No`mon Dolimov 

4 229

 

No`mon Dolimovich Dolimov 
Geografiya fanlari nomzodi, dotsent, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi 
 Geografiya fanlari nomzodi, dotsent, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi No`mon Dolimov 1906-yil 1-fevralda Toshkentning Sag`bon mahallasida Dolimbek hoji bilan Marziyabonu oilalarida dunyoga kelgan. Mirzo Ulug`bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti (Hozirgi O`zMU), uning Geografiya fakulteti tarixida o’z barakali va sermazmun hayotining katta qismini malakali geograf mutaxassislar tayyorlashdek murakkab va oliyjanob ishga bag`ishlagan N.D.Dolimovning o’z munosib o’rni bor. N.D.Dolimov o’zining yoru-birodarlari, hamkasblari, shogirdlari qalbida o’chmas iz qoldirgan, kamtarin, to’g`ri so’z, odil tashkilotchi va yuksak fazilatli inson edi. 
 1935-yilda Toshkent shahrida V.G.Belinskiy nomidagi kechki pedagogika instituti huzurida tashkil qilingan geografiya fakultetining birinchi talabalaridan bo’lgan N.D.Dolimov, 1940-yilda mazkur o’quv yurtini tugatgach, o’sha vaqtlarda o’lka tabiiy geografiyasining markaziga aylangan O’rta Osiyo davlat universitetining geologiya-tuproqshunoslik-geografiya fakultetiga o’qituvchi bo’lib keldi. 
 N.D.Dolimov fakultetga kelgan dastlabki kunlaridanoq dars berish bilan birga ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug`ullana boshladi. Unga o’sha vaqtlardagi mashhur tabiiy geograflardan biri, taniqli sayyoh, O’rta Osiyo tabiatining shaydosi professor N.L.Korjenevskiy ilmiy rahbarlik qildi. Izlanish ob’ekti qilib Nurota tog`lari hududi tanlandi. 
  1946-yil kuzida geografiya fakulteti dekani lavozimiga N.D.Dolimov nomzodining tavsiya etilishi va tayinlanishi fakultet ishlarini yanada jonlantirib yubordi. Buni fakultet tarixidagi alohida voqea deb hisoblasa bo’ladi.      
N.D.Dolimovning keng qamrovli olim, mohir pedagog, hayotning ko’p pastu-balandliklaridan xabardor ekanligi, kamtarin va zukko, xushta’b inson ekanligi, o’z ustozlariga beqiyos hurmat bilan, shogirdlariga izzat bilan yondoshish kabi muhim insoniy fazilatlari geografik adabiyotda keng yoritilgan. 
  Biz tavsiflashga harakat qilgan ustoz N.D.Dolimovning dekanlik davridagi tashkilotchilik xususiyatlari shu yillardagi fakultet taraqqiyotida o’z aksini topgan. Bu davrda fakultet jamoasi o’zining bor salohiyatini o’quv jarayonini yanada takomillashtirishga, talabalarning nazariy bilimlarini, amaliy ko’nikmalarini yanada chiniqtirishga, ularda ilmiy-tadqiqot ishlari malakasini hosil qilishga, ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirishga va ularning natijalari asosida ilmiy monografiyalar nashr ettirishga qaratdi. Shuningdek, O’zbekistonda geografiya ta’limini rivojlantirishga, metodik adabiyotlar, darslik va o’quv qo’llanmalari, o’quv xaritalari, atlaslari, terminologik lug`atlar yaratishga ham munosib hissa qo’shdi. Ushbu ishlarni maromida amalga oshirishda N.D.Dolimovning o’zi dekan sifatida bosh-qosh bo’ldi. 
Ustoz N.D.Dolimovning o’lkamiz uchun yuqori malakali geograf mutaxassislar tayyorlab berishdagi ko’p yillik mehnatlari 1970-yilda "O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan Fan arbobi” unvoni bilan munosib taqdirlandi. Ustoz xotirasi doimo qalbimizda.  
 N.Dolimovning "Zarafshon vodiysi”, "O’rta Osiyo”  va boshqa ko’plab maqolalari geografik bilimlarni ommalashtirishga ozmi-ko’pmi o’z hissasini qo’shgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.