Yuklanmoqda...

Chirchiq-Ohangaron 

2718

  Chirchiq-Ohangaron tabiiy geografik o’lkasi respublikamizning shimoli-sharqiy qismida, Sirdaryo bilan G’arbiy Tyanshan tog’lari oralig’ida joylashgan. O’lkaning shimoli-g’arbiy qismi Qozog’iston orasidagi chegaraga to‘g’ri kelib, Qorjontov bilan Ugom tizmalaridan o’tadi. Sharqiy chekkasidagi Qirg’iziston bilan chegara Talas, Piskom va Chotqol tog’lari orqali o’tadi. Qurama tizmasi o’lkani Farg’ona vodiysidan ajratib turadi. Janubi-g’arbiy chegarasi Sirdaryo bo’ylab o’tadi. Tabiiy geografik o’lka G’arbiy Tyanshan tog’larining bir qismini Chirchiq va Ohangaron vodiylirini, shningdek, Davarzin cho`lini o’z ichiga oladi.
Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari
  Bu tabiiy geografik o’lkaning yer yuzasi ancha murakkab bo’lib, shimoli-sharqdan janubi-g’arbga, Sirdaryoga tomon asta-sekln pasayib boradi. Chirchiq-Ohangaron vodiysidagi tog’lar paleozoy, mezozoy va kaynozoy eralari jinslaridan taikib topgan. Tog‘lar granit, paleozoy ohaktoshlari, qumtosh va slaneslar, tog‘ etaklari va daryo vodiylarida paleogen, neogen va antropogen davrlarining shag’al, qum va gil qatlamlari keng tarqalgan. O`lkа yer yuzasining tarkib topishi paleozoy erasidan boshlangan. Tog’lari dastlab kaledon, keyin gersin burmalanishida ko‘tarilgan, so’ngra tashqi kuchlar ta’sirida yemirilgan. Chirchiq va Ohangaron daryo vodiylarini mezozoy erasida dengiz qoplagan.
 Chotqol-Ohangaron o‘lkasining hozirgi rel`yefining vujudga kelishida antropogen davrida sodir bo’lgan jarayonlar, xususan, neotektonik jarayonlarning ahamiyati katta. Zilzilalar natijasida daryo qavirlarining o zgarib turishi buning yorqin ifodasidir. Chirchiq-Ohangaron rayoni relyefi jihatidan G’arbiy Tyanshanning bir qismi. Ular Talas 0latog‘idan janubi-g’arbga qarab panjasimon yo‘nalishga ega bo‘lib, bir-biridan daryo vodiylari orqali ajralib turadi. Ularning eng muhimlari Qorjontov, Ugom, Piskom, Ko’ksuv, Chandalash, Chotqol tizmalari hisoblanadi. 
  Chirchiq-Ohangaron o’lkasining eng g’arbida Ugom tizmasi joylashib. Talas 01atog‘idan Manas cho’qqisi (4488 m) yaqinidan janubi-g arbga qarab davom etadi. Uning eng baland Sayram cho‘qqisi 4229 m. Ugom tizmasining janubi-g’arbida Qorjontov joylashgan. Undagi Mingbuloq cho’qqisining balandligi 2834 m. Ugom va Qoijontovlarning shimoli-g’arbiy yonbag’irlari yotiq va keng, janubi-sharqiy yonbag’irlari tik va qisqa.
  Ugom tog’ining sharqida unga parallel holda Piskom tizmasi joylashgan. Uning eng baland cho‘qqisi-Beshtor 4299 m. Piskom tog‘ining janubi-sharqida, Chotqol daryosi bilan Ko’ksuv daryosi orasida Ko’ksuv tog’i joylashgan.
  Piskom tog’ining janubi-sharqida Chotqol tizmasi joylashgan. Chotqol tizmasidan shimoli-g’arbga qarab Kichik Chimyon va Katta Chimyon (3309 m) tog’lari, janubi-g’arbga qarab esa Qurama tog’i ajralib chiqadi. Uning eng baland Boboyiyob cho’qqisi 3769 metrga yetadi  Qurama tog‘ining Kamchik dovonidan Farg’ona vodiysiga tunnel orqali avtomobil yo’li o‘tkazilgan.
  O‘zbekistonning G`arbiy Tyanshandan ajralib chiqqan tog’ tizmalaridan Chirchiq va Ohangaron daryolari suv to’playdi. Bu yerda shu nom bilan ataluvchi vodiylar joylashgan. Chirchiq-Ohangaron vodiysi xilma-xil foydali qazilmalarga boy. Ohan­garon vodiysida mis, oltin, volfram, qo’rg’oshin kabi ma’dan konlari mavjud. Ohangaron vodiysi va Qorjontov etaklarida aluminiy xomashyosi — alunit topilgan. Ohangaron vodiysida chinni xomashyosi — kaolin konlari mavjud.
Iqlimi va suvlari. Tuproqlari, o`simliklari va hayvonot dunyosi.
