Pluton sayyora emasmi?
Pluton 1930-yilda Klayd Tombo tomonidan Arizonadagi Louel observatoriyasida kashf etilgan. Astronomlar anchadan beri to’qqizinchi sayyora bo’lishi mumkinligini tahmin qilishar va uni X sayyora deb atashardi. O’shanda 22 yoshni qarshilagan Klayd laboratoriyada fotosuratlarni solishtirish topshirig’ini olgandi. Suratlar ikki hafta farq bilan olingan bo’lib, har qanday harakatdagi jism o’zini namoyon qilardi.
Nihoyat 1 yillik izlanishlardan so’ng X sayyora kashf etilgandi. Unga nom berish huquqiga ega Louel jamoasi Pluton nomi ustida to’xtashdi (U 11 yoshli angliyalik qiz tomonidan taklif etilgan). Shunday qilib quyosh sistemasining to’qqizinchi a’zosi aniqlandi.
1978-yilda Plutonning eng katta yo’ldoshi Xaron kashf etilmaguncha astronomlar uning massasi haqida aniq tasavvurga ega emasdilar. Plutonning og’irligi Yer sayyorasi massasining 0.0021 ulushiga teng bo’lib, diametri 2400 kilometr. U quyosh sistemasidagi boshqa sayyoralarga qaraganda juda kichik.
So’nggi o’n yilliklarda fazoviy observatoriyalar tashkil etilgach, quyosh sistemasi, umuman koinot haqidagi tushunchalar o’zgarib ketdi. Pluton o’z orbitasidagi yagona sayyora emas ekan. Balki u Kuiper belbog’i deb ataladigan hududdagi ko’plab muz-tosh obyektlardan biri ekan. Kuiper belbog’i Neptundan 55 atronomik birlik narida joylashgan (1 astronomik birlik Yerdan quyoshgacha bo’lgan masofaga teng). Astronomlar bu hududdagi jismlar sonini tahminan 70 mingta deb baholashadi.
Haqiqiy muammo Kuiper belbog’ida Pluton hajmidagi va undan katta obyektlar kashf etilganda boshlandi. Eris, Sedna, Orkus, Varuna kabi obyektlar ham Pluton kabi sayyoralarmi? Ushbu masala 2006 yil 14-25 avgust kunlari Pragada o’tkazilgan Xalqaro Astronomlar Birlashmasining XXVI assambleyasida ko’rib chiqildi. Astronomlar ovoz berish yo’li bilan ushbu jismlar "taqdirini” hal qilishdi. Birinchi taklif – quyosh sistemasidagi sayyoralar sonini 12 taga oshirish; ikkinchi taklif – hammasini avvalgidek qoldirish; uchinchi taklif – sayyoralar sonini 8 taga kamaytirib, Plutonni bu maqomdan mahrum qilish.
Pluton sayyorami? Sayyora bo’lish uchun qanday talablar mavjud?
Xalqaro Astronomlar Birlashmasiga ko’ra, sayyoralik maqomini olish uchun quyidagi talablarga javob berish kerak:
Quyosh atrofida ma’lum orbitada harakatlanishi (Pluton bu talabga javob beradi);
Dumaloq shaklga kirish uchun yetarli tortish kuchiga ega bo’lishi (balki);
O’z orbitasida "qo’shnilari” bo’lmasligi. Bu jihatdan olsa, Plutonni sayyora deb bo’lmasdi.
Sayyora bo’lish uchun hajmi va tortish kuchi jihatdan o’z orbitasidagi boshqa jismlardan ustun bo’lishi kerak. Masalan, Yerning massasi Yer orbitasidagi boshqa jismlar massasidan 1.7 million marta katta. Plutonning og’irligi esa qo’shnilarining umumiy massasining 0.07 ulushiga teng. Astronomlar bu kabi 3-talabga javob bermaydigan har qanday obyektni mitti sayyoralar yoki mittivoylar deb atashga kelishishdi.
Garchi sayyoralik maqomi olib tashlangan bo’lsa-da, Plutonga bo’lgan qiziqish so’nmaydi.
Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.
Sharhlar - 1