmardan respublikamiz shaharlaridagi hashamatli binolarni, masalan, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri, «Istiqlol» san’at saroyi, Toshkent metrosi bekatlarini va turli yodgorliklarni bezashda foydalanilmoqda.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.