  Iqlimi. Chirchiq-Ohangaron tabiiy o’lkasining iqlimi bir xil emas. Uning tekislik qismiga ko’proq Arktikaning sovuq hamda g‘arbdan esadigan iliq va nam havo massalarining oqimi kirib keladi. Uning yozi issiq va quruq, iyul oyining o‘rtacha harorati +27°C. Aksincha, tog‘li qismi nisbatan salqin va namroq bo’lib, iyulning o‘rtacha harorati +20°C atrofida. Yozning eng issiq kunlarida harorat tekislik qismida +44°C gacha, tog‘larda esa undan past. Qish o‘lkada unchalik sovuq emas (tog’larning baland qismi bundan istisno). Yanvarning o’rtacha harorati tekisliklarda -1-2°C, eng sovuq harorat -30°C atrofida bo‘ladi. Okrugning tog’li qismida qish tekislikka nisbatan sovuq, yoz esa salqin, yanvarning o‘rtacha harorati -2°-14°C (Chorvoqda -2,1°C, Chotqolda — 14,2°C), iyulning o’rtacha harorati +17 +24°C (Chorvoqda +24,5°C, Chutqolda +17,3°C). Eng sovuq harorat—32°C, eng issiq harorat +42°C.  Yog‘in okrug bo’yicha notekis taqsimlangan, eng kam yog’in tekislik qismining janubi-garbiga to’g’ri kelib, 250—300 mm bo‘lsa, shimoli-sharq tomon ortib borib 550 mm dan G’arbiy Tyanshan tizmalarining nam havoga ro’para yonbag’irlariga 2000 mm gacha yog’in tushadi. Yog’inning asosiy qismi bahor va qish oylariga to’g’ri keladi.
  Suvlari. 
 Chirchiq-Ohangaron tabiiy geografik o’lkasining eng yirik daryosi—Chirchiq va Ohangaron daryolaridir. Chirchiq daryosi Talas Olatog’i, Chotqol, Piskom, Qoijontov va Ugom tog’laridan suv oladi, Chotqol va Piskom daryolarining qo’shilgan joyi Chirchiq deb ataladi. Chirchiq daryosining Chotqol, Piskom, Ko’ksuv va Ugom kabi irmoqlari mavjud. Chirchiq daryosi tekislikka chiqqach unga o’ng tomondan Qizilsuvsoy, Qoraqiyasoy, Oqtoshsoy, chap tomondan Qoranqulsoy, Galavasoy, Oqsoqotasoy, Parkentsoy, Zarkentsoylar qo’shiladi. Chirchiq daryosi suvini 100 foiz desak, shuning 55 foizi Chotqolga, 36 foizi Piskomga, 9 foizi Ugom va boshqa irmoqlariga to’g’ri keladi. Chirchiq-Ohangaron tabiiy o’lkasida kichik ko’llar ko’p. Ularning eng kattalari Shovulko’l (maydoni 0,4 km2, suv hajmi 3,9 mln. m kub), Katta Arashon ko’li (maydoni 0,12 km.kv, suv hajmi 0,56 mln. m.kub).
    Tuproqlari. 
  Chirchiq-Ohangaron tabiiy o’lkasining tuproqlari xilma-xil. Ular tekislik qismidan tog’ga tomon o’zgarib boradi. Chirchiq va Ohangaron vodiylarining quyi qismida bo’z tuproqlar tarqal­gan. Ular o’zlashtirilgan bo’lib, madaniy bo’z tuproqqa aylangan. O’lkaning 300-500 m gacha baland bo’lgan joylarida och tusli bo’z tuproqlar tarqalgan, ularning tarkibidagi chirindi miqdori 1-1,5 foiz. 500-1200 m balandliklarda tipik va to’q bo’z tuproqlar tarqalgan. Ularning tarkibidagi chirindi miqdori 4-6% ga boradi. O’lkaning 1200-2500 m balandliklarida qo’ng’ir tog’-o’rmon va jigarrang tog’-ormon tuproqlari tarqalgan bo’lib, uning tarkibida chirindi miqdori 10% ga boradi.   2500 m dan yuqorida tog’-o’tloq, tog’-botqoq, toshloq-shag’alli tuproqlar tarqalgan.     
O‘simliklari.
  Chirchiq-Ohangaron vodiysida 300-500 metr balandlikda, asosan, efemer va efemeroid o’simliklar lolaqizg‘aldoq, rang, qo‘ng‘irbosh, bug’doyiq, javdar, oq kavrak kabilar o’sadi. O’lkaning 500-1200 m balandliklarida qo‘ng‘irbosh, bug’doyiq, kakra, bo‘tako‘z, marmarak, sariqchoy,butalardan do‘lana, tog‘olcha, achchiq bodom uchraydi. 1200-2500 m balandliklarda har xil o’tlar (bug’doyiq, chalov, betoga, shirach va h.k.), bodom, do‘lana, zirk, archa, yong‘oq, zarang, Tyanshan yeli, qayin, tol, terak, olma, olcha va boshqalar o’sadi. 2500 m dan yuqoridagi subalp va alp o’tloqlarida mushukquyruq, taran, qiziltikan, Alp lolasi va boshqalar o‘sadi. 
  Hayvonot dunyosi. 
 Daryo sohillaridagi to’qaylarda chiyabo‘ri, quyon, qush­lardan o‘rdak, g‘oz va qirg’ovullar yashaydi. Tekislik va tog‘ etaklarida sudralib yuruvchilar (kaltakesak va ilon), kemiruvchilar (yumronqoziq, toshbaqa, hasharotlar), shuningdek, tulki, bo‘ri, bo‘rsiq, qushlardan kaklik uchraydi. Tog’larda ayiq, to’ng’iz, kiyik, hatto qor barsi ham yashaydi. Qushlardan bedana, kaklik va kalxat, ulor va burgut bor.
 Daryolarida laqqabaliq, cho’rtanbaliq, marinka, suv omborlarida zog’orabaliq, olabug’a uchraydi. O’lkaning o‘simlik va hayvonlarini muhofaza qilish uchun Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi tashkil etilgan. Bu qo‘riqxonada bug‘u, oq va ko’k kaptar, g’urrak, bedana, timoqli ayiq, qor barsi, таlla sug`ur, to’ng’iz, yelik yashaydi. Ulardan qor barsi (irbis) va malla sug‘ur (Menzbir sug‘uri) YUNESKOning «Qizil kitob»iga kiritilgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash